
Bunaqasi bo‘lmagan! Xorijlik jurnalist va muxlislar o‘zbek bokschilari borasida "super" fikrlar bildirdi
O‘zbek boks maktabi jahonni zabt etishda davom etmoqda. Havaskor yo‘nalishda birinchi raqamli terma jamoaga aylana olgan bo‘lsak, professionalda ham bir qator yurtdoshlarimiz dunyo ahlini lol qoldirib, g‘alabali odimini davom ettirmoqda. Albatta, ushbu muvaffaqiyatlar butun dunyo bo‘ylab, o‘zbek bokschilariga bo‘lgan qiziqishni oshirdi va hozirda hamyurtlarimiz kurrai zaminda millionlab muxlislarga ega bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xattoki, o‘sha Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa g‘arb mamlakatlaridagi mutaxassislar ham mamlakatimiz vakillarini e’tirof etmoqdalar. Shu nuqtai nazardan aynan boks borasida qalam tebratadigan bloger Jalol Ahmedov bilan hamkorlikda xorijlik boks mutaxassislari, jurnalist va blogerlar hamda muxlislar bilan Twitter tarmog‘i orqali o‘ziga xos so‘rovnoma o‘tkazdik. So‘rovnoma quyidagi ikki savoldan iborat bo‘ldi:
1. O‘zbek professional bokschilari ichida kimni kelajakda mashhur yulduz darajasiga chiqadi, deb o‘ylaysiz?
- O‘zbek havaskor bokschilaridan kimlarni alohida e’tirof etasiz va kuzatib borasiz?
Quyida, bildirilgan fikr va mulohazalarni taqdim etamiz!
Adam Abramovich (AQSh, Filadelfiya) – “The ring” va ” transmilliy” reytinglar mutahasisi, jurnalist. SB Nation
- Men reytingda yuqorilayotgan barchasini yaxshi bilmayman. Ammo Ahmadaliev menda juda katta taassurot qoldirdi. U yuksak qobiliyatga ega. Zarbasi juda kuchli va yovvoyi... Unda ajoyib oyoq harakatlari bor. Jangovor ruhiyati yuqori!
Garry Williams - bloger
- Yaqinda Ahmadaliev mashhur yulduz bo‘ladi, deb o‘ylayman. U havaskor boksda ham mohir edi va u hamon o‘sish jarayonida... Jangdan jangga mahorati sayqallashib bormoqda. Uning Romanga qarshi chempionlik jangi alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki bu uning faqatgina 8-jangidagi chempionlik unvoni edi. So‘nggi bir necha yil ichida ko‘plab o‘zbekistonlik bokschilar menda iliq taassurot qoldirmoqda. Ular o‘z uslublarini namoyish etish barobarida har qanday raqib bilan bemalol jangga kirishadi. Biz Murodjon Ahmadaliev, Shahram G‘iyosov, Fazliddin G‘oibnazarov, Bektemir Meliqo‘ziev, Isroil Madrimov va boshqalarni havaskor boksda ham ko‘rganmiz. O‘ylaymanki, havaskordagi muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng, Bahodir Jalolov keyingi yulduz bo‘lishi mumkin. Ayniqsa u Tokio Olimpiadasida oltin medalga asosiy da’vogar . U haqiqiy superog‘ir vazn bokschisi.
Taylor OʻHiggings (Angliya) – journalist, thefightsite.com
- Menimcha Madrimov kelajakda ancha mashhur bokschi bo‘ladi. Uning mahoratiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q. Menga Hasanboy Do‘smatov ham yoqadi. Ammo u nisbatan kichik vaznli ekanligi biroz qiziqishni kamaytirishi mumkin. Ammo Madrimovning kelajagi porloq. Havaskor boksda Abdumalik Halakovni alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Yosh bo‘lishiga qaramasdan juda katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Agarda u o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasa havaskor boksda ulkan yutuqlarga erishadi. Shu bilan birga menga Mirazizbek Mirzaxalilov ham yoqadi. Uning zarbaga chidamli ekanligi ajoyib, u dastlab huddi mag‘lub bo‘ladigandek ko‘rinadi. Ammo keyinchalik raqibga kuchli bosim o‘tkazib yuqori texnikasini namoyon etadi va oxirida baribir g‘alabaga qozonadi.
