“Barsa”ga oʻt, hozirgidanoq koʻproq maosh olasan
Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” Germaniya chempionatida “Borussiya Dortmund” sharafini himoya qilayotgan o‘ng qanot himoyachisi Yulian Ryuersonni nishonga oldi.
Kataloniyaliklar tajribali futbolchini joriy mavsum yakunlangach, yozgi transfer oynasi davrida o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
Bu haqida Bild nashri jurnalistlari xabar tarqatdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 28 yoshli futbolchi dortmundliklar safida yiliga 5 million yevro miqdorida maosh olmoqda. Agar u “Barsa” safiga ko‘chib o‘tsa, daromadi bundan yuqori bo‘lishi ta’kidlanyapti.
Nemis klubi norvegiyalik o‘yinchini sotishni istamaydi, ammo agar “Barselona” Ryuerson bo‘yicha juda foydali taklif kiritса, Dortmund klubi transferga ko‘nishi mumkinligi aytilmoqda.
Joriy mavsumda Ryuerson barcha musobaqalarda 29 ta o‘yinda ishtirok etib, 13 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2028 yil yozigacha amal qiladi.
Fikrlar