
Boks bo‘yicha Sobiq Ittifoq chempionatidagi g‘irromliklar yoxud Sidney Olimpiadasi "hangomalar"i...
O‘zbek boks olamida Matchonovlar sulolasining ham o‘z o‘rni bor. Jumladan, Hokim Matchonov Sobiq Ittifoq vaqtida ajoyib natijalar qayd etib, o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida sovrinli o‘rinlar egasi sifatida doimo terma jamoaga chaqirilgan. Hokim akani jiyani Jasur Matchonov ham havaskor boksda jahon va qit’a chempionatlari, Osiyo o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan. Biz Hokim Matchonov bilan bog‘lanib, sportchilik xotiralari va o‘zbek boksi haqida suhbat qurdik. Quyida, ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
Sports.uz ma’lumotnomasi
Hokim Sagdullaevich Matchonov 1961 yil 20 iyul kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 11 yoshidan boks bilan shug‘ullangan. O‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida Sobiq Ittifoqi chempionatlari, Yoshlar Spartakiadasi sovrindori va O‘zbekiston chempioni. Ma’lumoti oliy. 1983 yil Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 1990 yil Toshkent davlat yuridik universtitetini tamomlagan. 1999 yil Xalqaro biznes maktabida tahsil olgan. Iqtisod fanlari nomzodi. O‘zbekiston Xalqaro ekspeditorlar assotsiatsiyasi asoschisi va raisi. Oilali 3 nafar farzandi bor.
- Assalomu alaykum. Siz bilan suhbat qurish niyatida edik?
- Vaaleykum assalom. E’tibor uchun rahmat.
- Matchonovlarni bokschilar sulolasi, deb atashadi. Bu siz va jiyaningiz Jasur tufaylimi yoki oilaning boshqa vakillari ham ushbu sport turi bilan hamnafas edimi?
- Bokschilar emas, balki sportchilar sulolasi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, katta akamiz Xayrullo Matchonov “Paxtakor”ning o‘rinbosarlar tarkibida to‘p surgan va bizning bokschi bo‘lib kamol topishimizda asosiy sababchi bo‘lgan. Matkarim Matchonov Toshkentdagi “Uch qahramon” mavzoleyida yotganlarning biri, u akamiz kurash bilan shug‘ullangan. O‘zbekiston chempioni, bir qator turnirlar g‘olibi bo‘lgan. Ikkinchi akam Matyoqub Matchonov basketbolchi. Toshkent teatr va rassomchilik instituti jamoasi sardori bo‘lgan. Men va ukam Matnazar bokschi edik. Ukam ham ushbu yakkakurash bo‘yicha sport ustasi, O‘zbekiston chempioni. Umuman aytganda, oilada 6 o‘g‘il bo‘lsak, barchamiz sport odami bo‘lganmiz.
- Boks olamiga kirib kelishingiz tarixi qanday bo‘lgan?
- Men Toshkentda bokschilar mahallasida ulg‘ayganman. Yon qo‘shnimiz Eldor aka Egamberdiev o‘z vaqtida ajoyib bokschi bo‘lgan. Misol uchun, O‘zbekiston chempioni, Sobiq Ittifoq harbiylari o‘rtasidagi turnir chempionligiga erishgan. Mahallamizdan Ozod aka Shapirov engil vaznda yaxshi natijalar qayd etgan. Ozod aka mahalla bolalarini boksga qiziqtirgan. Bir kuni meni qo‘limdan etaklab, “Eski Juva” dahasidagi “Spartak” stadionida faoliyat yuritadigan boks to‘garagiga olib bordi va murabbiy Hamidullo Gaziev qo‘liga topshirdi. 11 yoshimdan boshlab, ushbu murabbiy qo‘l ostida shug‘ullana boshlaganman.
