"Boshida bu sport turi yoqmagan" - Olimpiada rekordini o‘rnatgan o‘zbek qizi haqida siz bilgan va bilmagan haqiqatlar
Siz-u, bizga hayajonli lahzalarni taqdim etgan Tokio Olimpiadasi ham tarixga aylandi. Kun chiqar yurtda vakillarimizning uchta oltin va ikkita bronza medaliga sazovor bo‘lishidan tashqari yana boshqa sportchilarimiz ham sovrindorlar qatoridan joy olishga juda yaqin kelgandilar. Lekin ushbu Olimpiadada o‘ziga yarasha alamli mag‘lubiyatlarni ham ko‘rdik.
Bizning bugungi maqolamiz qahramoni og‘ir atletikachi qizimiz – Muattar Nabieva. Ha, u Olimpiadani medalsiz tark etdi. Biroq Nabieva Olimpiada rekordini o‘rnatgani bilan faxrlana oladi. U dast ko‘tarishda 98 kgni bo‘ysundirdi. Avvalgi rekord 97 kgni tashkil qilgandi. Muattar siltab ko‘tarishda 114 kgni zabt etdi. Shu tariqa, 212 kg natija bilan Olimpiada o‘yinlarida 4-o‘rinni egalladi. Holbuki, medallar uchun juda yaqin kelgandi. Shunga qaramay, o‘zbek qizi rekord natija qayd etib, Olimpiada tarixidan joy oldi. Bu ham o‘ziga yarasha katta yutuq, aslida.
Muattar Nabieva haqida yaqindan tanishtiradigan bo‘lsak, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati sovrindori hisoblanadi.
Muattar Abdullajon qizi Nabieva 1996 yil 2 iyun kuni Andijon viloyati, Baliqchi tumanida tug‘ilgan. Birinchi murabbiyi Xomitqul Madazimov. 2014 yildan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi.

U xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2016 yil erishdi. Tbilisida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida hamyurtimiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 2017 yil “Islom birdamligi o‘yinlari”da bronza, Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlarida kumush medal sohibasiga aylandi.
2018 yil Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunladi. 2019 yil kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida dast ko‘tarish mashqi bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi. Qayd etish joiz, Nabieva shu tariqa kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida shohsupaga ko‘tarilgan ilk og‘ir atletikachi qizimizga aylandi.
Hamyurtimiz joriy yil Toshkentda o‘tgan Osiyo chempionatini uchinchi o‘rinda yakunladi. Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi e’lon qilgan reyting bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.
Ko‘rib turganingizdek, yosh bo‘lishiga qaramasdan katta yo‘lni bosib o‘tishga ulgurdi va hisobiga bir qancha g‘alabalarni ham yozdirib qo‘ydi. Lekin bu boshlanishi va uning uchun hali barchasi oldinda.
Ayni chog‘da Muattar Nabievaning o‘z uyida ekanligidan xabar topgach, kuni kecha xonadoniga bordik. Rekordchi qizimiz biz bilan muloqot davomida sportga kirib kelishi, Tokiodagi ishtiroki va yana boshqa mavzularda gapirdi.
Sportga kirib kelishi
- 42-umumta’lim maktabida o‘qiganman. Keyin kasb-hunar kollejida tahsil olganman, - deya gap boshladi, Muattar. - Sportga yoshligimdan qiziqqanman. Chunki dadam ham ilgari sportchi bo‘lgan. Men ham sportning bir qancha turlariga qatnashganman, masalan, voleybol, o‘zbek jang san’ati, kurash...Ikkinchi kursligimdan esa og‘ir atletikaga qatnay boshlaganman. Ammo boshida bu sport turi o‘zimga yoqmagan. Ko‘pchilik qiz bolaga bu sport turi to‘rg‘i kelmaydi deyishgan.

