Bahrom Haydarov: "Qo‘rqsangiz o‘yinchi almashtirmasligingiz kerak"
“Qo‘qon-1912” jamoasi Superliganing 19-turida o‘z uyida “Surxon” klubini qabul qildi. Qiziqarli o‘tgan uchrashuvda maydon egalari 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, navbatdagi muhim uch ochkosini qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyin “Qo‘qon-1912” bosh murabbiyi Bahrom Haydarov fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Og‘ir o‘yin bo‘ldi. “Surxon”ni bilamiz, har bir jamoaga qiyinchilik tug‘diryapti. Barqaror klub. Necha yildan beri aksariyat futbolchilari birga o‘ynashyapti. Shuning uchun og‘ir kechdi. Bellashuv boshida gol urganimiz salbiy ta’sir ko‘rsatdimi, deyman, ular boricha oldinga intilishdi. Biznikilar xato qilishga qo‘rqib o‘ynashdi. Buni ustida, ruhiy taraflama ko‘p ishlayapmiz. Qo‘rquvni yo‘qotishimiz kerak. “Sho‘rtan” bilan uchrashuvda ham sezilgandi. Yigitlarga rahmat aytish kerak, nima bo‘lsa ham chidab oxirigacha harakat qilishdi. Xatolar kam bo‘ldi, deb o‘ylayman. To‘p nazorati tabiiyki, yutqazayotgan jamoada bo‘ldi. Tezkor qarshi hujumlarga o‘tishga harakat qildik. To‘p bizdaligida ozgina sovuqqonlik ham etishmadi. Boshida gol ursangiz ko‘pchincha shunaqa o‘yin bo‘ladi.
- FIFA kunlari munosabati bilan o‘rtada tanaffus bo‘ladi. Nazorat o‘yinlari bo‘ladimi?
- Albatta. Bu haqida o‘ylayapmiz. Reja qilganmiz. Oldinda “Buxoro” bilan o‘yinimiz turibdi. Butun fikru xayolimiz bo‘lajak uchrashuvga qaratilgan. Turnir jadvalida ko‘tarilishimiz uchun har bir uch ochko bizga suv va havodek zarur bo‘lyapti. FIFA kunlarida albatta nazorat o‘yinlari o‘tkaziladi. Faqat qaerda o‘tishi noma’lum. O‘tgan yili ham bunday holatlarga tushganmiz. Bu birinchi marta emas. O‘ylaymanki, o‘yin amaliyotini ko‘tarib, mashg‘ulot jarayonlarimizni ham shunga tashlaymiz.
- Hisob qaltis bo‘lib turgan paytda Datsi bilan Gadoevni maydondan oldingiz. Bu tavakkalchilik emasmidi?
- Tavakkal qilmasangiz bo‘lmaydi-da. Har bir o‘yinchi almashtirishimiz natija qanaqa bo‘lishidan qat’iy nazar tavakkalchilik. Chunki o‘yinchini o‘yinga qanaqa qo‘shilib ketishini oldindan bila olmaysiz. Kimdir ruhiy, yana kimdir jismoniy tayyor bo‘lmasligi mumkin. Xolto‘raevni jarohati bor edi, raqib o‘rtada to‘pni ko‘proq nazorat qilganligi uchun markazni kuchaytirishga harakat qildik. Fazliddinov, Xusanov, Malikjonovni o‘rtaga olib o‘tdik. Shuni hisobiga ham oxirida o‘yinimiz qovushishni boshladi. Qo‘rqsangiz o‘yinchi almashtirmasligingiz kerak.
- Shoxruh Gadoev sport formasiga kirib boryapti. Terma jamoaga ham chaqirilishi mumkinmi?
- Superligada 16 ta jamoa bo‘lsa, nafaqat Superliga, balki pro liga jamoalarida ham o‘zini ko‘rsatsa har bir futbolchida imkoniyat bor, terma jamoaga eshiklar ochiq bo‘ladi. Terma jamoa murabbiylari ham yaxshi o‘yinchilarni xohlashadi. Bizni jamoadan ham terma jamoaga chaqirilsa, masalan, Haydarov, Fazliddinov kabi iqtidorli futbolchilarimiz bor. Abror Karimov ham yaxshi tomondan o‘zini ko‘rsatyapti. Har bir klubni maqsadi va rejasida terma jamoalarga o‘yinchi tayyorlash bo‘ladi. Biz ham o‘yinchilarnimizni chaqirishsa xursand bo‘lardik.

Fikrlar