- Lekin erishgan muvaffaqiyatlaringizda Aleksey Dinning o‘rni katta, to‘g‘rimi?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, dastlab Hamidulla Gaziev ustozlik qildi. Keyinchalik hozirda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov, Valentin Zelenin va Aleksey Dinni qo‘l ostida voyaga etdik. Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha pog‘onasi bo‘ladi. Shu imkoniyatiga qarab maksimum darajada tarbiya beradi. Undan yuqorisi esa, boshqa “klass”dagi reytingi yuqori murabbiylardan olinadi. Reytingi yuqori murabbiy deganda, yillar davomida to‘plagan tajribasi inobatga olinadi. Masalan, Marat Qurbonovning harbiy xizmatdan kelgandan so‘ng, ilk o‘quvchilaridan bo‘lganman. Marat aka yillar davomida to‘plagan tajribasi evaziga 2000 yillardan keyin etuk murabbiy darajasiga ko‘tarila oldi. Mana Olimpiadalarda va chempionatlarda erishilayotgan natijalar ham buni ko‘rsatib turibdi. Hamidullo aka boshlang‘ich tushunchalarni juda yaxshi berardi. Ya’ni, bolalar va o‘smirlar bilan juda yaxshi ishlardi. Lekin cho‘qqiga olib chiqish professionallarning ishi edi. O‘sha vaqtda bu darajadagi murabbiy Aleksey Din edi. Bu murabbiy O‘zbekistonda va Sobiq Ittifoqda xizmat ko‘rsatgan bokschilarni tarbiyalagan inson. Misol uchun, Vladimir Shin, Feliks Pak, aka-uka Mullaevlar, Abdullo Qodiroxunovni aytish mumkin. Umuman olganda, O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘ringan bokschilar Aleksey Davidovich qo‘l ostidan chiqqandi. Din Sobiq Ittifoqda obro‘li, hammaga so‘zi o‘tadigan murabbiy edi.
Darhaqiqat, muvaffaqiyatlarimda Aleksey Dinning o‘rni beqiyos! Bu murabbiy menda barqarorlik va o‘zini nazorat qilish kabi xususiyatlarni mukammal darajaga olib kelgan. U juda talabchan va intizomni birinchi o‘ringa qo‘yardi. Aslida, ushbu murabbiyim haqida soatlab gapirishim mumkin. Bu insonni o‘zi haqida katta bir intervyu qilsa bo‘ladi. Afsuski, Aleksey Davidovich ikki yil avval olamdan o‘tdi. Lekin uning boksimizga qoldirgan merosi juda ulkandir. Sanab o‘tgan murabbiylarim o‘zbek boksi rivojiga ulkan xissa qo‘shgan, mubolag‘a bo‘lmasa, taraqqiy etishiga sabab bo‘lgan.
- Ilk muvaffaqiyatingizni qanday xotiralar bilan eslaysiz?
- Ochig‘i, yodimda yo‘q. Chunki o‘smir va yoshlar o‘rtasida ham juda ko‘p yutuqlarga erisha olgandim.
- Umuman olganda, Sobiq Ittifoq chempionatida necha marotaba ishtirok etgansiz va natijalar qanday bo‘lgan?
- Ittifoq chempionatida o‘smirlar, yoshlar toifasidan qatnasha boshlaganman. Bu yosh toifalarida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritganman. Yoshlar Spartakiadasida ham bronza medali sohibiga aylangandim. Kattalar o‘rtasidagi chempionatda ikki marotaba uchinchi o‘rinni egalladim. O‘sha vaqt mamlakat chempionati juda kuchli va raqobatga boy tarzda o‘tardi. Shuningdek, g‘irromliklar ham uchrab turardi. Hattoki, menga ochiqdan-ochiq Moskvaga kelib, o‘qishingni shu erda davom ettirasan va Sobiq Ittifoq chempioni bo‘lasan! Toshkentda qolsang chempionlikni unut, deya shart ham qo‘yishgandi.
- "Spartak" klubida siz bilan birga mashg‘ulotlarni boshlagan do‘stlaringizdan kim etuk bokschi bo‘la oldi?
- Mening tengqurlarimdan faoliyatini boks bilan bog‘lab, yaxshi natijalar qayd etganlar bo‘lmadi. Lekin mahoratli va mehnatkash bolalar ko‘p edi. Ular keyinchalik boshqa sohalarda muvaffaqiyat qozonishdi. Hamidillo akani bizdan yuqori bo‘lgan guruhdagi shogirdlaridan, Ilg‘or Egamberdiev va A’loxon Ikromov ajoyib natijalar qayd etib, O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Bizning vaqtimizda institutga kirgandan so‘ng, boksni tashlab ketganlar ko‘p edi. Sababi, o‘zining dastlabki klubiga, guruhiga bo‘lgan sodiqlik, sadoqat tushunchasi singib ketgan edi. Institutga kirib, boshqa gruppalarga va to‘garaklarga borish xiyonat sanalardi. Aynan, ushbu omil tufayli ko‘p mahoratli yigitlar boksni tark etgandi. Men Toshkent avtomobil yo‘llari institutida o‘qiganman va a’lo baholar bilan yakunlagandim. O‘sha vaqt Lenin stipendiyasini olganman. Aynan yuqorida aytib o‘tgan holatlarga men chek qo‘yganman. Ya’ni muvaffaqiyatga erishish uchun yanada yaxshiroq joylarda mashg‘ulotlar o‘tash lozim ekanligini isbotlaganman.
