Bartomeu "Real" so‘rovi bo‘yicha moliyaviy hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortdi
"Barselona"ning sobiq prezidenti Jozep Bartomeu Negreyra ishi doirasida "Real" tomonidan so‘ralgan moliyaviy hujjatlarni taqdim etishni rad etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda "Barselona" va uning rahbariyati Ispaniya Hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA)ning sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga amalga oshirilgan to‘lovlar bo‘yicha pora berishda ayblangan edi. Sud bu to‘lovlarni jinoyat sifatida baholab, 2001 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan davrda Negreyraga bir necha million yevro o‘tkazilganini qayd etgan.
Ma’lum qilinishicha, sud jarayonida xususiy ayblovchi sifatida ishtirok etayotgan "Real" Negreyraga qilingan to‘lovlar bilan bog‘liq hujjatlar, jumladan, audit tekshiruvlari, moliyaviy tahlil hisobotlari va yillik hisobotlarni so‘rab chiqqan.
"Marca" nashri "Que t’hi Jugues" dasturiga tayanib xabar berishicha, Bartomeu o‘z advokati orqali sudyaga murojaat qilib, "Real" so‘roviga javoban qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etmasligini bildirgan. Uning fikricha, Madrid klubi bu hujjatlarni sud jarayonidan tashqari maqsadlarda ishlatishi mumkin.
Bartomeu tomonidan berilgan bayonotda ta’kidlanishicha, 18 yillik davrni qamrab olgan to‘liq huquqiy va moliyaviy hisobotlar nafaqat suddagi raqib, balki sport va moliya sohasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqib tomonidan so‘ralmoqda. Shuningdek, mazkur hujjatlar "Barselona"ning ichki moliyaviy va tijoriy faoliyatiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi, ular esa sud ishiga aloqasi bo‘lmagan maqsadlarda qo‘llanilishi mumkinligi qayd etilgan.
Bayonotda, shuningdek, Bartomeu prezidentligi davriga tegishli barcha to‘lovlar va ko‘rsatilgan xizmatlar ish materiallarida mavjud ekani, taqdim etilgan hisobotlar aynan uning rahbarlik qilgan davriga to‘g‘ri kelishi alohida ta’kidlangan.
Fikrlar