
Bahrom Haydarov: "Bizga natija chiroyli o‘yindan ko‘ra muhimroq edi"
Superliga 7-turidan o‘rin olgan “Qoʻqon-1912” — “Xorazm” (1:0) bahs yakunlanganidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“Muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Avvalgi uchrashuvlarda “Xorazm” to‘pni juda yaxshi nazorat qila olishini ko‘rsatgan edi. Jamoada juda mahoratli futbolchilar yig‘ilgan. Bunday raqibga qarshi qiyin uchrashuv bo‘lishi aniq edi. Shu sababli, biz ko‘proq qarshi hujumlarga asoslangan o‘yin rejasini tanlagan edik. Raqib xatosidan foydalanib, gol ura oldik. Raqib esa o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi. Bugun bizga natija chiroyli o‘yindan ko‘ra muhimroq edi” — deya fikr bildirdi Bahrom Haydarov bugungi uchrashuv haqida.
- Tanaffusda futbolchilarga nimalar dedingiz? Sababi jamoangiz ikkinchi bo‘limni juda yaxshi boshladi...
- Biz hisobda oldinga chiqib olganimizdan so‘ng, raqibimiz yanada ko‘proq kuch bilan hujumga o‘ta boshladi. Biz esa yigitlarga yuqoriroq pozitsiyalarda raqibni kutib olishimiz kerakligini aytdim. Ayrim bir vaziyatlarda rejalarimiz ish berdi, ammo jamoamiz hali yosh. Tarkibimizda Superligada endigina debyut qilayotgan futbolchilar bor. Hattoki Shota Superligada endi debyut qildi. Beshimov va Kondratyuk kabi futbolchilarga biroz ishonch etishmayapti, ammo ularning mehnati bilan mana shunday natijalarga erishyapmiz.
- Bugun Shota Gvazava yana maydonga qaytdi. Gvazavaning bugungi o‘yini haqida fikr bildirib o‘tsangiz...
- Shota bugun jamoaga ancha foyda keltirdi. Tayanch yarim himoyachi pozitsiyasida etishmovchilik bor edi, ammo u hali jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emas edi.
- Ikkinchi bo‘limda Shahzod Beshimov biroz yolg‘izlanib qolgandek. Uning yoniga yana bir hujumkor futbolchini maydonga tushirsangiz bo‘lmasmidi?
- Biz Egor Kondratyukni zaxiraga olmoqchi edik. Sababi, u biroz charchab qoldi va o‘zi ham shuni aytdi. Egor bugungi o‘yinga biroz tayyor emas edi. Raqib havo orqali o‘ynashni boshlagani sababli Jasur Yoqubovni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik.
- Iqbol Malikjonov uchta o‘yinga chetlatildi. Sizning fikringizcha futbolchiga juda ham qattiq jazo qo‘llanilmadimi?
- Malikjonov bizning futbolchimiz bo‘lgani tufayli engilroq jazo kutgan edik, albatta. Biroq so‘nggi ikkita chetlatishda o‘zimizning aybimiz bor. Shu sababli hech qanday e’tiroz bildira olmaymiz.
- Jamoangiz qizil kartochkalar bo‘yicha etakchi bo‘lib turibdi. Futbolchilarga imkon qadar qizil kartochkadan qochish kerakligini aytganmisiz?
- Futbolda kichik detallar ham katta rol o‘ynaydi. Biz har bir epizodlarga tayyorgarlik ko‘rganmiz. Har bir majlisimizda ushbu haqda gaplashganmiz. “Surxon”ga qarshi kechgan o‘yindan oldingi nazariy mashg‘ulotda faqatgina kartochkalar mavzusini ko‘targan edik. Futbolchilarimiz hali yosh va raqib provokatsiyasiga uchishi mumkin. G‘ofurovdan tashqari qolgan barcha chetlatishlar ataylab qilinmagan edi.
Fikrlar