- Bir vaqtda ham sport bilan shug‘ullanish, terma jamoadagi oylab bo‘ladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari bilan bir qatorda oliygohda a’lo baholarga o‘qishni o‘zi bo‘lmasa kerak?
- To‘g‘ri, lekin uddalasa bo‘ladi. Men yig‘inlarda ham doim kitoblarimni ko‘tarib yurardim va juda ko‘p o‘qirdim. Qolaversa, o‘sha vaqt o‘qituvchilar ham terma jamoa a’zolarini, natija ko‘rsatadigan sportchilarga qo‘ldan kelgancha yordam berib, qo‘llab-quvvatlardi. Hurmat qilishardi. Shunday e’tibor uchun ham yaxshi o‘qishga harakat qilardik. Terma jamoada birga bo‘lgan do‘stlarim doimo kitob ko‘tarib yurganim tufayli “aqlli”, deb hazillashar edi. Terma jamoa yig‘inidan bir haftaga javob berishar, ushbu muddat ichida men Toshkentga kelib, barcha fanlardan imtihon topshirib ulgurishim kerak bo‘lardi. O‘shanda bir qiziq voqea bo‘lgandi:
Ikki oy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan qaytib, sessiyalarni topshirishim kerak edi. Dastlabki 4 ta fanni a’lo bahoga topshirdim. Beshinchi fanga kelganda, yanglishmasam iqtisodiyot edi. Menga tushgan savollarga umuman tushunmadim. Vaholanki, bu boradagi barcha kitoblarni o‘qib chiqqandim. Savollar chalg‘ituvchi qilib tuzilgan ekan. Xullas, o‘qiganlarimni domlaga aytdim. Yakunda, qaysi kitobni mutolaa qilganimni so‘radi va bu mavzu keyingi semestrda o‘tilishi, hozir bunga kelmaganimizni aytdi. Bu safargisiga past baho, keyingi semestrga esa, a’lo bahoga topshirdingiz degandi. Shunaqa qiziqarli voqealar ham uchrab turardi.
- 81 kg vazn toifasida harakat qilgansiz. O‘sha vaqt bu vaznda O‘zbekistonda Vladimir Shin, Rinat Trishev jang qilardi. Aynan ushbu charmqo‘lqop ustalari bilan bo‘lgan sog‘lom raqobat muvaffaqiyatlaringizda qisman bo‘lsa ham rol o‘ynagan, deb o‘ylaysizmi?
- Albatta, o‘sha vaqtlar Sobiq Ittifoq chempionatida -81 kg vazn toifasi o‘zbekistonliklarniki edi. Sababi, bu vaznda uch nafar kuchli bokschilar O‘zbekistondan edi. Seul Olimpiadasidan avval, Sobiq Ittifoq chempionatida Rinat Trishev birinchi o‘rinni olgandi. Saralash musobaqalarida esa, men g‘olib bo‘lganman. Har ikki musobaqada Vladimir Shin betob bo‘lib qolganligi uchun qatnashmagandi. Lekin Olimpiadaga Vladimir Shin bordi. Sababi, faoliyatining oxirgi yillari bo‘lgan va uning uchun bu so‘nggi imkoniyat edi. Shuningdek, o‘sha vaqt Vladimir Nikolaevich men va Rinat Trishevdan ko‘ra, tayyor holatda va tajribali edi.
- O‘zaro munosabat qanday edi?
