"Bu erda o‘zbekistonlik futbolchilarga hurmat juda yuqori ekan" - Legionerimizni iliq qarshi olishdi

  • 25 yanvar, 00:38
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha Belarus chempionatida o‘zbekistonlik futbolchi paydo bo‘ldi. Sports.uz orqali xabar berib o‘tganimizdek, iqtidorli hujumkor yarim himoyachi Saidumar Sodiqov “Smorgon” klubi bilan 6 oylik shartnoma imzoladi.

O‘tgan mavsumni Qirg‘iz chempionatida “OshMuAldier” klubida o‘tkazgan hamyurtimiz ungacha “Andijon” jamoasida to‘p surgan. Qirg‘iziston o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lgach, futbolchimizga ko‘z tikkan klublar ko‘payib qoldi. Natijada o‘zini Belarus chempionatida sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Sodiqov rasman “Smorgon” klubi a’zosiga aylanganidan keyin saytimiz jurnalisti u bilan suhbatlashdi.

- Saidumar faoliyatingizni Belarus chempionatida davom ettiradigan bo‘ldingiz. Aslida shunday rejangiz bormidi yoki kutilmaganda yuz berdimi?

- To‘g‘risini aytsam, rejamda yo‘q edi. O‘zbekiston chempionatiga qaytmoqchi edim. Ammo chempionat yakunlanganida menga taklif bilan chiqishdi va ushbu chaqiruvni ijobiy qabul qildim.

- Ma’lumki, avvaliga "Slaviya" klubiga sizni taklif qilishgan, keyin esa "Smorgon"ga o‘tib ketdingiz. Nima bo‘ldi, aslida?

- U erda nima bo‘lganini o‘zim ham yaxshi tushunmadim. Rosti, buni agentim xohladi. Aytishicha, kelishuvda nazarda tutilgan ba’zi narsalar amalga oshmagan, deb tushuntirdi.

- Qirg‘iziston chempionatidagi faoliyatingizda nima ko‘proq yodingizda qoldi?

- Murabbiy bilan munosabatimni misol qila olaman. Shu bilan birga u erda men uchun etarlicha o‘yin amaliyoti ham berildi.

- Belarus chempionatidagi asosiy maqsadingiz nimadan iborat?

- Bu erga kelganimdan asosiy maqsadim, top 5 chempionatlarida to‘p surishni xohlayman. Belarus chempionati men uchun yaxshigina tramplin bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Chunki bu erda jismoniy va taktik jihatdan yaxshigina o‘sishga erisha olishimga ishonaman.

- Sizga o‘zimizdan ham takliflar bormidi?

- Ha, bor edi. Lekin aynan qaysi klublar ekanini ayta olmayman.

- Yangi klubda sizni qanday qarshi olishdi? Ilk taassurotlar qanday va qaysi raqamni tanladingiz?

- Meni juda iliq qarshi olishdi. To‘g‘risi, yigitlar bilan bunchalik tez kirishib ketaman, deb o‘ylamagandim. Bu erda ko‘pchilikda o‘zbekistonlik futbolchilarga bo‘lgan hurmat juda yuqori ekan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!