Yoshligida kim bo‘lishni orzu qilgan?
- Yoshligimda kim bo‘lishni orzu qilardim? Harbiy bo‘lishni va vatanimga xizmat qilishni orzu qilardim. Inson katta bo‘lgani sari orzulari ham o‘zgarib boraverar ekan. Bir marta og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqasida qatnashib ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritganimdan keyin bu sport turiga qiziqishim yanada ortdi. Lekin qo‘l jangi bo‘yicha ham O‘zbekiston chempionatida birinchi o‘rinni egallaganman. Ammo shundan keyin boshqa bu sport bilan shug‘ullanmaganman. Og‘ir atletika bo‘yicha birinchi murabbiyim Homitqul aka Madazimov. U kishi meni og‘ir atletikaga yanada qiziqtirgan. Prezidentimiz tomonidan ayniqsa, oxirgi 5-6 yilda bizga juda katta sharoitlar yaratib berilyapti. Ko‘plab xorij mamlakatlariga boramiz va u erdagi sportchilar bilan gaplashamiz. U erdagi va o‘zimizdga yaratilgan sharoitlar bilan solishtiraman. Baribir ularga nisbatan O‘zbekistondagi sharoit va imkoniyatlar ustun. Ayniqsa, xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibor kuchli bo‘lyapti.
Rekordi haqida
- Tokiodagi Olimpiadaga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Musobaqada ko‘tarinki ruhda qatnashdim. Dast ko‘tarishda rekord o‘rnatganimni avvaliga o‘zim bilganim yo‘q. 2017 yilda vazn toifalari va kategoriyalar o‘zgarganidan keyin rekordlar yangilandi. 98 kilogramni rekord deb o‘ylamagandim. Musobaqa tugaganidan keyin murabbiylarim sen rekord qo‘yding, deyishdi.

Medalsiz qolgani...
- Ota-onamni, xalqimizni qo‘llab-quvvatlab turganini his qildim. Qozog‘istonlik raqibamga bir kilogramga yutqazganim menga og‘ir zarba bo‘ldi. Agar 3-4 kilogramm bilan yutqazsam bunchalik alam qilmasdi. Baribir bu omad. Keyingi musobaqalarda g‘alaba qozonishga harakat qilaman. Muhtaram Prezidentimiz Olimpiadada qatnashgan har bir sportchiga 5000 dollardan pul mukofotini berdi. Yurtboshimizning biz sportchilarga qaratayotgan e’tiboridan o‘zimiz uchun katta motivatsiya olamiz.
Olimpiadaga ko‘rilgan tayyorgarlik
- Shuncha davlatga borib O‘zbekistonga etadiganini ko‘rmadim. Yaponiyada karantin bo‘lgani sababli ko‘p joylarga chiqa olmadik. Musobaqada ishtirok etgach, 48 soat ichida u erdan chiqib ketish kerak. Shu bois musobaqada qatnashganimizdan keyin ertasiga qaytdik. Aslida bu olimpiada 2020 yili o‘tkazilishi kerak edi. Ammo pandemiya tufayli bir yil keyingi surilgandi. O‘sha paytda biz alohida dastur asosida uyda shug‘ullandik. Bu borada rahbariyat tomonidan bizga shug‘ullanishimiz uchun kerakli jihozlar etkazib berildi. Har kuni onlayn orqali mashg‘ulotlarimizni kuzatib borishdi. To‘g‘risi, karantin sababli hamma uyiga qaytarib yuborilgan mahalda biroz ruhiyatimiz tushib qolgandi. Ammo e’tibor oshirilgach, shug‘ullanishimiz uchun kerakli sharoitlar yaratilganidan keyin yana ishtiyoqimiz oshdi.

