Belbog‘li kurash. Polvonlarimiz jahon chempionatida kuchli uchlikdan joy olishdi
Joriy yilning 15-18 dekabr kunlari Rossiyaning Qozon shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Quvonarlisi, mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov boshchiligidagi terma jamoamiz ham ishtirok etib, munosib natijalarni egallashga muvaffaq bo‘lishdi. Belbog‘li kurash bo‘yicha yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Baxtiyor Turg‘unpo‘latov shogirdlari 30 dan ortiq davlatlardan 300 nafarga yaqin kuchli sportchilar ishtirokidagi ushbu jahon chempionatida belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida jami 6 ta oltin, 6 ta kumush va 24 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, ushbu nufuzli musobaqada xalqaro toifadagi hakamlarimizdan Miranshoh Ro‘ziev, Elmurod Abdullaev, Ne’matillo To‘ychiev, Abduqaxxor Egamov va Sergey Txaklar hakamlik vazifasida ish olib borishdi.

Yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Jasurbek Nishonboev (57 kg.), Arofatxon Muhammadova (48 kg.), Shaxlo Kalmuratova (52 kg.), Sevara Shajenova (66 kg.), Akbarjon Sobirov (57 kg.) hamda Baxtiyor Sanginovlar (+100 kg.) barcha raqilarini engib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. G‘oliblarimiz sharafiga bayrog‘imiz eng baland hilpirab, madhiyamiz baralla yangradi.
Ilhom RAHMONOV tayyorladi.



Fikrlar