
Bu transferlarning bari Husanov foydasiga!
“Manchester Siti”ning transfer siyosati avjiga chiqdi. Bosh murabbiy Xosep Gvardiola bir necha bor tarkibni qisqartirish lozimligini ta’kidlaganidan keyin klub rahbariyati bir necha o‘yinchilarning chiqish transferlari bo‘yicha ish boshladi.
Klub rahbariyati o‘tgan mavsumning birinchi yarmida yuz bergan inqirozdan keyin jamoa tarkibini yoshartirish va o‘zgartirishga qaror qilgan edi. Amaliy harakatlar shu yilning boshida qishki transferlar davrida jamoaga Abduqodir Husanovni olib kelish bilan boshlandi.
Oxirgi ikkita transfer oynasi davomida klub Husanovdan tashqari Vitor Reys, Umar Marmush, Niko Gonsales, Markus Bettinelli, Tijani Reynders, Rayan Ayt-Nuri, Rayan Sherki, Sverre Nyupan, Jeyms Trafford kabi iste’dodli charm to‘p ustalarini xarid qildi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, “Manchester Siti”da himoyaning markazida bir necha yuqori malakali va kuchli futbolchilar to‘planib qoldi. Odatda, zamonaviy futbolda himoya markazida o‘ynayotgan o‘yinchilar zaruratsiz deyarli almashtirilmaydi.
Yangi mavsum avvalida Xosep Gvardiola qo‘l ostida markaziy himoyaning ikkita nuqtasida o‘ynash uchun bir necha da’vogar, xususan, Yoshko Gvardiol, Ruben Diash, Jon Stounz, Manuel Akanji, Natan Ake, Abduqodir Husanov, Vitor Reys bor edi. Endi murabbiylar shtabi ularning ayrimlaridan ketma-ket qutila boshladi.
Birinchi bo‘lib Vitor Reys Ispaniya chempionatida ishtirok etayotgan “Jirona”ga bir mavsumga ijaraga jo‘natildi.
Ayni paytda “shaharliklar” yana bir necha markaziy himoyachi bo‘yicha xaridor klublar bilan muzokara o‘tkazmoqda. Sports.uz portali ana shu jarayon haqidagi ma’lumotlarni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
“Manchester Siti” xaridor bilan kelishib bo‘ldi
“Manchester Siti”ning tajribali himoyachisi Manuel Akanji faoliyatini tobora rivojlanib borayotgan Turkiya chempionatida davom ettirishi kutilmoqda.
Taniqli insayder Fabritsio Romanoning ma’lum qilishicha, Turkiyaning amaldagi chempioni “Galatasaroy” tarkibini shveytsariyalik himoyachi yordamida kuchaytirmoqchi.
Istanbulliklar “Manchester Siti” bilan kelishuvni yopish arafasida turibdi. Turklar bu transfer uchun 15 million funt sterling taklif qilyapti.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Galatasaroy” mutasaddilari endi Manuel Akanjining o‘zi bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha muzokaraga kirishgan.
30 yoshli Manuel Akanji uch yildan beri Manchester shahri jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Bu davr ichida markaziy himoyachi 136 ta uchrashuvda qatnashib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari beshta gol va uchta assist ham qayd etdi.
Natan Akega ham jiddiy xaridor chiqdi
Angliya Premer-ligasi vakili “Everton” rahbariyati “Manchester Siti”ga yana hamkorlik bo‘yicha murojaat qiladigan bo‘ldi. Ma’lumki, mersisaydliklar yaqinda Jek Grilishni bir mavsumga ijaraga olgan edi.
Endi bu jamoa bosh murabbiyi Devid Moyes himoya chizig‘ini kuchaytirish uchun “shaharliklar”ning niderlandiyalik legioneri Natan Akeni olishni mo‘ljallayapti.
“Everton”ning mahoratli himoyachisi Jarrad Brentueyt mavsum boshidayoq jiddiy jarohat oldi va kamida ikki oy maydonga qaytolmaydi. Yana bir himoyachi Vitaliy Mikolenko o‘rtoqlik uchrashuvida shikastlangan va u ham jamoaga yordam bera olmayapti. “Irislar” imkon qadar tezroq bu futbolchilarga o‘rinbosar topishi kerak.
Ana shu maqsadda “Everton” vakillari Natan Ake bo‘yicha muzokaraga kirishdi. Ekspertlar ikki klub o‘rtasida do‘stona aloqalar borligi tufayli ham mersisaydliklar 30 yoshli futbolchini hech bo‘lmaganda ijaraga olishi oson kechishini ta’kidlayapti.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, ayrim markaziy himoyachilarning ketishi qolganlariga ko‘proq o‘yin amaliyoti berilishiga sabab bo‘ladi. Bu vaziyatda Abduqodir Husanov ortiqcha raqobatdan qutilishi mumkin.
Agar Natan Ake va Manuel Akanji klubni tark etsa, Gvardiola qo‘l ostida to‘rt markaziy himoyachi – Abduqodir Husanov, Yoshko Gvardiol, Ruben Diash va Jon Stounz qoladi. “Manchester Siti” yangi mavsumda ham bir necha musobaqa, xususan, Angliya Premer-ligasi, Evropa Chempionlar ligasi va mamlakatning turli kuboklar uchun turnirlarida qatnashishini inobatga olsak, ularning har biriga etarli darajada o‘yin vaqti taqdim qilinishiga imkon paydo bo‘ladi.
Gvardiola Husanov va boshqa shogirdlarini xursand qildi
Tezkor: Fayzullaevdan xushxabar!
Husanov, o‘ynashni shu yulduzlardan o‘rgan! Dunyoning eng zo‘r markaziy himoyachisi aniqlandi
Qoch, Fayzullaev kelyapti!
Husanov “boyvachchalar” qatoriga qo‘shildi
Husanov o‘ynagan uchrashuvda Gvardiola nimalar yoqmaganini aytdi!
Husanov bo‘yicha Gvardiola yangi reja tuzib qo‘ydi
Fikrlar
хусановга захира урни ёкиб колган булса керак