Buyog‘iga futbolda rekordlar yangilanishi oson bo‘ladi, zerikarli uchrashuvlar soni ko‘payadi. Sabablarga to‘xtalib o‘tamiz
Mbappe Jahon Chempionatida 7 ta gol urdi. Keynda hozircha 6 ta. Xarri katta ehtimol keyingi Mundialda, Kilian esa yana 2-3 ta JChda ishtirok etishi mumkin. Bu faktni eslab qoling.
Messi va Ronalduni AQShda o‘tadigan Mundialda ko‘rmasak kerak. 2026 yildagi Mundialda 48 terma jamoa ishtirok etishidan xabaringiz bor. Bu nima degani? Endi terma jamoalar soni ko‘payadi. Kuchli terma jamoalar u qadar ham kuchli bo‘lmagan mamlakatlarga qarshi harakat qilishi mumkin. Keyingi Mundiallarda o‘yinlar soni oshishi hamda u qadar kuchli bo‘lmagan termalarning eng yirik turnirda ishtiroki ko‘plab afsonalarning rekordini o‘rtamiyona ijrochilar yangilashiga olib keladi. Keyn va Mbappening salohiyatiga shubha qilmayman. Ularni shunchaki misol qilib ko‘rsatdim, xolos. Hali guvohi bo‘lasiz, ayrim afsonalarning natijalari 2026 yilda shunchaki, yaxshi saviyali futbolchilar tomonidan yangilanadi. Biz o‘shanda buni qanday qilib qabul qilarkanmiz?
Mundiallarda urilgan gollar:
Maradona - 8 ta
Ronaldu - 8 ta
Messi - 8 ta
Mbappe - 7 ta
Keyn - 6 ta 
Yana bir jihat
Jahon Chempionati bilan bir qatorda 2024 yildan Evropa Chempionlar ligasi formatiga ham o‘zgartirish kiritiladi. Jamoalar soni 36 taga oshiriladi. O‘yinlar soni ham sezilarli darajada oshadi. Marketing yo‘lida xizmat qilayotgan va shu orqali mo‘may daromad olayotgan futbol o‘z brendiga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Kecha SPORTS.uz You tube sahifasida bo‘lgan podkastda Yahyoxo‘ja aka Mundial zerikarli o‘tayotganini ta’kidlagandi. Qisman to‘g‘ri aytayotgandir. Eski davrni ko‘rgan insonda solishtiruv bo‘ladi, albatta. Bu yilgi Jahon Chempionati zerikarli o‘tayotgani 60-70 foiz muxlislarga bir faktor evaziga bilinmayotgan bo‘lishi mumkin. Yana o‘sha ikki futbolchi bunga sababchi. Biroq ularning karerasi ham intihosiga yaqinlashib qoldi. Buyog‘iga vaziyat qanday tus oladi? Aniq nimadir deya olmayman. Balki yangi "Messi" va "Ronaldu"lar paydo bo‘lar va hamma ular bilan ovunib, umumiy kartinani esdan chiqarar. Biroq holis va faqat futbolning o‘zini sevib tomosha qiluvchilarning talabani qondira oladigan o‘yinlarni bizga futbol kam taqdim etishi bor gap. 
Futbol ham bir joyda turmaydi. Progress bo‘lishi tabiiy. Maksimalizmga intilayotgan va futbolni pullashni zo‘r uddalayotgan tashkilotlar o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘lgan boshqa jihatlar ham bor. MMAning UFC promousheni 1-2 oy muddatda o‘tkaziladi va dunyo bo‘ylab juda katta qiziqish bilan undagi janglar tomosha qilinadi. Haftasiga sevimli jamoamizning o‘yini 3 martalab ko‘ramiz, nomdor terma jamoalarning o‘zaro bahslarini qandaydir Millatlar ligasi turnirida qisqa muddat ichida bir necha bor tomosha qilyapmiz. Sog‘inch hissini ham asta-sekin unutib qo‘ymoqdamiz. Mazkur turnirda bir qator sensatsiyalar guvohi bo‘ldik. Aslida, gap yondashuvda ekan. Buni bu safargi Mundial isbotlab beryapti. Futbolchi, murabbiylar ayrim rasmiy uchrashuvlarga bee’tibor yondashayotgani sonning oshishi, sifatning esa pasayotganidan dalolat.
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar