Bugun yana bir legionerimizning debyutini ko‘ramizmi?
Bugun Belarus chempionatining 24-tur uchrashuvlari davom ettiriladi. O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun ahamiyatlisi, “Energetik-BGU” safar uchrashuvida “Dinamo-Brest” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Bu bellashuvda kuni kecha “Paxtakor”dan transfer qilingan Humoyunmirzo Iminov “Energetik-BGU” tarkibida debyut uchrashuvini o‘tkazishi kutilmoqda.

“Energetik-BGU” o‘zbekistonlik futbolchilar uchun Evropa futboliga tramplin vazifasini o‘tamoqda. Yil boshida bu jamoa tarkibiga qo‘shilgan Jasur Yaxshiboev to‘purarlik qobiliyati bilan chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lgan “Shaxtyor” nazariga tushdi va soligorsliklar tarkibiga qo‘shildi. Hamyurtimiz Evropa Ligasida maydonga tushib, evrofutbol havosidan ham bahra oldi. Ayni paytda Jasurni Kievning “Dinamo” jamoasi kuzatuvga olgan va legionerimiz shu saviyada o‘ynashni davom ettirsa, kelasi yoz Ukraina grandi va boshqa klublardan taklif olish ehtimoli katta.

Ayni paytda jamoa etakchilaridan biriga aylangan Shahboz Umarov ham yangi mavsumda mamlakatning eng qudratli klubi BATE safiga qo‘shiladi. Hozir “talabalar” safida o‘ynayotgan hujumkor futbolchimiz borisovliklar bilan shartnoma imzolab qo‘ygan va joriy chempionat yakunlanishi bilan yangi jamoa safiga ko‘chib o‘tadi.
Jasur va Shahbozning muvaffaqiyatli o‘yini xorijlik ekspertlar va murabbiylar e’tiborini o‘zbek futboliga qaratdi. Ularning o‘yinidan qoniqish hosil qilgan “Energetik-BGU” rahbariyati “Paxtakor”dan yana bir iste’dod egasini bir yil muddatga ijaraga oldi. “Paxtakor” ham yosh futbolchining etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi, legioner sifatida tajriba to‘plashi va o‘yinini kuchaytirishini ko‘zlab, Humoyunmirzo Iminovni Belarusga jo‘natishga qaror qildi. Shu bilan bir qatorda “Paxtakor” bu futbolchini istalgan vaqtda ortga qaytirishi mumkin. Humoyunmirzo uchun ham “sherlar” zaxirasida o‘z vaqtini kutgandan ko‘ra, “Energetik-BGU”da to‘p surish har tomonlama foyda ekani hammamizga ayon.

20 yoshli Xumoyunmirzo Iminov 2019 yildan “Paxtakor” sharafini himoya qilib kelayotgan edi. U milliy chempionatdagi debyutini o‘tgan yili 19 oktyabr kuni Samarqandning “Dinamo” jamoasiga qarshi uchrashuvda nishonlagan va keyin yana uchta o‘yinda maydonga tushgan.
Bu yilgi superliga bahslarida Humoyunmirzo “Buxoro” va “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvlarda zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
Humoyunmirzo Iminov Osiyo chempionlar ligasining guruh bahslarida Eronning “Shahr Xodro” jamoasi bilan bo‘lgan va “sherlarning” yirik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan bellashuvda Sardor Sobirxo‘jaev o‘rniga maydonga chiqib, qit’amiz klublarining eng nufuzli turnirida ham debyut qildi.
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi hisoblangan Humoyunmirzo markaziy yarim himoyachi va hujumkor futbolchi amplualarida o‘ynay oladi. Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali Iminovning transferini 125 ming evroga baholagan.
“Energetik-BGU” taklifi Iminov uchun yangi sinov va katta imkoniyat ekanini alohida ta’kidlash lozim. U ham xuddi Jasur Yaxshiboev va Shahboz Umarov singari o‘z salohiyatini namoyish etish orqali kuchli klublar e’tiborini qozonishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oqlab, mahoratli futbolchi ekanini isbotlashi talab etiladi.
Belarus chempionatidagi uchinchi legionerimizning ham ishonchli o‘yin namoyish etishi o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilariga e’tiborning oshishiga poydevor bo‘ladi. Zero, Rossiya va Belarus chempionati o‘zbekistonlik charm to‘p ustalari uchun Evropa futboliga yo‘l ochadigan musobaqalardir.
Fikrlar