- Bilasizmi, boksda ya’ni, ringda do‘stlik bo‘lmaydi. Chunki, g‘alaba qozonish uchun chiqasan va sen urmasang, u seni uradi hamda g‘alabaga erishadi. Shuning uchun, boksda raqiblar edik. Ringdan tashqarida esa, munosabatlarimiz do‘stona bo‘lgan. Rinat Trishev qadrdon do‘stim. Vladimir Nikolaevich faoliyatini tugatib, O‘zbekiston terma jamoasiga murabbiy bo‘lganida qo‘l ostida mashg‘ulotlar olib borganman. Umuman olganda, vazn toifamda duch kelgan barcha raqiblarim bilan qadrdon bo‘lganman va ko‘plari bilan hozirgacha aloqlar saqlanib qolgan.
- Yuqorida -81 kg vazn toifasi o‘zbekistonliklarniki bo‘lgan, deya ta’kidlab o‘tdingiz... Nahotki, sizlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatgan boshqa bokschilar bo‘lmagan?
- Albatta, bo‘lgan. Misol uchun, 1987-89 yillar Sobiq Ittifoq chempioni, Evropa chempioni Vitaliy Kachanovskiy bor edi. Juda ko‘p bo‘lgan. Lekin biz ularni ustidan ham g‘alaba qozonganmiz.
- Professional boksda ham ringga ko‘tarilgan ekansiz. Rekordlar qanaqa bo‘lgan?
- Ha, o‘sha vaqtlar bu yo‘nalishdagi ilk bokschilar qatorida bo‘lganmiz. Professional boksda 12 ta jang o‘tkazib, 11 tasida g‘alaba qozonganman. Havaskorda esa. 242 bor ringga ko‘tarilib, 218 tasida zafar quchgandim.
- O‘z vaqtida O‘zbekiston professional boks federatsiyasida ham ishlagansiz, professional boks borasida etarlicha bilimga ekanligingizni inobatga olib aytganda, o‘zbek promouterlik kompaniyalari tashkil etilishi va ularni jahon darajasida bo‘lishi uchun mablag‘dan tashqari yana qaysi omillar kerak bo‘ladi, degan fikrdasiz?
- Birinchi navbatda barchasi baribir mablag‘ga borib taqaladi. Qolaversa, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim, mukammal dastur kerak. Reklama, teletranslyatsiyaga bog‘liq shartnomalar, bir so‘z bilan aytganda juda ko‘p omillar zarur. Men o‘zim Toshkentda o‘z hisobimdan ikkita jang kechasi tashkil qilganman va qaysidir ma’noda bokschilarimizni xorij promouterlik klublari bilan shartnoma tuzishiga sababchi bo‘la olganmiz, deb ayta olaman. Hozirda, boshqa ishlar bilan bandman. Bu yo‘nalishni o‘z odamlari bor va asta-sekin o‘zbek professional boksida ham rivojlanish bo‘lyapti.
- 1993 yilgi Buxoroda bo‘lgan O‘zbekiston chempionati haqida to‘xtalsak, o‘shanda siz deyarli 30 yoshdan oshgansiz va rahbar lavozimida bo‘lgansiz. Lekin chempionatda ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan ekansiz?
- To‘g‘ri, o‘sha vaqt men 32 yoshda edim. Adashmasam, mustaqillikdan so‘ng, ilk O‘zbekiston chempionati edi. U davrda tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining asosiy bo‘limlaridan birida direktor o‘rinbosari lavozimida ishlardim. Buxoroga ish yuzasidan borib, chempionatda ishtirok etganman. Xizmat mashinasida kastyum-shim, galstukda borib, sport kiyimni kiyib, qatnashdim va chempion bo‘ldim. Bundan ishxonadagilarning xabari yo‘q edi. Ana o‘sha yili Budapeshtda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ringga ko‘tarilish imkoni paydo bo‘ldi. Men 15 yil Sobiq Ittifoq terma jamoasida yurgan bo‘lsam ham hech qachon bunday imkoniyat bo‘lmagandi.
