"Biz uchun o‘yin kuni bayram, maqsadimiz kuchli uchtalikka kirish" yoxud "Olimpik" a’zosiga Rossiyaning "Dinamo"si qiziqib qolgandi. Futbolchining o‘zi nima deydi?
Superliganing eng yosh va shu bilan birga debyutant jamoasi – “Olimpik” hayron qoldirishda davom etyapti. Oxirgi marta may oyida yutqazgan klub endi hech kimga bo‘yin egmayapti.
Kuni kecha “So‘g‘diyona”ni qabul qilgan “Olimpik” kuchli raqibini mag‘lub eta oldi. O‘yinni faol o‘tkazgan Ruslan Jiyanov esa Sports.uz muxbirining savollariga javob berdi.
- “Olimpik” So‘g‘diyona”ni taslim qildi. Vaholanki, chempionlik uchun kurashayotgan jizzaxliklarni ko‘pchilik yutolmayotgandi. “Olimpik” esa engish yo‘lini topdi. Buni qanday uddaladinglar?
- Murabbiyimiz bizni o‘yinga yaxshi tayyorladi. Raqibning ojiz tomonlarini ko‘rsatdi va qanday o‘yin ko‘rsatish kerakligini tushuntirdi. Yutadigan uchrashuvlarimizda durang o‘ynab qo‘yayotgandik. Uchrashuvdan avval murabbiyimiz jamoaga yaxshi motivatsiya bera oldi. Natijada Timur aka Kapadzening taktikalari asosida jamoaviy o‘yin bilan raqibni yutdik. “So‘g‘diyona”ning uzun paslar bilan harakat qilishini ham bilardik. Standartlari ham xavfli va biz barchasiga tayyorlangandik. Qisqa paslar bilan to‘p surishga harakat qildik.
- “So‘g‘diyona”ning ojiz nuqtasi nimada ko‘rindi?
- Buni ayta olmayman. Jamoaviy o‘yin bilan g‘alaba qozondik. Hamma bir-birini o‘rnini to‘ldirib turdi. Kimdir xato qilsa, o‘rnini qopladik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlab o‘yin ko‘rsatdik.
- “Olimpik”da 10 ta durang bor. Bu borada yagona ko‘rsatkich ushbu klubda. Barcha duranglar adolatlimi?
- Adolatlilari ham bo‘ldi. Ammo g‘alaba qozonayotgan joyimizda durang o‘ynab qo‘ygan paytlarimiz ham kuzatildi. O‘yin bo‘yicha yutdik, biroq hisobda bunaqa bo‘lmadi. Durang bo‘lgan uchrashuvlarda ko‘p klublardan ustunlik qildik.

- 7-o‘ringa chiqib olgan “Olimpik” jamoasiga endi barcha boshqacha ko‘z bilan qarayapti. Muxlislarning hurmati oshdi. Rostini aytganda, klubni kuchidan kelib chiqsak, qaysi o‘ringa munosib deb o‘ylaysiz?
- Jamoa bilan kuchli uchtalikka kirishga harakat qilyapmiz. Maqsadimiz shunday.
- Bunga “Olimpik”ni imkoniyati etadimi?
- Albatta, etadi. O‘yinlarda bir jamoa bo‘lib o‘ynasak va bosh murabbiyimiz har bir uchrashuvga to‘g‘ri taktika tanlab bera olsalar, biz yanada kuchli o‘yin ko‘rsataveramiz. Hech kimdan qo‘rqmaymiz.
- Bilamizki, sizga chetdan yaxshi takliflar bor edi. Ayniqsa, Osiyo chempionatidan keyin yanada ko‘paydi. Ammo “Olimpik”da qolib faoliyatingizni davom ettiryapsiz. Keyingi rejangiz qanday?
- Agar chetdan yaxshiroq klublardan takliflar bo‘lsa, qo‘yib yuborishardi. Ammo o‘zimizdan bo‘ladigan takliflarni qabul qilmasliklarini aytishgan. Orada “Paxtakor” yoki yana boshqa klublarimizdan takliflar bor deyishdiku, shu bois Superliganing boshqa jamoalariga qo‘yib yubormasliklarini ma’lum qilishgan. Timur aka Kapadze ham “Olimpik”da o‘ynaganing yaxshi dedi. Hozir ham chetdan takliflar bo‘lib turibdi. Hammasini klubdagilar hal qiladi.
- Yangi taklif qaerdan bo‘lyapti?
- Yaqinda Rossiya birinchi divizionidan bo‘ldi. Maxachkalaning “Dinamo” klubidan taklif tushdi.

- Muzokara qanday kechdi?
- Shartnomamni so‘rashdi, qiziqib. Lekin ikkinchi davrani “Olimpik” klubida o‘tkazishim aniq edi. Murabbiyimiz ham hali yana ishlashing kerak dedi. Albatta, Timur Kapadzening aytgani bo‘ladi. Ko‘ramiz, yana yaxshi takliflar bo‘lsa maslahatlashamiz-da. Hozirgi maqsadim ko‘proq gollar urib jamoamga foydam tegishini xohlayman. “Olimpik” bilan qo‘ygan maqsadimizga erishib, kuchli uchtalikka kirmoqchimiz.
- Mavsum boshida “Olimpik”ning kuchiga ko‘pchilik etarli baho bermagandi. Endi barcha hisoblashishga majbur bo‘lyapti. O‘sha boshidagi “Olimpik” bilan hozirgi “Olimpik” o‘rtasida qanchalik farq bor?
- Albatta, katta farq bor. Boshida shunday ediki, Superligada o‘ynamagandik va hayajon bor edi. Lekin hech qachon qo‘rquv bo‘lmagan. Timur aka Kapadze bizga maza qilib futbol o‘ynanglar va zavq olinglar deb aytadi. Futbol, o‘yin kuni bayram deb ko‘p ta’kidlaydi. Jamoamiz o‘yinida yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘ldi. Osiyo chempionati ham har bir futbolchida ko‘p narsani o‘zgartirdi. Bizda yanada ishtiyoq kuchaydi.

Fikrlar