Baxtiyor Hamidullaev: Hujumchilarimizning miyasida sen gol ura olmaysan, degan gap o‘rnashib qolgan

  • 10 sentabr, 2020, 19:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Coca-Cola Superliganing 14-turidan o‘rin olgan “Andijon” hamda “Lokomotiv” jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Hamidullaev jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Tecno

- O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, bugun g‘alaba qozonishimiz mumkin edi, - deya gap boshladi Hamidullaev. - Birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham golli imkoniyatlarni yaratdik. Lekin birinchi davrada hujumchilarimiz qanday bo‘lsa, hozir ham shunday, ular hali gol urgani yo‘q. 65-70- daqiqalardan so‘ng jamoa charchab qolyapti. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha muammo bor. Biz esa hali qisqa fursat ichida hech nimaga ulgurganimiz yo‘q. Garchi maydonda bir futbolchi ko‘p bo‘lsak ham jismoniy tarafdan qiynaldik.

- Bungacha Farhod Bekmurodov jamoa sardori edi, lekin bugun Abdulloh Olimovga sardorlik bog‘ichi topshirildi. Bu sizning qaroringizmi yoki jamoaningmi?

- Kecha jamoa a’zolari bilan yig‘ilishda kim sardor bo‘lishini xohlaysizlar, deya ovoz yig‘dik. So‘rovnomada esa, men hali ko‘rmagan Zozulya eng ko‘p ovoz to‘plabdi. Ikkinchi o‘rinda Abdulloh Olimov va undan so‘ng, Qahramon Bahodirov ko‘p ovozga ega bo‘ldi. Shuning uchun Olimov sardor sifatida to‘p surdi.

- Siz yaxshi hujumchi bo‘lgansiz. Jamoangizdagi hujumchilar esa, mashg‘ulotdan tashqari ham o‘z ustida ishlaydimi?

- Ishni endi boshladik. Dastlab, himoyaga e’tibor qaratgandik. Menimcha, bugun mudofaa chizig‘imiz yomon o‘ynamadi. Faqat birgina xato tufayli biz jarima zarbasidan gol o‘tkazib yubordik. Umuman, himoyadagi kamchiliklarni yo‘qotyapmiz. Hujumchilarimiz bilan alohida ishlashga hali vaqt bo‘lmadi. Lekin albatta, ular bilan jiddiy shug‘ullanamiz. Besh kundan keyin yana o‘yinimiz bor va hujumchilarga qo‘ldan kelganicha tushuntiryapmiz. Imkoniyatlar bo‘lyapti, faqat foydalana olishmayapti. Hujumchilarimizning miyasida esa sen gol ura olmaysan, degan gap o‘rnashib qolgan. Agar bitta gol ursa, keyin “ochilib” ketishadi.

- Xushnud Avilov asosan qanotdan o‘ynardi. Bugun esa u markaziy himoyada to‘p surdi.  

- Nigeriyalik Emmanuelga to‘g‘risi ishonch unchalik yuqori emas. Mashg‘ulotlar davomida yigitlar ko‘rsatmalarni bajarishyapti-yu, lekin u o‘z ustida yaxshi ishlamayapti. Bor kuchi bilan harakat qilmayapti. Men kelgunimga qadar, Avilovni o‘sha pozitsiyaga tayyorlab turishgan ekan. Lekin Avilov varianti yomon chiqmadi va u yaxshi o‘ynadi.

- Zozulyani qaytarish masalasi nima bo‘lyapti?

- 8 sentyabrda kelishi kerak edi, ammo kela olmadi. Lekin shu kunlarda kelishi kutilyapti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Mirali Hcerali
10/09/2020 20:05
Хеч бу'лмаса иккинчи лига жамоалари билан назорат у'йин у'тказиб голлар уриб болаларда у'зига ишонч у'йготиш керак