
"Bu xursandchiligimizni tortib olish noto‘g‘ri, biz kuchayamiz" - Asror Aliqulov
Pro liganing 27-turida muddatidan ilgari Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Mash’al” klubi Urganchda “Xorazm”ga qarshi bahs olib bordi va unda 0:0 hisobi qayd etildi. Uchrashuvdan so‘ng “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yinni jangovar va yuqori tezlikda o‘tdi, deyish mumkin. Ikkala jamoani yaxshi tayyorgarlik ko‘rganligi bilindi. Bahs oxirgi soniyalargacha kurashlarga boy o‘tdi. Maydonning holati sifatliroq futbol o‘ynashga yo‘l qo‘ymadi. Ikki jamoa ham ko‘proq uzun paslar bilan o‘ynadi. O‘yin hisobga mos bo‘ldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qaysidir klub vaziyatdan foydalanib yutib ketishi ham mumkin edi. G‘alaba uchun maydonga tushgandik. Afsuski, yutolmadik. Keyingi o‘yinda bu holatni to‘g‘rilashimiz kerak.
- Murabbiy sifatida futbolchilarga qanday ko‘rsatma bergandingiz va ular ko‘rsatmalaringizni qanchalik bajarishdi? O‘ylaymizki, murabbiyni ko‘rsatmasidan chiqishmadi.
- Biznikilarmi? Sezibsiz-da. Birinchi navbatda “Xorazm”ning saviyasidan kelib chiqib. Ularni safida Superligada o‘ynagan o‘yinchilar bor. Ularga ko‘p bo‘shliq bermaslik kerak edi. Birga-bir holatda qaysidir futbolchilarning ustunligi sezilib turibdi. Ularga imkoniyat bermasdan o‘zimiz ham hujum qilib, himoyani ham o‘ylashimiz kerak edi. “Xorazm”ga noqulay holatlarda yaxshi bosimlar uyushtirdik. Lekin hujum qilish jarayonida biroz texnik qobilyatimiz baland emasligi evaziga biroz oqsadik. Balki maydonning holati ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Baribir futbolchilarimizga oxirigacha g‘alaba uchun kurashishganiga minnatdorchilik bildiraman.
- Eshitishimizcha, “Mash’al” kelasi yili Superligada ishtirok etmasligi mumkin ekan. Chunki Qashqadaryo viloyati Superligada ikkita klubni ushlab turishga qurbi etmmaydi, degan gap-so‘zlar bor. Shunga izoh bersangiz.
- Bu narsani eshitmaganmiz. Bizni homiyimiz qo‘llab-quvvatlayapti. “Mash’al” Superligaga haqqoniy ravishda yo‘l oldi. Hozir bu haqida biror narsa ayta olmayman. Lekin “Mash’al” Superligaga munosib jamoa. Oldin ham o‘ynab kelgan. Jamoamizni qo‘llab-quvvatlaydigan homiyimiz va rahbariyatimiz bor. O‘ylaymanki, bu xursandchiligimizni tortib olish noto‘g‘ri.
- Superliga bilan pro liga orasida qanchalik tafovut bor?
- Tafovut kattaligi sezilib turibdi. Pro ligadagi ayrim futbolchilar Superligadan qo‘nim topa olmagan yoki zaxirada qolib ketgan. Superligada yaxshi mahalliy saviyali o‘yinchilarni topish qiyinroq. Shu bois u erda har bir jamoa legionerlardan foydalanyapti. Superliganing saviyasi ancha o‘sgan. Shuning uchun pro ligadan Superligaga chiqqan klubni kuchayishi tabiiy hol. Xudo xohlasa, biz kuchayamiz.
- “Mash’al”da to‘p surayotgan xorazmlik Avezov va Bekchanov haqida fikrlaringiz qanday?
- Bu safar maydonga tushirmadik. Kirishib ketish qiyin edi. Bitta xato ko‘p narsani hal qilishi mumkin edi. Xato qilishdan kafolatlay olmaysiz. Kimdir tushsa qaysidir tomondan kirishib keta olmasligi mumkin. Shu sababli ularni maydonga tushirmadik. Biroq bu ularni yomon futbolchilar degani emas. Bu o‘yindan kelib chiqilgan vaziyat.
Fikrlar