
Buxoroda sobiq viloyat hokimlari xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkaziladi yoxud to‘rtta yakkakurash turidan iborat super janglar tashkil qilinadi
Buxoro shahri kelayotgan aprel oyida o‘ziga xos ajoyib jang kechasiga mezbonlik qiladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, 5 aprel kuni Buxoro viloyatining asl farzandlari, hokimlik faoliyati mobaynida Buxoro viloyatining, yurtimizning ravnaqi uchun jonbozlik ko‘rsatgan O‘ktam Isaevich Barnoev hamda Karim Jamolovich Kamolovning yorqin xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir o‘tkaziladi.
Ma’lumki, 2020 yil barcha dunyo ahlini larzaga solgan koronavirus pandemiyasi hukumatimiz va shifokorlarimizning jonkuyarligi tufayli boshqa mamlakatlarga nisbatan yurtimizda engilroq o‘tgan bo‘lsa-da, afsuski, yo‘qotishlarga ham uchradik. Aynan, ushbu pandemiya sababli yuqorida ta’kidlab o‘tgan ikki ajoyib inson ham bu yorug‘ olamni tark etgan edi. Albatta, yaxshi insonlar xotirasi abadiydir! Shu nuqtai nazardan ularni yodga olgan holda, yirik xalqaro turnir tashkil etilmoqda.
Mazkur turnir to‘rtta yakkakurash turlaridan o‘tkaziladi va 16 ta jangdan iborat bo‘ladi. Ya’ni, kikboksing, MMA, ushu-sanda, kombat aykido yo‘nalishi bo‘yicha to‘rttadan professional janglar tashkil qilinadi.
Turnir tashkilotchisi, O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi Buxoro viloyati bo‘limi raisi hamda Buxoro qo‘l jangi federatsiyasi rahbari Muzaffar Radjabovning ta’kidlashicha, turnir yuqori darajada tashkillashtiriladi. Shuningdek, xorijdan jangchilar va yurtimizning ko‘zga ko‘ringan sportchilari ushbu jang kechasida ishtirok etadi.
Tez orada turnir ishtirokchilari haqida va umuman bu borada batafsil ma’lumot beramiz. Voqealar rivojini bizda kuzatib boring!
Fikrlar