"Bu tasodif bo‘lsa kerak, menimcha yangi murabbiyni talablariga mos tushmadik" - ilk bor legionerga aylangan futbolchimiz haqida

  • 12 avgust, 2023, 01:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bangladesh chempioni “Bashuxandra” jamoasida hamyurtimiz Asror G‘ofurov to‘p surib kelayotganini bilsangiz kerak. Endi ushbu klubdagi legionerlarimiz soni ikkitaga etdi.

G‘ofurovdan keyin yaqinda Bobur Yo‘ldoshev “Bashuxandra” a’zosiga aylandi. Iqtidorli himoyachining faoliyatida yangi sahifa ochildi. Kuni kecha u Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Boburjon, faoliyatingizni ilk bor legioner sifatida chetda davom ettirishga qaror qildingiz. Nima uchun aynan Bangladesh chempionatini tanladingiz?

- Albatta, birinchi marta legioner bo‘lib chetga chiqdim. Aynan Bangladesh chempionati – bu menimcha tasodif bo‘lsa kerak. Bu erda hech qanaqa ma’no yo‘q. Nimagaki, moliyaviy jihati va umuman har tomonlama menga to‘g‘ri kelgani uchun shu variantni tanlashga qaror qildik, albatta, yaqinlar bilan maslahatlashgan holda. Boya aytdim, buni tasodifan desa ham bo‘ladi. Chunki “So‘g‘diyona”dan ketishim to‘satdan hal bo‘ldi. Bangladesh varianti paydo bo‘lgach, shuni tanlashga qaror qildik.

- Yangi jamoangizda hamyurtimiz Asror G‘ofurov ham to‘p surmoqda. Uning borligi u erga moslashishda katta hissa qo‘shyaptimi? Umuman, taassurotlar qanday?

- Ha, u erda Asror G‘ofurov bor, birga o‘ynaymiz. Hamyurtim borligi uchun jamoada hech qanaqa muammo yo‘q. Har tomonlama menga yordam beryapti. Ko‘nikishimga va umuman barcha narsada menga tushuntirib, ko‘maklashyapti. Taassurotim men o‘ylagandan ko‘ra yaxshiroq.

bobur4

- Birinchi davrada “So‘g‘diyona”da edingiz. Yarim mavsumdan keyin u erdan ketishingizga nima turtki bo‘ldi?

- Ko‘proq murabbiy almashgani bilan bog‘lasak bo‘ladi. Yangi murabbiy keldi va yangi talablarni qo‘ydi. Menimcha, yangi murabbiyni talablariga mos tushmadik. Keyin ikki tomonlama kelishgan holda ketishga qaror qildim. Bu erda hech qanaqa ajablanarli joyi yo‘q. Yangi murabbiy kelganida menda jarohat bo‘lib qoldi. Tiklanish uchun baribir vaqt kerak bo‘ladi. Shuningdek, tiklanishdan keyin ham sport formasiga qaytishga vaqt zarur. Menimcha, murabbiy ko‘proq yoshlarga imkoniyat bergisi keldi.

- Legioner sifatida u erda oldingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?

- Legioner sifatida maqsad qanday? Xorijga chiqqandan keyin maqsad birinchi navbatda moliyaviy holat yaxshilanishga e’tibor qaratasiz, buni yashirishni keragi yo‘q. Bundan tashqari, bu erga keldikmi, o‘zbek bo‘lganimiz uchun o‘zimizdan yaxshi taassurot qoldirishni istaymiz va jamoamizga qo‘ldan kelganicha yordam berishni xohlaymiz. Tez orada Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaymiz. 15 avgustda o‘ynimiz bor. Agar OChL guruh bosqichiga chiqa olmagan taqdirimizda ham OFK Kubogida ishtirok etamiz. U erda ham qo‘limizdan kelganicha yordam berishga harakat qilamiz.

bobur6

- U erda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?

- Raqamim 44 va shuni tanladim. Chunki ilgari ham 44-raqamda to‘p surganman. 4 ni yoqtiraman. Shuning uchun 44 ni tanladim.

- Bangladesh chempionatida sizni nima hayron qoldirdi?

- Hali Bangladeshda chempionat boshlanmadi. Boshlansa ko‘ramiz. Mening jamoamda yaxshi rivojlanish bor. Yangi baza qurilyapti. Mashg‘ulot maydonlari va o‘z stadioni bor. Bir so‘z bilan aytganda, Bangladeshdagi eng yaxshi, chempion jamoa. 4 yildan beri chempion bo‘lib kelyapti. Hali hayron qoldirgan tomonlarini ko‘rmadim. Albatta, saviya bo‘yicha ancha farq bor.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!