Bellingem uchun 150 million evro taklif keldi! “Real” uni sotadimi?
“Real Madrid” klubi jamoaning 22 yoshli hujumkor futbolchisi Jud Bellingem uchun 150 million evrolik taklif oldi. Angliyalik o‘yinchi jamoadagi asosiy figuralardan hisoblanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu taklif Bellingemnning yurti Angliyadan, yanada aniqroq aytganda, “Manchester Yunayted”dan bo‘ldi.
“Old Trafford” egalari Bellingemni Angliyaga qaytarishga intilmoqda. Klub uni o‘z sport loyihasining yangi yuz qilishni xohlaydi va buning uchun katta moliyaviy resurslarini sarflashga tayyor.
150 million evro — ko‘pchilik uchun rad etib bo‘lmaydigan summa bo‘lsa-da, “Real” rahbarlariga bu kamlik qiladi. Madridliklarning javobi aniq: Jud Bellingem hech qanday pulga sotilmaydi.
“Qirollik klubi” Bellingemni 130 million evroga xarid qilganiga ikki yildan oshdi va angliyalik futbolchi jamoaning muhim o‘yinchilaridan biri darajasiga ko‘tarildi.
Bellingem futbolchilik faoliyatidan tashqari klub uchun media va savdo aktiviga aylandi. Uning imiji, shaxsiyati va muxlislar bilan aloqasi klubga uni faqat maydondagi hissasi uchun emas, balki “Real Madrid” brendini dunyoga namoyish etuvchi simvol sifatida baholash imkonini berdi.
Angliyadan tarqatilayotgan xabarlarga ko‘ra, “Manchester Yunayted” birinchi taklifi rad etilgani bilan Bellingemni olish harakatini to‘xtatmaydi. Chunki klub xo‘jayinlari bu Judni o‘z loyihasini tiklash uchun ideal o‘yinchi, deb biladi. U manchesterliklarga jamoa yarim himoyasini o‘zgartiradigan va klubni Evropa elitasiga qaytara oladigan etakchi sifatida ko‘rinyapti.
Shu bois, “Yunayted” yanada kattaroq summa berishi mumkin. Keyingi taklif 180 million evrodan yuqoriroq bo‘lishi kutilyapti.
Fikrlar