
"Buxoro" etakchisi va "Dinamo" hujumchisi "Qizilqum" yig‘inida qatnashmoqda
Toshkentda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini davom ettirayotgan “Qizilqum” futbolchilari yig‘in doirasida uchinchi nazorat uchrashuvini kecha “Buxoro”ga qarshi o‘tkazishdi.
“Qizilqum” futbolchilari avvalgi ikki uchrashuvni “Surxon” (1:1) va “So‘g‘diyona” (0:0)ga qarshi o‘tkazishgandi. Yig‘in doirasida uchinchi nazorat uchrashuvida ular buxoroliklarni taslim etishdi -3:1. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaning ma’lum qilishicha, ikki nafar futbolchi Maqsud Karimov va Murod Bobojonov jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etishmayapti. Shuningdek, Toshkent yig‘inida jamoa tarkibiga kelib qo‘shilgan Jalil Kimsanov ham ayni paytda navoiyliklar bilan birga emas.
Navoiylik futbol ishiqibozlariga yaxshi tanish bo‘lgan hujumchi Vohid Shodiev, yarim himoyachi Nodirxon Kamolov, asli navoiylik bo‘lgan yarim himoyachi, birinchi davrada “Buxoro” sharafini himoya qilgan Doston Ibragimov ayni paytda jamoa ko‘rigida bo‘lib turishibdi.
“Buxoro”ga qarshi uchrashuvdan keyin futbolchilar qisqa muddatli ta’tilga chiqishdi. Ikkinchi davraning ilk uchrashuvini “Qizilqum” 26 iyul kuni safarda “Navbahor” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar