Bahrom Haydarov: "Hakam menga o‘z qarorini tushuntirdi. Bo‘ldi, e’tirozim yo‘q"
Superliganing 27-turidan o‘rin olgan “Mash’al” hamda “Qo‘qon-1912” bellashuvi 1:0 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Qo‘qonliklar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov matbuot anjumanida mag‘lubiyat sabablarini aytdi.
- Turnir jadvalida bir-biriga yaqin turgan klublar uchrashishdi. O‘ylaymanki, teng o‘yin bo‘ldi. “Mash’al”ga ham, bizga ham g‘alaba kerak edi. Shu sababli maydonda kurashlar ko‘p yuz berdi. O‘yinni yaxshi boshladik. Uchrashuv biz o‘ylagandek nazoratimiz ostida ketayotgandi. Biroq bunday oson gol o‘tkazib yubormasligimiz kerak edi. Goldan so‘ng jamoamizda ozgina asabiylashish paydo bo‘ldi. Imkoniyatlardan foydalana olmaslikda sovuqqonlik etishmadi. 0:0 paytida Dastida vaziyat bo‘ldi, Hasanovda ham. Ushbu imkoniyatlardan foydalanganimizda boshqacha bo‘lardi. Umumiy oladigan bo‘lsak, o‘yin teng kurashlar ostida kechdi. “Mash’al” jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman.
- Siz tarafdan hakamlarga e’tirozlar ko‘p bo‘ldi. Aynan qaysi vaziyatlar uchun e’tirozlarni bildirdingiz?
- O‘yin chog‘ida xissiyotlar bo‘ladi. Hakamlikka kelsak, ularni ishini baholaydigan mutaxassislar bor. Penalti berilishi mumkin bo‘lgan vaziyatda har qanday murabbiyda yutqazayotganda xissiyotlarga berilish bo‘ladi. Ozgina e’tirozim bor edi, hakam keldi va unga gapirdim. Bir-birimizni tushundik. Kim xato yoki noto‘g‘ri qilganini hakamlar o‘zlari tahlil qilishadi. Bunday e’tirozlar bo‘lib turadi. Lekin hakamni jiddiy haqoratlash bo‘lgani yo‘q. Hakam menga o‘zini qarorini tushuntirdi. Bo‘ldi, e’tirozim yo‘q. O‘zimiz vaziyatlardan foydalanganimizda bunday bo‘lmasdi. Hamma ayb o‘zimizda. Oldinda yana uchta o‘yin turibdi. O‘ylaymanki, oldimizga qo‘yilgan vazifani bajaramiz.
Fikrlar