Bosh murabbiy Fayzullaev nega zo‘r o‘ynayotganini aytdi
Rossiya Premer-ligasi 11-turining markaziy uchrashuvi poytaxt klublari – “Spartak” va TsSKA o‘rtasida kechdi.
Keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan to‘qnashuvda 2:2 hisobida kuchlar teng keldi. Poytaxt derbisida ilk marotaba ishtirok etgan Abbosbek Fayzullaev uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etildi.
Bu legionerimizning uchinchi individual sovrinidir. Bungacha Abbosbek avvalgi turlarning birida ham uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgandi. Bundan tashqari, Fayzullaev TsSKAning sentyabr oyidagi eng zo‘r futbolchisi, deb topilgan.
TsSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov uchrashuvdan keyin jurnalistlarga intervyu berdi. “Armiyachilar” ustozi o‘zbek futbolchisi haqidagi savolga javob bering, Abbosning alohida xislatlari haqida ham gapirdi.
– Murabbiy sifatida jamoangiz 96-daqiqada to‘p o‘tkazib yuborganini qanday tushuntirasiz?
– Diqqatni yo‘qotish, juda oddiy gol bo‘ldi. 40-daqiqada Kvinsi Promes zarba berish uchun imkon topdi va birinchi zarbadayoq raqib gol urdi. Buni mahorat deyishadi.
Biz ustunlikni ta’minlash uchun juda ko‘p qulay vaziyatlarga ega bo‘lgandik. Lekin hal qiluvchi zarba beradigani topilmadi. O‘yinni g‘alaba bilan yakunlashga juda yaxshi imkoniyatlar bo‘lgan edi.
– Jamoangiz gol urgan vaziyatda, qarshi hujumda Rosha yarim himoya markaziga ko‘chib o‘tdi. Bu mashg‘ulotlarda ishlangan taktikami?
– Vaziyatga qarab. Bo‘sh hudud ochildi va Rosha o‘sha tomonga yugurdi va pas berdi. Joy olmashib o‘ynashni hech kim ta’qiqlamagan. Tayanch yarim himoyachisi yoki himoyachilar ham o‘z mahoratiga tayanib hujum uyushtirishi va kombinatsiyalarni tashkil qilishi mumkin.
– Fayzullaev ikkinchi marotaba eng yaxshi o‘yinchi bo‘lyapti. Uning o‘ziga xos jihati nimada?
– Abbos bizning talablarimizni juda tez qabul qildi. Jamoada o‘sishga erishdi. Terma jamoasiga borib keldi, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi, o‘yinini rivojlantira boshladi. Biz bundan faqat xursandmiz.
Lekin Fayzullaev haqida ko‘p gapirmaymiz. U hali yana o‘sishi, rivojlanishi kerak. Lekin unga yuqori saviyada o‘ynash imkonini berayotgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tish zarur. Abbos yuqori darajada funktsional va texnik imkoniyatlarga ega. Yana bir muhim tomoni – futbolchi yaxshi tushunishi, uni yaxshi ko‘rishi va jarayonga o‘zini to‘liq bag‘ishlashida.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev avgust oyining boshida TsSKAga transfer qilingan edi. Boshida muxlisu mutaxassislar orasida ixchamgina o‘zbek yigitining jismoniy kuch-quvvat ustun turadigan Rossiya futbolida o‘z o‘rnini topishiga shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi.
Biroq Fayzullaev qisqa muddat va uchta uchrashuvda salohiyati va mahoratini namoyish eta oldi. Bugungi kunda TsSKA hujum chizig‘ini Abbossiz tasavvur etib bo‘lmasligini aksariyat mutaxassislar alohida e’tirof etmoqda.
“Spartak” – TsSKA derbisining eng yaxshi o‘yinchisi Fayzullaev: Alam qildi!
Shomurodovning sobiq jamoasiga qarshi o‘yini qanday baholandi?
Husanovning “Lill”ga qarshi o‘yini qanday baholandi?
Tezkor: Husanov muxlislariga “Lans”dan xushxabar
Fikrlar