Phil Rogers ((Angliya) - jurnalist va bloger, SouthpawBoxNews.com
- Salom Jalol. Savol uchun Rahmat! Menimcha keyingi o‘zbek superyulduzi Isroil Madrimov bo‘ladi. Sababi, uning nafaqat talanti va zarbalari, balki har jangida jamoatchilik e’tiborini torta oladigan darajada harakat qila olishidir. Shu tufayli uning uslubi nafaqat boksning ashaddiy ishqibozlariga balki onda-sonda kuzatadigan insonlarga ham yoqadi. Havaskor o‘zbek boksidan kimnidir tanlash juda qiyin. Lekin menga bu yo‘nalishda ikki hamyurtingiz yoqadi. Abdumalik Halakov va Mirazizbek Mirzaxalilov. Lekin ulardan birini tanlash kerak bo‘lsa, men Halakovda to‘xtalardim. U yosh bo‘lishiga qaramasdan, juda ham o‘ziga ishonchi yuqori, texnikasi hamda his qilish qobiliyati ham juda kuchli. U har safar yangicha zarbalarni ixtiro qiladi. Menimcha u nafaqat havaskor boksda dominant bo‘ladi, balki professional yo‘nalishda ham ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kirita oladi.
Cholo (Shotlandiya) - Boxing Asylum Nuthouse eshittirishi muallifi, bloger.
- Menga Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov, Murodjon Ahmadaliev va Bahodir Jalolovlar juda yoqadi. Lekin ularning barchasi superyulduz bo‘la oladimi? Bu borada bir nima deya olmayman. Chunki TOP darajaga chiqish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ba’zi o‘zbek havaskor bokschilari professional yo‘nalishda ham janglar o‘tkazishmoqda. Bu biroz nohaqlik nazarimda... Olimpiadaga yo‘llanma berish turnirida ishtirok etgan boshqa bokschilarga nisbatan adolatsizlik deb o‘ylayman. Umuman olganda, koronavirus pandemiyasi bartaraf bo‘lganidan so‘ng, yana ular ishtirokida janglarni kuzatish niyatidaman.
Cerebral Vigilante( Gretsiya) - jurnalist, bloger Asianboxing.com nashri
- Birinchi savolga Isroil Madrimov deb javob beraman. Chunki u mahoratli, yosh va yulduzlarga xos ko‘rinishga ega. Bundan tashqari u janglarni tez yakunlashga harakat qiladi. Bu esa, muxlislar istagan holatdir. O‘zbek havaskor boksi bilan unchalik tanish emasman. Lekin Bahodir Jalolov TOP 5 likdan o‘rin olgan va 100 % ishonch bilan ayta olamanki, u qachon va qaerda bo‘lsa ham Olimpiada oltin medalini qo‘lga kiritadi.
Asianboxing.com rasmiy accountidan
- Keyingi o‘zbek superyulduzi Madrimov bo‘ladi. Chunki unda hamma narsa mavjud. Isroilning harakteri, jang olib borish uslubi barchaga yoqadi. Ayniqsa, uning vazn toifasi amerikaliklar tomonidan juda yaxshi kuzatib boriladi.
Havaskor boksga u qadar qiziqishim yuqori, deb ayta olmayman. Lekin Bahodir Jalolov ushbu yo‘nalishda faoliyatini davom ettiradigan bo‘lsa, uni tanlagan bo‘lardim. Unda ham barcha narsa mujassam. Mahorat, tezlik, tajriba... Agar Jalolovni hisobga olmasak, Miraziz Mirzaxalilovni aytgan bo‘lardim. U so‘ngi ikki yilda juda yaxshi formaga kirib oldi va bu hali uning eng zo‘r darajasi emas!
Lewis Watson ( Angliya) - Jurnalist Badlefthook.com, SB Nation
- Meni hayratga soladigan professional bokschilar Qudratillo Abduqahhorov hamda Murodjon Ahmadalievdir. Abduqahhorov Luis Kollazo va Laslo Totga qarshi janglarda juda yaxshi ko‘ringan bo‘lsa, Murodjon Daniel Romanni yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etib, nimalarga qodirligini isbotlab berdi. Ahmadalievda havaskor boksga xos engillik bor. Ya’ni sakrab, juda tez oyoq harakatlari evaziga raqibiga hujum uyushtiradi. Yaqqol ustunligi esa, uning hujum qilish burchagini yaxshi tanlashidir. Bobousmon Baturov havaskor bokschi sifatida juda yaxshi ko‘rinmoqda. U Pet Makkormakka qarshi jangda juda ko‘p narsalarni o‘rgandi va unda haqiqiy ishtiyoq paydo bo‘ldi.
