Bahrom Haydarov: "Qarshi hujum ham "Nasaf"ni kuchli quroli"
“Nasaf” - “Qo‘qon-1912” (3:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Bahrom Haydarov qatnashdi.
- “Nasaf” birinchi o‘rinda ketyapti. Bu jamoa haqida ko‘p narsa gapirsa bo‘ladi. Munosib qarshilik ko‘rsatmoqchi bo‘ldik. Har bir bir o‘yin va undagi ochko tilloga teng. Shuning uchun hech bo‘lmaganda durangga erishishga harakat qildik. Bugungi uchrashuvda “Nasaf” jamoasi to‘pga egalik qilish bo‘yicha bizdan ustunroq edi. Shunga qaramasdan oz bo‘lsa-da, imkoniyatlarimiz bo‘lishini bilardik. Lekin imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Bunda “Nasaf” darvozaboni va himoyachilarini katta hissalari bor. Umumiy o‘yinni oladigan bo‘lsak, munosib qarshilik ko‘rsata oldik, deb o‘ylayman. 3:0 hisobidagi mag‘lubiyat murabbiy sifatida men uchun yoqimsiz. Futbolchilarga rahmat aytaman, ular har bir to‘p uchun kurashishdi. Norchaev, Cherandek va Nasrullaev kabi futbolchilar xatolarni kechirishmaydi. Hech bo‘lmasa ochko olish uchun bunday xatolar qilmaslik kerak edi.
- Uchrashuvda jamoangizda juda ko‘p qulay imkoniyatlar bo‘ldi. Golga aylantirishda shogirdlaringizga nima etishmadi?
- Buni har xil ta’riflash mumkin. Mahorat yoki sovuqqonlik deyishimiz mumkin. Mashg‘ulotlarda bunday vaziyatlardan bemalol foydalanishadi. Jamoamizdagi ko‘p o‘yinchilar hali katta darajada o‘ynashmagan. Ozgina bosim bo‘lyapti, o‘ziga ishonch etarli emasdir, kutmagan holatlari bo‘ladi va kutishmaydi ham. Shular ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Yana Norchaevga qaytsak, hozir vaziyat bo‘ladi deydi va gol uraman deb yuradi. Bizni futbolchilar imkoniyatlarni kutishmaydi. Sovuqqonlik, mahorat etishmadi, deb o‘ylayman.
- O‘zingiz “Nasaf”da to‘p surgansiz. O‘shanda ham guvohi bo‘lganmizki, “Nasaf” hujumkor o‘yin namoyish qilardi. O‘sha paytdagi futbol bilan hozirgisida nima o‘zgardi? “Nasaf” misolida ham aytishingiz mumkin.
- Aqlliroq futbol namoyish etilmoqda. Har bir soha borgan sari rivojlanyapti. O‘sha paytdagi “Nasaf” bilan hozirgisini farqiga kelsak, har xil vaziyatlar bor. Bugun ham ko‘rdikki, kimgadir bilindi, kimgadir bilinmadi - goldan keyin orqaga o‘tishi, qarshi hujumlarda o‘ynashi - aqlliroq futbol paydo bo‘ldi. Bozorovga o‘xshagan tezkorlik bilan qarshi hujumga o‘tadigan o‘yinchilari bor. Qarshi hujum ham “Nasaf”ni kuchli quroli. Oldin bir xil futbol edi. Hozir “Nasaf” hujumda ham, qarshi hujumda ham, himoyada ham o‘ynay oladi. Hozir taktikaga, strategiyaga e’tibor berilyapti. Oldin kuchli futbolchilar ko‘p edi. O‘z pozitsiyasida individual mahorati yuqori o‘yinchilar evaziga natijalarga erishilardi. 2000-yillardagi futbol shunaqa edi. Individual o‘yinchilarga ko‘proq tayanilardi. Murabbiylarni ham saviyalari oshdi.
- Lekin u paytlarda muxlislar futbolni hozirgiga nisbatan maza qilib tomosha qilishardi...
- To‘ppa-to‘g‘ri aytyapsiz. Hozir progmatik futbolga o‘tib ketilyapti. Natija birinchi o‘ringa chiqyapti. Murabbiylarni ham, rahbarlarni ham tushunish kerakki, hamma natija xohlaydi. Hozirgi futbolda hamma himoyalanishni, qarshi hujumda o‘ynashni bilib oldi. Hujumkor futbol o‘ynasangiz tezda joyingizga solib qo‘yishadi. Faqatgina hujumkor futbolga tayanmaslik kerak. Buni butun dunyo futbolida ko‘rib turibmiz. Hujumkor o‘yinni ko‘rsatish tavakkalroq ish, deb o‘ylayman.
- Muhammadanas Hasanov va Shoxruh Gadoevni nega almashtirdingiz? Ular jamoani asosiy kuchlari-ku!
- Har xil vaziyat bo‘ladi. O‘yin chog‘ida miyangizga turli xil fikrlar keladi. Futbolchilarni holatini biz bilamiz. Qanchaga chidash mumkin vahokazo. O‘yinda “Nasaf”ga tashabbus o‘tib ketganidan keyin o‘rtada ham qarshilik ko‘rsatishga harakat qildik. Xusanov ham zaxiradan tushdi va yomon o‘yin ko‘rsatmadi. Bizda raqobat yaxshi. Zaxiradan maydonga tushayotganlar ham o‘yinni kuchaytira olishyapti. Yanada tetikroq o‘yinchilar maydonga tushishi uchun boshqalarga ham imkoniyat beryapmiz.
- Penalti ishlangan vaziyatda himoyachi oxirgi chorasini qo‘lladi, deb hisoblaysizmi yoki...
- Himoyachiga e’tirozlarim bor, buni ko‘rib chiqamiz. Futbolchi saviyasi oshishini, kuchliroq klublarda, legioner bo‘lib o‘ynashni istasa bunday oddiy xatolar qilmasligi kerak. To‘g‘ri, balki ulgurmay qolgandir. Ammo, baribir harakat qilish kerak, to‘p qo‘liga tegsa penalti bo‘lishi mumkin, degan hayolida bo‘lishi lozim. 0:0 bo‘lib turgan paytda bunday bo‘lishi ta’sirini ko‘rsatdi. “Nasaf”dek jamoaga qarshi o‘yinda hisobda orqada qolish va holatdan chiqib ketish qiyin masala. O‘yinchimiz bilan o‘yinni qayta ko‘rib chiqib, boshqa bunday xato qilmasligini o‘rgatamiz. Penalti bo‘lmaganda balki vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin edi.
- Nima deb o‘ylaysiz, bu yil kim chempion bo‘ladi?
- Bu qiyin masala. Yaqinda ham shu haqida savol berishdi. 5 ta tur qoldi. “Neftchi” bilan “Nasaf” da’vogar. Ikkala jamoani o‘ziga, ochko yo‘qotish yoki yo‘qotmasligiga bog‘liq. Kimdir “Nasaf”ni raqiblari qiyinroq, “Neftchi”niki osonroq deyishyapti. Oson raqibni o‘zi yo‘q. Chempion bo‘lmoqchi bo‘lgan jamoa har bir raqibni yutishi kerak. Ular bir-biriga yaqin ketishyapti, ochko yo‘qotishga haqqilari yo‘q. O‘tgan yili “Nasaf” chempion bo‘ladi deb aytganman. Bu yil biroz raqobat bor. Hamma ko‘rib turibdi. Ikkala jamoaga omad tilayman.



Fikrlar