
Baqoev shogirdlarining qulog‘iga nimani "quyib" qo‘ygan? Yoxud "Paxtakor"ni quruq qo‘l bilan qaytarish yo‘lini bilib oldi!
Nihoyat, klublar yozgi lagerdan qaytishdi. Muxlislar tezroq chempionat davom etishini kutishdi, boisi ularning qisqa fursat ichida yana futbolni sog‘inib qolishgani bilindi. Shuning uchun ikkinchi davra start olishi bilanoq ajiotaj boshlanib ketdi. Jamoalar shiddatli va hujumkor o‘yinlarni taqdim etishga kirishib ketishdi.
Navbatdagi 15-tur 10-12 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Ungacha birinchi davradagi 11-turning qoldirilgan ikkita o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Turnir jadvaliga qarasangiz, to‘rtta klub boshqalardan bitta kam o‘yin o‘tkazgan. Shu munosabat bilan 6 hamda 7 avgust kunlari Coca Cola Superligada 11-turning qoldirilgan uchrashuvlari o‘tkaziladi. Shanba kuni Jizzaxda “So‘g‘diyona” bilan “Paxtakor” bellashsa, yakshanba kuni Samarqandda “Dinamo” “Nasaf”ni “mehmon” qiladi.
Hozir musobaqa jadvalida kurash qizg‘in ketyapti. Ayniqsa, chempionlik uchun kurashishga qo‘shilgan jamoalar soni ortgani kishini quvontirmasdan qo‘ymaydi. 6 avgust kuni aynan chempionlik yo‘lida jiddiy kurashayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi o‘yin barchamizning e’tiborimizda bo‘lishiga shubha yo‘q. Gap qaysi juftlik haqida ketayotganini payqadingiz-a? “So‘g‘diyona” – “Paxtakor” qarama-qarshiligi chindan ham markaziy maqomga ega. Turnir jadvalida ham ikkala klub yonma-yon turibdi. “Paxtakor” ham, “So‘g‘diyona” ham 13 ta o‘yinda 26 tadan ochko jamg‘arishdi. Toshkentliklar 2, jizzaxliklar 3-o‘rinda. O‘tgan turda “So‘g‘diyona” o‘z maydonida “Bunyodkor” darvozasiga javobsiz ikkita gol urib g‘alaba qozongan bo‘lsa, “Paxtakor” Maksim Shatskixning debyut o‘yinida autsayder “Dinamo”ni qiyinchilik bilan 3:2 hisobida taslim qildi.
Endi shunday vaziyatki, ushbu juftlikda g‘olib chiqqan jamoa 1-o‘ringa ko‘tarilib oladi. Hozirda peshqadam bo‘lib turgan “Navbahor”ning hisobida 14 ta uchrashuvdan so‘ng 28 ochko mavjud. Shunday ekan, namanganliklarga Jizzaxdagi bahsda durang qayd etilgani ma’qul. Ana shunda “Navbahor” peshqadamligini saqlab qola oladi. Biroq “So‘g‘diyona”ni ham, “Paxtakor”ni ham istagi g‘alaba qozonib 1-o‘ringa ko‘tarilish.
Ushbu jamoalarning o‘zaro uchrashuvlar tarixidan so‘zlaydigan bo‘lsak, 52 ta to‘qnashuv o‘tkazib bo‘lingan. Kutilganidek, “Paxtakor” katta tafovut bilan ustunlik qilmoqda. “So‘g‘diyona” faqat 6 ta uchrashuvda yutgan bo‘lsa, “Sherlar” 41 marta raqibini tiz cho‘ktirgan. Yana 5 ta bellashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbatida ham farq shunga yarasha. Ya’ni, “So‘g‘diyona” 40 ta, “Paxtakor” esa 125 ta gol urgan.
Ha, “Paxtakor” So‘g‘diyona”dan juda sezilarli darajada ustunlikka ega. Lekin oxirgi yillarda vaziyat o‘zgargandek. Masalan, 2021 yilgi chempionatda “Paxtakor” birinchi davrada ham, ikkinchi davrada ham “So‘g‘diyona”ni mag‘lub etish yo‘lini topa olmagan. Toshkentda 0:0, Jizzaxda 1:0 hisobida maydon egalari zafar quchgan. Qizig‘i, 2020 yilgi birinchilikda ham “So‘g‘diyona” o‘z uyida “Paxtakor”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratishning uddasidan chiqqandi.
Ko‘rib turganingizdek, “So‘g‘diyona” “paxtakor”chilarni oxirgi ikki yildan beri Jizzaxdan quruq qo‘l bilan qaytarmoqda. Demak, Baqoev buning yo‘lini bilib olgan. Endi “Paxtakor” uchun Jizzaxdan ochko bilan qaytish mashaqqatga aylanib boryapti. Boz ustiga “Sherlar”ning Maksim Shatskix qo‘llayotgan uslubga moslashishiga vaqt kerak. “So‘g‘diyona”da esa allaqachon Baqoevning chizgilari ko‘zga tashlanib turibdi. O‘tgan turda “Paxtakor” autsayder “Dinamo”ga qarshi qiynaldi. Yutgan bo‘lsa-da, kamchiliklari ko‘rindi. Ayniqsa, himoya chizig‘i “ta’mirlashga” muxtojdek. “So‘g‘diyona” barqaror, bir tekisda o‘ynaydi. Barcha pozitsiyalarida teng saviyadagi o‘yinchilar jamlangan va ular o‘yin balansini bir me’yorda ushlab tura oladilar. Ayniqsa, natijaga qanday erishishni yaxshi bilishadi. Bu yo‘lda Ulug‘bek Baqoev shogirdlarining qulog‘iga kerakli so‘zlarni aytib “quyib” qo‘ygan. "Paxtakor"ni juda yaxshi biladigan mutaxassis navbatdagi bahsda ham g‘alabali yurishini davom ettirsa bundan hech kim ajablanmaydi. Chunki uning jamoasi endi chempionga qarshi qanday o‘yin ko‘rsatishni yaxshi biladi.
Fikrlar