Biri hali yutqazmagan, ikkinchisi esa yutmagan. Superligada ilk bor yoxud "boshsiz chavandoz"ga qarshi

  • 17 aprel, 2023, 00:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bu tur derbilarga boy o‘tyapti-a? Avvaliga vodiy derbisi - “Navbahor” bilan “Andijon”, keyin poytaxt derbisi - “Metallurg” – OKMK, endi bo‘lsa yana bir vodiy derbisi ham borki, mazkur o‘yinni ham bir chetga surib bo‘lmaydi. Bu “Neftchi” hamda “Turon” jamoalari ishtirokidagi bahsdir. Bu nafaqat vodiy derbisi, balki Farg‘ona viloyati derbisi desak ham bo‘laveradi.

Tecno

Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, “Neftchi” hamda “Turon” klublari o‘rtasidagi uchrashuvning ahamiyati yanada ortishi shubhasiz. Bugun, 17 aprel sanasida Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida soat 17:00 da boshlanadigan uchrashuvda tabiiyki ikkala jamoa muxlislari ham bo‘ladilar va albatta “Neftchi”niki ko‘proq. Chunki bu viloyatning bosh jamoasi.

O‘yinga doir asosiy ma’lumotlardan biri shuki, “Neftchi” bilan “Turon” Superligada ilk bor to‘qnash keladilar. Shu jihatdan olib qaraganda, bu tarixiy uchrashuv maqomida. Ha, bungacha “Neftchi” bilan “Turon” rasmiy o‘yinlarda maydonda kuch sinashishgan. Faqat unda Superliga emas, balki pro liga doirasida bo‘lib o‘tgan.

01.12.2020.

"Neftchi" - "Turon"  - 0:1

15.11.2020.

"Turon" - "Neftchi"  - 0:2

28.10.2020.

"Neftchi" - "Turon"  - 1:1

21.09.2020.

"Turon" - "Neftchi"  - 1:1

istiqlol_1

Ko‘rib turganingizdek, bo‘lib o‘tgan 4 ta o‘yin pro liga doirasida kechgan va hozircha kuchlar teng bo‘lib turibdi. Ikkala jamoa hisobida bittadan g‘alaba bor va shuningdek, 2 tadan durang ham. To‘plar nisbati 4/3 “Neftchi” foydasiga. Yana qaytaramiz, bular faqat pro ligadagi qarama-qarshiliklar. Superligada esa ushbu jamoalar o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha mana endi yangi sahifa ochmoqdalar. Lekin jamoalarning oxirgi o‘yini yodingizdami? O‘sha katta janjal keltirib chiqargan bahsda “Turon” 1:0 hisobida yutib “Neftchi”ni pro ligada qoldirib ketgan va o‘zi Superligaga yo‘l olgandi. Buni farg‘onaliklar hali unutishgani yo‘q.

Derbi hamma vaqt o‘z nomi bilan derbi. Unda klublarning egallab turgan o‘rinlari ahamiyatsiz bo‘lib qoladi. Buni qarangki, navbatdagi derbi oldidan qiziq holat mavjud. “Neftchi” turnir jadvalini peshqadam sifatida boshlab kelayotgan bo‘lsa, “Turon” autsayder sifatida yakunlab turibdi. Payqagan bo‘lsangiz, jamoalar derbiga turli xil kayfiyatlarda etib kelishdi. “Neftchi”ning natijalari rejadagidek bo‘lsa, “Turon”da hammasi aksincha. Yaypanliklar 5 ta o‘yinda 2 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etishdi. Hozircha g‘alaba qozona olgani yo‘q. Xuddi shuningdek, “Neftchi”ning kuragi hali erga tekkani yo‘q, mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelyapti.

baxa1_1

“Turon”da vaziyat qiyin. Boisi, kuni kecha bosh murabbiy sifatida ishlab kelayotgan Baxtiyor Ashurmatov iste’foga chiqarildi. Ko‘pchilik unga “Neftchi” bilan o‘yinga oxirgi imkoniyat berilsa kerak, degan taxminda edi. Ammo rahbariyat bu uchrashuvni kutib turmadi-da, Baxtiyor A’zamovichni ishdan bo‘shatishdi. Hali uning o‘rniga yangi bosh murabbiy tayinlagani yo‘q. Eshitishimizcha, jamoani o‘yinga yordamchi murabbiylardan biri tayyorlayapti ekan. Bosh murabbiyni iste’fosi futbolchilarning kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi katta ehtimol. Chunki aksariyat o‘yinchilarni Ashurmatov taklif qilgan. Hozirgi pallada “Turon” go‘yoki “boshsiz chavandoz”ga o‘xshab qolgan. Oldinda esa “Neftchi” misolida katta bir qoya turibdi. Murabbiy ketgani o‘yinchilarga qanchalik ta’sir qilganini o‘yin davomida ko‘rib olish mumkin. Biroq yuqorida ta’kidlaganimizdek, har qanday holatda ham derbi o‘z nomiga va maqomiga mos ravishda o‘tsa kerak. Qolaversa, bu viloyat derbisi ham sanaladi va bunda har doim ikkinchi jamoa birinchi raqamli raqibini mag‘lub etish istagida “yonadi”.

“Neftchi”ning shashti baland. Buni o‘yinlaridan, natijalaridan va turnir jadvalidagi holatidan bilib olish qiyin emas. Shunday ekan, ruhiy ustunlik mezbonlar tarafida bo‘lishi mumkin, lekin eng asosiysi, baribir jamoalarning o‘yinga ko‘rilgan tayyorgarligi yakunda o‘z so‘zini aytadi.

Shuhratbek Jo‘raev.    

"Yana imkon bersa bo‘lardi" - "Turon" futbolchisi Ashurmatovning iste’fosi va klubdagi vaziyat haqida gapirdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Dolche& Gabana
17/04/2023 12:53
Турон ютади бугун