Shuning uchun, bu ajoyib vaziyatdan foydalanishni istagandim. Buxorodan qaytib kelib, ishga oid qilingan vazifalarni topshirdim. Keyin vazir o‘rinbosari Abdug‘ofur Abdurahmonov bilan ustozimiz o‘sha vaqtdagi vazir O‘tkir Sultonovni oldiga kirib, O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib, chempion bo‘lganim va jahon chempionatida ishtirok etish imkoniyatim borligi, ruxsat bersa, qatnashmoqchi ekanligimni aytdim. O‘tkir akani o‘zi ham yaxshi sportchi edi. Yoshimni so‘radi. 32 da ekanligini aytdim. Musobaqani qachon bo‘lishini so‘radi. Xullas, ishda ham yaxshi va mas’uliyatli vazifada edim. Transport sohasi, o‘sha vaqtlar vaziyat og‘irroq edi. Qisqa qilib aytganda, ish qolib ketishini aytib, ruxsat bermadi. Lekin imkoniyat bor edi.
Ya’ni, sport qo‘mitasi orqali xat qildirib, bizga shu xodimingizni bering, yurtimiz sha’nini xalqaro arenalarda munosib himoya qila oladi, degan mazmunda murojaat tayyorlamoqchi edik. Biroq, Buxorodagi O‘zbekiston chempionatini yozib olingan varianti bir haftadan so‘ng, efirga uzatilgan va buni O‘tkir aka ko‘rib qolgan. Meni final jangimda sharhlovchi yutsam jahon chempionatiga borishim mumkinligini aytgan ekan. O‘sha kuni bizni vazir o‘z oldiga chaqirdi va ruxsat bermasam ham chempionatga boribsan, deya koyidi. Biz bu yozib olingan turnir ekanligini tushuntirdik. O‘shanda ishni yoki sportni tanlashimni so‘radi. Shunday qilib, ishni tanladim va qo‘mitadan qilinayotgan xat ham to‘xtatildi. Shunday qilib, jahon chempionatiga bora olmadim.
- Sidney Olimpiadasidagi O‘zbekiston boks terma jamoasi safida mas’ul shaxslardan biri bo‘lganligingiz haqida eshitganmiz. Umuman ushbu tarixiy va omadli Olimpiadadan qanday taassurotlar qolgan?
- Sidney Olimpiadasi ajoyib xotiralar bilan yodda qoldi. Tarixiy oltin medal qo‘lga kiritildi. To‘g‘risi, men hech qanday mas’ul shaxs bo‘lmaganman. Shunchaki sayohatchi sifatida borganman. Xatto, delegatsiya tarkibida ham yo‘q edim. Shuning uchun, bokschilarimiz bilan Olimpiya shahrida yashamaganman. Alohida boshqa mehmonxonada istiqomat qildim. Biroq barcha bokschilar bilan alohida gaplashib, ularga motivatsiya berishga harakat qilganman. O‘z yonimdan birinchi jangda g‘alaba qozonsa, 100 AQSh dollari, ikkinchi jangidaga g‘alabaga 300 va uchinchi g‘alabaga 500 dollar mukofot va’da qilib, jangdan so‘ng, ularga berganman.
Yana bir e’tiborga molik jihati, og‘ir vazn toifasida Rustam Saidov yarim finalda qozog‘istonlik bokschiga qarshi jang qildi va nisbatan ustunlik qildi. Lekin g‘alaba qozoq bokschisiga berildi. Men apellyatsiya berdim. Bu o‘sha vaqtdagi AIBA prezidenti Anvar Chaudriga qisqa qilib aytganda ma’qul tushmagan. Lekin inobatga olinib, ko‘rilib chiqilish arafasida edi. Bu o‘zbek boks delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan ba’zi insonlarga yoqmagan va kimlargadir telefon qilib, ustimdan shikoyat qilishgan. O‘sha odamlar menga telefon qilib, hakamlar qolgan janglarda adolatsizlik qilishi mumkinligi va bu ishlarga aralashmasligimni aytishgandi. Yakunda, apellyatsiya qaytarib olingan, ushbu bokschimiz bronza bilan cheklangan. Qozoq bokschisi esa, oltin medalni qo‘lga kiritgan.
- Suhbatimiz yakunida, yosh bokschilarimizga qanday maslahat yoki tilaklar bildira olasiz?
- O‘zbekiston buyuk mamlakat. Ist’dodlar ko‘p, yaxshi boks maktabi shakllangan. Shunday ekan, o‘zbek bokschilari kelajakda Olimpiya o‘yinlarida 4-5 tadan oltin medallarni qo‘lga kiritishga qodirlar va bunga ishonaman. Bir so‘z bilan aytganda ularga doimo, omad yor bo‘lishini tilab qolaman!
Fikrlar