"Bunyodkor" bundan buyon "Driver‘s Village" bilan yaqindan hamkorlik qiladi

  • 24.05.2019 12:50
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol

O‘z oldiga doimo yuksak maqsadlarni qo‘yadigan «Bunyodkor» yana bir tarixni yaratdi.

Xabaringiz bor, "qaldirg‘ochlar" ushbu mavsumni «Driver‘s Village» ramzi tushirilgan liboslarda o‘tkazmoqda. Nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqamizda ham «GM Uzbekistan» avtomobillarini sotish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng etakchi avtomarkazlardan biri bo‘lgan ushbu kompaniya endi «Bunyodkor» futbol klubining biznes hamkori hisoblanadi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda. Xabarda aytilishicha kecha «Driver‘s Village» hamda «Bunyodkor» FK rasmiylarining kelishuv shartnomasini imzolash bo‘yicha o‘zaro uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda «Bunyodkor» futbol klubi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mirzaev, direktor o‘rinbosari Abror Imomxo‘jaev, bosh murabbiy Vadim Abramov hamda moliyaviy va marketing bo‘limlari rasmiylari shuningdek, «Driver‘s Village» kompaniyasi Bosh direktori birinchi o‘rinbosari Ravshan Yunusov, hisobchi Jahongir Qurbonov ishtirok etdi.

Uchrashuvda hamkorlik bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar, g‘oyalar va rejalar muhokama qilindi. Qolaversa, hamkorlik doirasini yanada kengaytirish, uzoq yillik rejalar ishlab chiqib, buni amalga tatbiq qilish kelishib olindi.

«Driver‘s Village» kompaniyasi bosh hisobchisi Jahongir Qurbonov hamkorlik bo‘yicha fikr bildirar ekan, buning foydali tomonlarini chiroyli tarzda izohladi: «Erkak kishi borki, futbolga qiziqadi. Futbolga qiziqmagani kamida avtomashinalarning shaydosi bo‘ladi. Yo avtomobili bor yoki sotib olishni rejalashtirgan. Nima demoqchiman? «Bunyodkor»ning o‘yinlarini tomosha qiladigan ishqiboz «Driver‘s Village»ni taniydi, «Driver‘s Village»ni bilgan inson albatta «Bunyodkor»ni ham biladi. Xullas, bu hamkorlik bir-biriga juda bog‘liq, kerak va albatta foydalidir!»

«Bunyodkor» futbol klubi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mirzaev «Driver‘s Village» bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik borasida quyidagi fikrlarni ilgari surdi: «Driver‘s Village» nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda ham etakchi avtomarkazlardan biri sanaladi. Bu hamkorlik bizga nima beradi? Birinchi raqamli avtomarkaz bilan hamkorlik qilish orqali jamoaning ichki muhitiga ham birinchilik kayfiyatini olib kirmoqchimiz. Yana birinchi raqamli bo‘lish orqali «Driver‘s Village» brendini nafaqat O‘zbekistonda, xalqaro maydonda ham reklama qilmoqchimiz! Shu tariqa ikkala birinchi raqamli tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi uzoq muddat davom etishini niyat qilganmiz».

Yig‘ilish yakunida «Bunyodkor» futbol klubi nomidan «Driver‘s Village» kompaniyasiga 7-raqamli ramziy libos va boshqa estalik sovg‘alari topshirildi. O‘z navbatida «Driver‘s Village» kompaniyasi ham «Bunyodkor» muzeyi uchun chiroyli sovg‘a taqdim etdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!