
"Berdievda top-futbolchilar yo‘q, ammo jamoaning o‘yin uslubi raqibni "sindirdi" - "Nasaf" OChLda qaergacha borishi aytildi
Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etayotgan klublarimizning ishtiroki hozir barchaning e’tiborida bo‘lib turibdi. Afsuski, O‘zbekiston chempioni hisoblangan “Paxtakor” xafsalalarimizni pir qildi. Lekin “Nasaf” bunday emas. Bu jamoa muxlislar ishonchini oqlayapti.
Kecha Qatarning etakchisi – “Al-Sadd” jamoasiga qarshi shunday o‘yin namoyish etdiki, Ro‘ziqul Berdievga faqat tasanno aytish mumkin. “Paxtakor”ning alamli mag‘lubiyatidan biroz tushkunlik kayfiyati paydo bo‘lgandi, ammo “Nasaf” yana umid baxshida qildi. O‘zbek murabbiylaridan biri Jasur Abduraimov esa bu borada o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
- “Nasaf”ning o‘yinida 90-95 foiz bosh murabbiy va uning shtabi zo‘r ishlayotgani ko‘rinyapti, - deya gap boshladi, Abduraimov. - Ularning ishi zamonaviy ko‘rinishda. Hozirda barcha top-klublar pressing qo‘llashyapti. Masalan, kechagi o‘yinda “Nasaf”ning birinchi golini ko‘rdingizmi, bu pressing. Birinchi navbatda Ro‘ziqul Berdievning mehnati yotibdi. “Nasaf”ning o‘yini menga yoqyapti. Ha, kichkina xatolar bor. Jamoa o‘yinida shunday sxema bo‘lyaptiki, bir, ikki, uch va to‘p oldinda. Nazorat yaxshi bo‘lyapti va to‘p ham havoda emas, pastda. Futbolchilar yaxshi harakat qilishyapti.
- Suhrob Nurulloevni qanday ochilayotganini ko‘ryapsizmi? Sharof Muhitdinov, Husayn Norchaev, Akmal Mozgovoy kabi o‘yinchilar ham juda ajoyib. Mozgovoy hujumchi bo‘lmasa ham ikkita gol urdi. “Nasaf” futbolchisi to‘pni yo‘qotsa, darhol ikki-uchtasi uni qaytarishga tayyor turibdi. O‘zbek murabbiyi o‘z darajasini ko‘rsatyapti. Bunday yo‘nalishda ishlash oson emas. Lekin “Nasaf”da jamoa bor. Ya’ni, jamoaviy o‘yin yaqqol ko‘rinyapti. Raqib “Al-Sadd”, u erda qanday futbolchilar borligini ko‘ring. “Al-Sadd” “Nasaf”ning o‘yin uslubi fonida ko‘rinmay ketdi.
- Bilasizmi, agar “Nasaf”ning tanlagan yo‘li va jamoa o‘yini yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistondagi 5-6 ta klub ishlaydigan bo‘lsa, chempionatimiz qanday darajada kuchayadi? Holbuki, Ro‘ziqul Berdievda top-futbolchilar yo‘q. Uning jamoasida iqtidorli o‘yinchilar va yoshlar bor. Berdiev tanlagan yo‘nalishda uning futbolchilari qanday o‘ynayapti-a?! Kerak bo‘lsa hujumchisiz ham o‘ynay oladi. Ammo hujum qilayotganida 5-6 nafari gol urishga shay bo‘lib turadi. Qo‘llayotgan pressingini qarang, “Nasaf”ning o‘yin uslubi raqiblarni “sindiryapti”. Natijada raqiblar birinchi va ikkinchi pasni bera olishmayapti, kerak bo‘lsa jarima maydoni ichidan chiqa olishmayapti. “Nasaf”ni o‘yini va g‘alabasidan xursandman, qoyil. “Al-Sadd” – bu Xavi ishlagan jamoa, qanday futbolchilar borligini bilasiz. Lekin “Nasaf” ushbu klubni “eb” qo‘ydi.
- O‘ylashimcha, “Nasaf” bemalol guruhdan chiqadi. Asosiysi, jamoada o‘yin bor. Omad ham kerak, albatta. Shunday o‘ynab tursa va omad yuz o‘girmasa yarim finalgacha chiqa oladi. Albatta, kim bilan o‘ynashiga ham bog‘liq. Shunday raqiblar borki, ularning safidagi futbolchilarda ijrochilik mahoratlari bo‘ladi.
- Men “Pro” litsenziyasi uchun o‘quv kursida Ro‘ziqul Berdiev bilan birga o‘qidim. Bizda yaxshi murabbiylar bor, faqat ularga ishlash uchun etarlicha imkon berish kerak. Mana, Berdiev o‘z saviyasini ko‘rsatyapti. U bir necha yildan beri “Nasaf”da ishlayapti. To‘g‘ri, futbolda natija bo‘ladimi-yo‘qmi, buni oldindan aytish qiyin. Shu bois murabbiylik ishi ham tavakkalchilikka o‘xshaydi. Murabbiylarimiz mashg‘ulotdagi ish uslublarini va yo‘nalishlarini o‘zgartirishi kerak. Hamma Berdiev kabi ishlasa saviyamiz kuchayishi aniq. Biz texnik va aqlli futbol o‘ynaymiz. Ro‘ziqul shundan kelib chiqib ish qilyapti.
- “Paxtakor”ning guruhda qolib ketishini kutmagandim. To‘g‘ri, “Paxtakor” “Nasaf”ga qaraganda kuchli. Chunki chempion jamoa tarkibidagi o‘yinchilar kuchliroq. Lekin hozircha “Paxtakor”da o‘sha kuchli jihati ko‘rinmayapti. “Nasaf”ga qarasangiz, ular to‘psiz ham yaxshi o‘ynayapti. “Paxtakor”da ham golli imkoniyatlar bo‘ldi, balki ularga omad etishmagandir. Faqat raqib o‘yinchilarini vaqtida yopa olmadi, - dedi murabbiy.
Fikrlar