
Dastin Pore Islam Maxachevni mag‘lub etishga qodirmi? (Tahlil)
Xabaringiz bor, 2 iyun kuni “UFC 302” turniri bo‘lib o‘tadi. Markaziy jangda engil vazn chempionligi uchun Dastin Pore amaldagi chempion Islom Maxachevga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Albatta, ushbu jang borasida turli xil fikrlar yangramoqda. Ya’ni, ko‘pchilik Maxachevning imkoniyatini yuqori baholayotgan bo‘lsa, Dastin Porening g‘alaba qozonishiga ishonayotganlar ham yo‘q emas.
Biz ham ushbu qarama-qarshilik borasida, biroz tahliliy fikr yuritamiz...
- Demak, Dastin Pore ushbu jangdan so‘ng, katta ehtimol bilan faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi va unda qandaydir motivatsiyalar ham yo‘q emas. Ha, u “stoyka”da benazir jangchilardan biri hisoblanadi. Biroq, baribir Pore hozirda eng yuqori jismoniy holatga ega deb ayta olmaymiz. So‘ngi janglarida uning imkoniyatlariga guvoh bo‘ldik. Jastin Getjidan chuqur nokautga uchrashi va Sen-Deniga deyarli imkoniyat boy berilayotgan jangida omadli zarba evaziga g‘alaba! Qolaversa, yosh ham o‘z so‘zini aytmoqda. Uning birgina kuchli jihati va g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin bo‘lgan “qurol”i bu uning kuchli qo‘l zarbasi deyishimiz mumkin. To‘g‘ri oyoq zarbalari ham yo‘q emas, ammo bu jabhalarga Islamda etari darajada himoya mavjud. Umuman olganda qolgan barcha jabhada u Maxachevga muammo tug‘dira olmaydi.
Islom Maxachevning mukammal kurashiga Dastinni dosh berishi amrimahol. Ehtimol, 1-raundda “teyk-daun”larda himoyalanishga urinib ko‘rar. Biroq, baribir Maxachev uni “parter”ga torta oladi va nazorati va kuchli grepplingi evaziga u Poreni xoldan toydiradi. Ehtimol, Pore “gilotina”ga ham urunib ko‘rar, lekin bu Maxachevning baquvvat bo‘yni va jag‘i uchun muammo tug‘dirmasa kerak. Xullas, jang to‘liq davom etmaydi. Katta ehtimol bilan 2 raundda Maxachev bo‘g‘ish yoki texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonishini taxmin qilmoqdaman. Imkoniyatlar 70/30! Albatta, bu shaxsiy fikr. Aslida nima bo‘lishini 2-iyun kuni bilib olamiz!
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar