
Husanov, xotirjam bo‘l, sheriging ketmaydi!
“Manchester Siti”ning muhim o‘yinchisiga aylanib borayotgan qanot himoyachisi Riko Lyuisning o‘yinidagi o‘sish boshqa klublarning ham e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
Angliya Premer-ligasida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan “Nottingem Forest” rahbariyati “shaharliklar”dan Jeyms MakEytini olganidan keyin Riko Lyuisni ham so‘ray boshladi.
“Manchester Siti” o‘yinchilariga xaridorlarning ko‘payib ketishiga chempionat arafasida bosh murabbiy Xosep Gvardiola tarkibni qisqartirish va bir necha futbolchilarga javob berish lozimligi haqidagi gaplar turtki bo‘ldi.
20 yoshli Riko Lyuis anchadan beri o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyada Mateush Nuneshning soyasida qolib ketayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumning o‘zida barcha turnirlarda 44 ta o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Yangi mavsumda juda kuchli boshlagan angliyalik himoyachi taqdirini “Manchester Siti” bilan bog‘lashga va boshqa klublarga o‘tmaslikka qaror qildi.
- Shaxsan o‘zim klubdan ketishimni hech qachon tasavvur ham qilib ko‘rmaganman. Har doim “Siti”da o‘ynashni istaganman. Bu mening orzum.
Men hozir atrofimda jamlangan futbolchilar bilan o‘ynashim menga eng yaxshi o‘yinlarimni namoyish qilish imkonini beryapti va men bundan juda baxtiyorman.
Tabiiyki, hamma ham muayyan kafolat va kelajagi xavfsizligini istaydi. Lekin baribir hamma narsa yana o‘zimga bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun ham o‘zimni ko‘rsatishda davom etishim kerak. Men o‘tgan mavsum oldingisiga qaraganda ko‘proq o‘ynadim. Shu bois, maqsadim bitta va aniq – asosiy tarkibdagi joyimga egalik qilish, - dedi Riko Lyuis.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Manchester Siti”ning eng noxzik nuqtasi o‘ng qanot himoyachi hisoblanadi. Jamoani Kayl Uoker tark etganidan keyin bu nuqtada asosan Mateus Nunes va Riko Lyuis o‘ynab kelmoqda. Angliya futboli mutaxassislari o‘ng qanot himoyasida bu ikki o‘yinchi o‘rnini asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanov to‘liq yopa olishini alohida tilga olyapti.
21 yoshli o‘zbekistonlik legioner o‘tgan mavsum Evropa Chempionlar ligasi doirasida “Real”ga qarshi Madridda o‘tkazilgan uchrashuvda himoyaning o‘ng tomonida o‘ynab, Vinisius Junior va Kilian Mbappe kabi yulduzlarga qarshi munosib o‘ynagan edi.
Xosep Gvardiola yozda AQSh mezbonlik qilgan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida Birlashgan Arab Amirligining “Al-Ayn” jamoasiga qarshi bahsda ham Abduqodirni xuddi shu pozitsiyada sinab ko‘rdi.
Demak, endi boshlangan mavsum davomida “Manchester Siti” o‘ng qanotini Mateus Nunes va Riko Lyuis himoya qilib boradi. Abduqodir Husanov esa, zarur pallada himoya markazidan o‘ngga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Fikrlar