
"Barselona" qayta tug‘ilmaydi! Klub omadsizlik arafasida turibdi
Kataloniya klubi tez orada katta o‘zgarishlarni amalga oshirishni maqsad qilmoqda. 2021/22 yilgi futbol mavsumida Xavi shogirdlari La Ligada ikkinchi pog‘onani band etgan bo‘lsa, Evropa Ligasida "Ayntraxt"dan alamli mag‘lubiyat qabul qilib, chorak finalda yurishini to‘xtatdi. Ortda qolgan mavsumdagi natijalarni qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Azaliy raqibi - "Real" fonida bu yanada ayanchli ko‘rinadi. Qirollik klubi EChL va ichki birinchilikda zafar quchgach, yangi mavsum oldidan xotirjam ta’tilga chiqdi. Shunday ekan, Evropa Ligasi g‘olibi "Ayntraxt"ga boy berilgan uchrashuvdan so‘ng klub islohotlarga juda ham muhtoj ekanligi sezilib qoldi.
So‘nggi paytlarda "Barselona" transfer bozoridagi eng faollardan biri, biroq amalda hech narsa yo‘q. Rahbariyatning rejalar masshtabi juda katta. Xavi esa, kelasi mavsumga qadar kamida 8 ta yuqori darajadagi futbolchini sotib olib berishni talab qilmoqda. Buning uchun yozda tarkibdagi 12 ta charm to‘p ustasiga "javob" berib yuborilishi lozim.
Sesar Aspilikueta, Markos Alonso, Andreas Kristensen, Frank Kesse, Ruben Nevesh, Rafinya, Kalidu Kulibali, Vissam Ben-Yedder, Raxim Sterling va Robert Levandovski Xavining short-listidan o‘rin egallagan bo‘lsa, Neto, Samuel Umtiti, Oskar Mingesa, Kleman Langle, Riki Puch, Adama Traore, Martin Breytueyt i Lyuk de Yong "Kamp Nou"ni tark etishga asosiy da’vogarlardan. Umuman olganda, Xavi hamma narsani oyog‘ini osmondan qilib bo‘lsada, kuchliroq jamoa qurishga intilmoqda. Afsuski, barchasi u o‘ylaganidek oddiy emas.
Bir nechta yangi futbolchi bilan kelishuv yakuniga etgan. Kristensen va Kesse tez orada erkin agent maqomida Kataloniyaga ko‘chib o‘tishi aniq bo‘lib ulgurdi. Ro‘yxatdagi boshqalar uchun millionlarni sarflash kerak. Kun tartibidan o‘rin egallagan asosiy savol ham shu, aslida. Qanday qilib "ko‘k-anorrangililar" bu ishni uddalaydi? Achinarlisi shundaki, klub tekinga qo‘lga kiritgan futbolchilarini ro‘yxatdan o‘tkazishining o‘zida ham muammolarga duch keldi. Serxio Roberto bilan shartnoma uzaytirilgani borasida esa, uzoq muddat rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.
Jamoaning transfer siyosati so‘nggi yillarda keskin yomonlashdi. Ayni damda klubning transfer limiti -144 million evro! Bu La Ligadagi eng yomon ko‘rsatkich. Bunday holat qishki transfer oynasi chog‘ida Ferran Torresni tarkibga qo‘shib olishda katta muammolarni keltirib chiqargandi. Bu safar ham erkin agentlarni bir ammalab ro‘yxatdan o‘tkazishning iloji topilar, biroq yangi transferlar imkonsizdek ko‘rinmoqda.
Klub vaziyatdan chiqib ketish maqsadida ancha jiddiy qadam tashlash arafasida. Jamoa istagan ijrochilarni xarid qilishi uchun 700 million evro pul ajratiladi. ESPN nashrining ma’lum qilishicha, bu summani rahbariyat La Liga teletranslyatsiyasidan kelib tushadigan foydadan ko‘rmoqchi. Ya’ni, uning 25 foiz huquqini "Barselona" sotadigan bo‘lsa, bu 500 million evroga teng bo‘lishi aytilmoqda. Qolgan 200 million evro esa, klub brendi va merch dizayni huquqining 49,9 foizini sotish orqali ishlab olmoqchi.
