"Bu men uchun yangi chaqiruv". Yovan Jokich "Navbahor"ning taklifiga qanday rozi bo‘ldi?

  • 13 dekabr, 2021, 00:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

29 yoshli serbiyalik yarim himoyachi Yovan Jokich “Navbahor” safiga birinchilardan bo‘lib ko‘chib o‘tgan o‘yinchiga aylandi. Bu legioner muxlislarimiz uchun juda yaxshi tanish. Oxirgi ikki yildan buyon AGMKda to‘p surib bu klub bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Chempionatimizda 2018 yildan beri faoliyat ko‘rsatmoqda. “Lokomotiv”da ham to‘p surganini bilamiz. “Navbahor” esa Jokichning mamlakatimizdagi uchinchi klubiga aylandi.

Babayanning ilk transferi Jokich bo‘lishini esa ko‘pchilik kutmagandi. Demak, yangi mavsumda Yovan “Navbahor” bosh murabbiyining rejasida muhim rolni bajaradi. Namanganliklar esa tez orada navbatdagi yangi transferlarni e’lon qiladi, bu aniq.

Jokich AGMKdagi faoliyati orqali o‘z darajasini ko‘rsatdi. Qolaversa, u Transfermarkt sayti talqiniga ko‘ra, chempionatimizning eng qimmat legioneri bo‘lib turibdi. Unga ko‘ra, Yovanning transfer narxi 750 ming evroni tashkil etmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, “Navbahor” dastlabki xarid sifatida sifatli o‘yinchini qo‘lga kirita oldi. Namanganliklar Jokich bilan rasman kelishuvga erishilganini e’lon qilganidan keyin Sports.uz muxbiri darhol serbiyalik legioner bilan bog‘landi. Tabiiyki, futbolchi yangi jamoaga o‘tganidan keyin o‘zining ilk fikrlarini saytimiz o‘quvchilari uchun bildirdi.  

- Yovan, sizni “Navbahor” klubiga ko‘chib o‘tganingiz bilan tabriklayman. Bizga barchasi juda tez sodir bo‘lganga o‘xshadi. Sizga ham shunday tuyuldimi?

- Tabrik uchun minnatdorman. Tan olaman, hammasi juda tez sodir berdi. Ammo buning barchasi futbolda ro‘y beradigan holatlar.

jokich1

- Aslida AGMKdan ketishni rejalashtirayotganmidingiz?

- O‘zingiz yaxshi bilasiz, mening jamoa bilan tuzgan shartnomam yakuniga etishi bilanoq xohlagan joyimga ketishim mumkin edi.

- Ayting-chi, Samvel Babayan bilan muzokaralar qanday kechdi? Uning taklifi sizni o‘ylantirib qo‘ydimi?

- Bir-birimizni yaxshi bilamiz. Chunki biz “Lokomotiv” klubida birga ishlaganmiz. O‘shanda ham barchasi juda yaxshi ketayotgandi. Har doim yangi klubga o‘tayotganimda bo‘lgani kabi bu safar ham o‘ylab ko‘rishim kerak edi va yakunda biz bir to‘xtamga keldik.

- Yovan, bir necha yildan beri O‘zbekiston chempionatida to‘p surib kelyapsiz. Masalan, “Lokomotiv” hamda AGMKdagi faoliyatingizni bilamiz. “Navbahor” esa siz uchun yangi klub. Mabodo, boshqa mamlakatlardan ham siz uchun takliflar bo‘lmadimi?

- Ha, menga takliflar bo‘lgandi. Lekin hozircha o‘zim o‘ynayotgan mamlakatni o‘zgartirmaslikka qaror qildim. Ishonch bilan aytamanki, O‘zbekistonda o‘zimni juda yaxshi his qilyapman.

jokich_1

- Endi “Navbahor” bilan qanday sovrin yutish haqida o‘ylayapsiz?

- Buni sizga ayta olmayman. Lekin biz yuqori o‘rinlarni egallashga harakat qilamiz. Bizni joyimiz tepada.

- AGMK bilan qanday xayrlashdingiz?

- Hammasi a’lo darajada. Shu fursatdan foydalanib men AGMK jamoasiga minnatdorchiligimni bildirishim joiz. Klubda barchasi yaxshi darajada bo‘lganini aytmoqchiman.

- “Navbahor” klubini faoliyatingizdagi yangi chaqiruv desak bo‘ladi. Bu fikrga siz ham qo‘shilasizmi?

- To‘g‘ri aytdingiz, bu men uchun yangi chorlov. U erda barchasi yaxshi bo‘ladi deb umid qilaman.

jokich3

- AGMK bilan ketma-ket ikki marta bronzani yutdingiz. Tabiiyki, bundan qoniqqan bo‘lsangiz kerak-a?!

- Boya aytganimdek, AGMKda juda yaxshi davrlarni o‘tkazdim. Buning uchun ularga yana bir bor rahmat aytmoqchiman. AGMKga omad tilab qolaman.

- “Navbahor” muxlislariga qanday gapingiz bor?

- Hammasini maydonda ko‘rsatamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!