
Bugun “Navbahor” yig‘iniga "Arsenal"da o‘ynagan futbolchi qo‘shiladi
Yangi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyaning Belek shahrida olib borayotgan Namanganning “Navbahor” klubi ixtiyoriga ikki nafar xorijlik futbolchilar qo‘shilishdi. Bular – rossiyalik Maksim Votinov va Konstantin Morozov. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Maksim Votinov 1988 yil, 29 avgustda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tug‘ilgan. Ampluasi – hujumchi. Futbolchilik faoliyati davomida Finlyandiyaning “Kuusankoski” (2008 yil), MyuPA (2009-2011 yillar), “Mikkelin” (2009 yil), Rossiyaning “Baltika” (2012 – 2014 yillar), “Arsenal” (2014 yil), “Tosno” (2015 yil), “Sibir” (2016 – 2017 yillar), “Rotor” (2017-2018 yillar), Slovakiyaning “Zemplin” (2016 yil) jamoalarida o‘ynagan. O‘tgan mavsumni esa Latviyaning “Elgava” klubida o‘tkazgan.
Konstantin Morozov esa 1992 yilning 13 mayida Rossiyaning Tver viloyatida tavallud topgan. Ampluasi – himoyachi. Futbolchilik faoliyati davomida Rossiyaning “Ximki” (2009 yil, 2011-2012 yillar), “Rubin-2” (2010 yil), “Jemchujina – Sochi” (2011 yil), “Biolog - Novokubansk” (2012 – 2013 yillar), “Kvazar” (2014 yil), “Armavir” (2015-2016 yillar), “Enisey” (2016 yil), “Sochi” (2017 yil), “Ararat” (Moskva, 2017 yil), Armanistonning “Uliss” (2014-2015 yillar) jamoalarida to‘p surgan. 2018 yildan buyon Armanistonning “Alashkert” klubida o‘ynamoqda.
Mazkur legionerlar jamoaning mashg‘ulotlariga bugundan qo‘shiladi. Ular “Navbahor” murabbiylarida yaxshi taassurot qoldirishsa, klub bilan shartnoma imzolaydi.
Fikrlar