
"Bu men uchun bamisoli sehrli raqamga aylanib qoldi, chempionatdagi eng xavfli o‘yinchi bizning jamoada o‘ynadi" - Igor Litovka
“Andijon” tarkibiga yil boshida qo‘shilgan legioner posbon Igor Litovka o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Aytish mumkinki, Litovka yurtimizda debyut mavsumini o‘tkazdi. U bir qator bahslarda o‘zining ajoyib seyvlari bilan ham yodda qoldi.
- Yaqinda instagramdagi sahifangizda klubda o‘tkazgan mavsum uchun minnatdorchilik bildirish qabilida yozdingiz. Ammo ko‘pchilik sizni klub bilan xayrlashyapti deb ham o‘yladilar...
- Ha, bu minnatdorlik izhori edi. Men buni yakuniga etgan mavsum uchun rahmat aytish tariqasida joyladim. Shu orqali butun jamoa, murabbiylar shtabi, ma’muriyatga o‘z minnatdorligimni bildirib qo‘ydim. Menda shartnomamning yana bir yili turibdi. Bundan keyin ham birgalikda ishlash va natijamizni yaxshilash uchun astoydil ter to‘kishga tayyorman.
- Bu yil O‘zbekiston chempionatida debyut qildingiz. Siz uchun qanday o‘tdi? Ko‘proq nima hayron qoldirdi?
- Taassurotlar judayam yoqimli. Chempionatdagi intriga oxirgi turgacha saqlanib turdi, o‘zimiz o‘ynagan har bir stadion maydon sifati talab darajasida bo‘ldi va albatta, birinchi davrada bizga uy o‘yinlari uchun qadrdon stadion etishmadi. Keyin esa uy uchrashuvlaridagi ajoyib muhit maydonda yaxshi natijalar qayd etishimizda judayam qo‘l keldi!!!
- “Andijon”dagi faoliyatingiz haqida so‘ramoqchiman. Qanday tasavvur qilgandingiz?
- Mavsum boshida ko‘pchilik bizni jon saqlash uchun kurashishsa kerak, deb xavotir olgandi. Oxir-oqibat dastlabki beshlikdan joy olishimiz uchun sal qoldi. Bu nihoyatda qiziqarli kurash bo‘ldi.
- Jamoada 72-raqamda o‘ynadingiz. Bu raqam siz uchun nimani anglatadi?
- Bugun faoliyatim davomida aynan shu raqam ostida o‘ynab kelyapman. Qaysidir ma’noda bu men uchun bamisoli sehrli raqamga aylanib qoldi.
- Bilamizki, oilangiz ham doim siz bilan bo‘ldi. Ularga Andijon yoqdimi? Ko‘nikishlari qiyin kechmaganmi?
- Ha, oilam doim yonimda bo‘ldi. Ular uy uchrashuvlari chog‘ida har dam qo‘llab-quvvatlashga harakat qildilar. Ularning yonimda ekanligini his qillgan holda yanada yaxshiroq o‘yin namoyish etishga harakat qildim. Shahar menga juda yoqdi. Yoz faslining issiq havosiga ham o‘rganib qoldik, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Katta qizim maktabga borishni boshladi. Aytish mumkinki, bizdagi moslashish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tdi.
- Igor, siz uchun Superligadagi eng xavfli futbolchi kim?
- Chempionatdagi eng xavfli futbolchi bizning jamoada o‘ynadi. Men eng yaxshi to‘purarimizni aytyapman. Shuningdek, Dragan Cheranni ham e’tirof etishim kerak. Baxtimizga, u bizning darvozani ishg‘ol eta olmadi. “Navbahor”dagi O‘runov ham chempionat mobaynida o‘zidan iliq taassurot qoldirdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar