Biz odamlarning fikrini o‘zgartira olmaymiz - Ominaxon Valixanova bilan samimiy suhbat
O‘zbekiston ayollar futbolida yangi avlod paydo bo‘lyapti - fidoyi, jasur va o‘ziga ishonadigan futbolchilar. Shulardan biri - Omina Valixanova. U 3 yildan buyon professional futbolda. Birinchi jamoasi "Paxtakor", hozirda esa "Lokomotiv" safida to‘p tepadi. Shuningdek, u katta tennis, futzal va futbolni bir yo‘la olib borayotgan, shijoati bilan yosh qizlarga motivatsiya berayotgan sportchi sanaladi.
Biz u bilan ayollar futbolining ichki muammolari, rivojlanish bosqichi va kelajakka bo‘lgan ishonchi haqida samimiy suhbatlashdik:
- Siz bir vaqtning o‘zida ham futzal, ham futbol jamoalarida harakat qilyapsiz. Har ikkala yo‘nalishda o‘ynash sizni qanday shakllantirmoqda?
- Hozirgi kunda ayollar futboliga ham e’tibor qaratishyapti.Avvalgiga nisbatan o‘sish borligini ham ko‘rishimiz mumkin. Qo‘ldan kelgancha, hamma narsa bilan ta’minlashga harakat qilishyapti. Men o‘ylaymanki,bu to‘xtab qolmaydi, kundan-kunga yana ham e’tibor oshadi.O‘zingiz yaxshi bilasiz, e’tibor bo‘lgan joyda, o‘sish, rivojlanish bo‘ladi.

- Ayollar futboli haqida gap ketganda ko‘pincha "sharoit etarli emas", degan fikrlar quloqqa chalinadi. Sizningcha, muammo faqat infratuzilmadami yoki mentalitet ham to‘siq bo‘lyaptimi?
- Mentalitetga keladigan bo‘lsak, biz odamlarning fikrini o‘zgartira olmaymiz. Negativ fikrlar ham bo‘ladi, to‘g‘ri tushunadiganlar ham bor. Shuning uchun, hamma oldiga qo‘ygan maqsadi sari boshqalarni fikriga ahamiyat bermagan holda, yurishi lozim. Agar inson kimningdir fikriga qaram holda yashaydigan bo‘lsa, hech qachon rivojlanmaydi, yuksalmaydi. Shuning uchun hammani o‘z fikri, dunyoqarashi bor. Shuning uchun negativlarni to‘g‘ri qabul qilamiz, bizni qo‘llab-quvvatlab turganlardan esa mamnunmiz.

- Futbol va futzal maydonida sizni har doim energiyali, fidoyi ko‘ramiz. Biroq maydondan tashqarida Omina qanday inson? O‘yin bosimi, tanqidlar va charchoq bilan qanday kurashasiz?
- Uchrashuv davomida bor kontsentratsiya nafaqat menda, balki boshqalarda ham faqat o‘yinda bo‘ladi. Hamma jon kuydiradi va natija biz uchun juda ham muhim. Bunda kontsentratsiyada bo‘lish katta ahamiyatga ega. Maydondan tashqarida Ominaxon juda quvnoq, pozitiv inson deb bemalol ayta olaman. Charchoqlardan qutilishga keladigan bo‘lsak, uyqu hamda o‘zim yaxshi ko‘rgan ish bilan shug‘ullanib charchoqni engishga harakat qilaman.

Sizningcha, bugungi yosh futbolchi qizlar nimaga ko‘proq ahamiyat berishi kerak? Ayollar futbolida muvaffaqiyat uchun eng muhim narsa iste’dodmi, intizommi yoki ishonch?
- Meni fikrimcha, futbolchilar internet tarmoqlariga qiziqib bo‘sh vaqtlarini o‘tqazib yubormagan holda, mana shu yosh davri qaytib kelmasligini inobatga olib, biror kasbni egallashlarini so‘ragan bo‘lardim. Qaysi yo‘nalishda bo‘lishdan qat’i nazar, o‘z yo‘lini topib olish muhim. Mana shu yoshi qaytib kelmasligini unutmagan holda, harakat qilishlarini xohlagan bo‘lardim. Ayollar futbolida talant ham katta rol o‘ynaydi, lekin iste’dod bo‘lib, mehnat qilmasa, bu hech qanaqa natija bermaydi. Shuningdek, intizom hamma joyda katta rol o‘ynaydi. Intizom bor joyda muvaffaqiyat qozonish oson, g‘alabalarga yo‘l ham aynan u orqali.
Suhbatlashdi: Fotima Fayzieva
Fikrlar