Rejalar katta, ammo ularni hali direktorlar kengashi rasman tasdiqlaganicha yo‘q. 16 iyun sanasida shu masalalar ko‘rib chiqiladi. Klub prezidenti Joan Laporta hammasi yaxshi yakunlanishiga ishonmoqda.
"Xavotir olma, transferlar bo‘ladi!"
Aynan shu jumlani prezident Xavi bilan shaxsan o‘zi ko‘rishganda aytgani haqida bir nechta manbalar ma’lum qilmoqda. "Barsa"ning moliyaviy ahvolini yaxshi bilsada, ispaniyalik mutaxassis bu so‘zlarga ishonishini aytdi. Hozir, jamoaning asosiy maqsadi "Bavariya" forvardi Robert Levandovski bo‘lib turibdi. Polyak to‘purari Ispaniyaga ko‘chib o‘tmoqchi ekanligini rasman e’lon qildi. Hujumchining klubi bilan tuzgan shartnomasi 2023 yilda yakuniga etadi. Nemislar forvarddan ayrilayotgani uchun yaxshigina pul undirib olishga urinishi turgan gap.Voqealar rivojini chetdan kuzatayotgan La Liga rahbari Xaver Tebas ham jim turgani yo‘q:
"Kataloniya klubi nima qilish kerakligini biladi. Ular bizning iqtisodiy qonun-qoidamiz bilan yaxshi tanish. Bu qoidalar jamoalarimizni murakkab ahvolda qoldirmaslik uchun o‘ylab topilgan. To‘g‘risi, "Barsa" qanday yo‘l tutishini bilmayman. Balki ular de Yong, Pedri yoki Pepito Peres (ispaniyalik taniqli masxaraboz) transferi orqali vaziyatdan chiqib ketar.
Hozir muammoni bartaraf etish formulasi juda sodda ko‘rinishda. Futbolchilarni sotish va foydani ko‘paytirish. "Barselona" so‘nggi yillarda trasnferlar ortidan bir necha yuz millionlarni boy berdi. Ayni damda bu xatoni takrorlamaslik va moliyaviy ahvolni biroz yaxshilash kerak. "Real" buni his qilgan holda, transferlardan tiyilmoqda. Bugungi "Barsa" esa, Robert Levandosvkini tarkibga qo‘shib olishga kuchi etmaydigan darajaga kelib qoldi".
Ancha keskin, biroq achchiq haqiqat. Hozir "Barselona" sotish imkoni bo‘lgan barcha narsani o‘rtaga tikib, vaziyatni yaxshilab olmoqchi, ammo bu vaqtinchalik, xolos. Yillar o‘tib, translyatsiya huquqi va klub brendidan keladigan daromad kattalashadi. Bundan jamoa bir chetda qolib, boshqalar daromad oladi. Mayli, barchasi reja asosida bo‘ldi deylik. Xavi istagan 8 futbolchisini oldi. 12 o‘yinchi klubni tark etdi. Xo‘sh, bir yilda EChLda zafar quchishga qodir "Barselona"ni yaratish mumkinmi? Har holda, o‘yin amaliyoti va jamoaviy ruh ham juda muhim. "Ko‘k-anorranglilar" avvalgi darajasini tiklab olgan taqdirda ham, moliyaviy muammolarni to‘liq engib o‘ta oladimi? Katta ehtimol bilan, yo‘q! Klubga tegishli narsalarni sotish orqali kelajakda keladigan daromadlarning 50 foizidan mahrum bo‘lgach, porloq kelajak haqida faqat orzu qilish mumkin. Laporta o‘z boshqaruvi chog‘ida jamoani bir sakrab "botqoq"dan olib chiqmoqchi.
Unga hozir bundan boshqasi ikkinchi darajada. Shunday ekan, yozda Levandovski hamda boshqa transferlarni sodir bo‘lishiga ishonish mumkin, ammo "Barselona" avvalgidek super klub maqomini qaytarib olishi tobora haqiqatdan yiroqlashib bormoqda.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev tarjimasi
Fikrlar