Yoshlarni o‘ziga yarasha qiziqishlari mavjud. Yurtni sportdan tashqari ilm orqali ham dunyoga tanitish mumkin. Bugungi yoshlarimizga omad tilayman. Ular vaqtlarini bekor o‘tkazmasdan sportga, ilmga bag‘ishlashlarini istardim. Fursatdan foydalanib, mustaqilligimizning 30 yillik bayrami bilan xalqimizni tabriklayman. Paralimpiya musobaqasiga ketgan sportchilarimizga ham omad tilayman, - dedi Nabieva.
Hali yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari qo‘rqmasdan oldinga intilishi va yuqori ishtiyoqi tufayli barchaning e’tiborini qozondi, deyish mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, hali uning uchun barchasi oldinda. Shuningdek, uning sportchi bo‘lishiga asosiy sababchi bo‘lgan dadasi – Abdulla akaning ham fikrlari bilan qiziqdik.
“Besh nafar farzandim bor, bir o‘g‘il va to‘rt qiz. Muattar kenja farzandim. O‘zim sport bilan shug‘ullanganman. Muattar avvaliga yarim oycha o‘zbek jang san’ati bilan shug‘ullangan. O‘shanda dastlab tuman, keyin viloyat, undan so‘ng, Respublika birinchiligida qatnashadigan bo‘ldi. Toshkentda musobaqa bor ekan, o‘sha erga boramiz deb qoldi. Ertasi kuni jo‘natib yubordim. Bir kundan keyin dada chempion bo‘ldim, deb telefon qilganida yig‘lab yubordim. Undan keyin yana bir oydan ko‘proq vaqt davomida shug‘ullanib yurdi. Ammo so‘ngra murabbiyi kelmay qo‘ydi. Keyin og‘ir atletikada o‘zini sinab ko‘rishni boshladi. Murabbiylar buni ko‘rib qabul qilamiz dedi. Uch oydan keyin Respublikada chempion bo‘lib keldi. 2014 yili Respublika terma jamoasiga qabul qilindi. Shundan beri jahon va Osiyodagi ko‘plab musobaqalarda qatnashib medallarni qo‘lga kiritdi. Sizga medallarini ham ko‘rsataman. Ammo shunga yarasha mashaqqati ham bor.

O‘zim Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutini bitirganman. Mana, endi qizim orqali faxrlanib yuribmiz. Olimpiada musobaqasi davomida qizim ishtirok etgan mahalda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar biznikida bo‘ldi. Odam ko‘pligidan qizimning ishtirokini ikki-uchta televizor orqali kuzatdik. Oldingi musobaqalarda qizim bundan yaxshiroq natijalarni ham ko‘rsatgan. Bir kilogramm farq tufayli medaldan quruq qoldi, bu ham omadga bog‘liq. Ularni murabbiyi taktika qildi. Biz o‘zimizcha gapiramizu, ammo nimagadir erishish oson emas. Buni ortida katta mehnat va mashaqqat yotibdi. Yurtboshimizga sportchilarga shuncha sharoit yaratib berayotgani uchun ming rahmat. Viloyat va tuman hokimlari ham tabrikladilar. Yaqin orada viloyat hokimining o‘zi ham tabriklagani kelishini aytdi”.
Ha, Abdulla aka endilikda kenja qizining yutuqlari tufayli barchadan rahmat va tashakkurlarni eshitib kelmoqda. Uyining alohida xonasida o‘ziga xos muzey tashkil etilgan bo‘lib, Muattarning qo‘lga kiritgan sovrin va medallari bezab turibdi. Dadasi farzandini sportchi qilish va shu darajaga etishishida ko‘plab qiyinchiliklarni ham boshdan o‘tkazdi va muhimi barchasini engib o‘tdi. Muattarni og‘ir atletika bo‘yicha eng yaxshisi bo‘lishi uchun Abdulla aka qo‘ldan kelgan barchasini qildi. Bunga javoban qizi ham natijalari hamda muvaffaqiyatlari bilan javob qaytaryapti.
Darvoqe, Muattar Nabieva og‘ir atletikachi Sunnatilla O‘sarovga unashtirildi. Bu orqali yangi sportchilar oilasiga asos solinmoqda. Nabieva bu xabarni tasdiqladi, to‘y sentyabr oyiga belgilangan. Ularga baxt va omad tilagan holda kelgusida yangidan-yangi muvaffaqiyatlarni tilab qolamiz.
Fikrlar