Muxlislar tomonidan bildirilgan fikrlar esa, yanada qiziqarliroq...
Florian - muxlis
- Madrimovning jang uslubi menga juda yoqadi. U kam sonli janglar bilan chempionlikka da’vogarlar qatorida bo‘lib turibdi. Endi esa Erislandi Lara, Maykl Soro yoki Xeyson Rosario kabi kuchli bokschilar bilan ham o‘zini sinash vaqti keldi. Men ishonamanki Madrimov ularni "yakson" qiladi. Hozirda havaskor boksda og‘ir vaznli bokschilar ichida Jalolovdek tezkor ikkilik zarba beradiganini ko‘rmadim. U hali professinal boksda ham yaxshigina bosh og‘riq bo‘ladi.
Ioannes Paulus (AQSh, Dallas) -muxlis
- Birinchi savolingizga shubhasiz, Isroil Madrimov degan bo‘lardim. Shuningdek, Bektemir Meliqo‘zievga ham muxlislik qilaman. Uni zarbasi o‘ta kuchli va vayronkor. Umuman olganda, barcha o‘zbek bokschilari ajoyib! Ayniqsa ba’zilari Joel Diasdek murabbiy bilan birga...
L.Robo (Slovakiya)– muxlis
- Keyingi yulduz Madrimov! Chunki unda portlash qobiliyati bor. Ajoyib tarzdagi oyoq harakatlari mavjud va pozitsiyasini ham juda tez va samarali o‘zgartiradi. Havaskorda esa, Bahodir Jalolovni aytib o‘tgan bo‘lardim. U juda zo‘r texnikaga ega va elementar kombinatsiyalardan juda yaxshi foydalanadi.
Marcus Bellinger – muxlis
- Professional boksda Bektemir Meliqo‘ziev o‘z vazn toifasi uchun juda kerakli superyulduz bo‘la oladi. Vazn toifasini tez-tez o‘zgartirib turadigan “Kanelo”ni inobatga olmaganda 76.2 kg vaznda Meliqo‘ziev qo‘rqadigan raqibning o‘zi yo‘q. Uning texnikasi va zarba kuchining uyg‘unligi Bektemirni dahshatli raqibga aylantiradi. O‘ylaymanki, u o‘ziga kerakli bo‘lgan janglarga erisha oladi. Havaskor boksda Mirazizbek Mirzaxalilovni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. U xaqiqiy mashina! Mirzaxalilov har bir jangida ish hajmi va gavda harakatlari bilan meni hayron qoldiradi. Yosh o‘zbeklardan esa, Abdumalik Halakovda ulkan salohiyat bor. Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada uning yulduzli onlari ostida kechishiga ishonaman!
HH_Boxing –muxlis
- Madrimov superyulduz bo‘ladi. Chunki u bilan ajoyib promouterlik jamoasi ishlamoqda. Xirnning Isroil bilan bog‘liq juda katta rejalari bor. Bundan tashqari u juda iste’dodli va 66,6 kg va 69, 8 kg vazn toifasida istalgan raqibni mag‘lub eta oladi. Ikkinchi savolingizga kelsak, menga Iqbol Xoldorov juda yoqadi. Chunki menga chapaqay, oyoqda betakror harakat qila oladigan va aldamchi zarbalari bilan har qanday raqibni qiyin holatga solib qo‘yish barobarida ochiq jangga qo‘rqmay kirisha oladigan bokschilar manzur bo‘ladi. Bu jihatlar esa, Xoldorovda mavjud. Shuningdek, Abdumalik Halakov ham yosh va umidli bokschilardan biridir. U ringni yaxshi ko‘ra oladi va raqibni balansda ushlab turib, jangni o‘zining stsenariysi ostida boshqara oladi. Uning imkoniyatlari keng va unda yashirin qurollar mavjud. Yana uning oyoq va qo‘l harakatlari juda tez. Bilasizmi, hamyurtlaringiz orasida ba’zi yosh talantlar ham yoqadi. Misol uchun, Login Petrov, Daler Bozorov, Hojiakbar Mahmudov, Umidillo Abdurasulov, Bilobek Ixvolov hamda Jahongir Zokirovni aytib o‘tgan bo‘lardim.
Fikrlar