“Barsa”ning 100 million evrolik futbolchisiga ikkita katta xaridor chiqdi
Iste’dodli futbolchilarni tarbiyalashga ixtisoslashgan akademiyaga ega bo‘lgan “Barselona” yana bir daromadli transferni amalga oshirishi mumkin.
Caught Offside nashri tarqatgan ma’lumotga qaraganda, kataloniyaliklarning iqtidorli o‘yinchisi Mark Kasadoga Angliya Premer-ligasining ikki grand klubi – “Arsenal” va “Chelsi” og‘iz solmoqda.
Manbaga ko‘ra, 21 yoshli futbolchining klub bilan tuzgan shartnomasida uni 100 million evroga transfer qilishni kafolatlovchi band bor.
“Barselona” UEFA va La Liga tomonidan belgilangan moliyaviy feyr-pleyni buzmasligi uchun yozgi transferlar davrida o‘yinchi sotishiga to‘g‘ri kelyapti. Ekspertlarning ta’kidlashicha, bu vaziyat “Barselona” mutasaddilarini Kasadoga belgilangan narxni pasaytirishga majbur qiladi.
Kasado o‘tgan mavsumda 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga bitta gol va oltita assist rasmiylashtirib qo‘ydi. Uning kataloniyaliklar bilan amaldagi shartnomasi yana uch yil davom etishi belgilangan.

Fikrlar