Davron Fayziev: Ha, "Neftchi"ga yangi futbolchilar qo‘shilyapti, ammo o‘zimni jamoam eng kuchlisi!

  • 29 yanvar, 2021, 22:36
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubini Farg‘onada “Hokim kubogi” musobaqasida ishtirok etayotganini bilsangiz kerak. Ular shu bilan birga o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlarini ham o‘tkazmoqda. Saytimizni kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, jamoa tarkibida ham o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Tecno

Bosh murabbiy Davron Fayziev sports.uz uchun “Buxoro”dagi oxirgi yangiliklar haqida shunday dedi:

- Jamoamizga Qahramon Bahodirov, San’at Shixov, Azamat Isroilov kabi o‘yinchilar qo‘shilgan. Shixov bilan shartnoma imzoladik. Japparov bilan ham bir yillik bitim tuzildi. Isroilov bilan Bahodirov masalasi tez kunlarda hal bo‘ladi. Jamoamizda turkmanistonlik hujumchi Didar Durdiev ko‘rikda bo‘lib turibdi. U o‘tgan yili “Mash’al”da to‘p surgan. Tojikistonlik futbolchi Davron Ergashev masalasi hamon ochiq. U hozirda Tojikiston terma jamoasining yig‘inida ishtirok etyapti. O‘sha yig‘indan keyin vaziyatga qarab gaplashamiz. Unga boshqa klublardan ham takliflar bor ekan. Bundan tashqari, jamoamizda legionerlardan qirg‘izistonlik Adilet Kanibekov shug‘ullanyapti. Yoshlar terma jamoasida o‘ynagan. U yarim himoyachi. Ammo hozircha biror-bir fikr bildira olmayman. Ushbu futbolchi ham hozircha ko‘rikdan o‘tyapti. O‘yinlarda tekshirib ko‘ryapmiz.

fayzievd

Shuningdek, “Buxoro”ga yana boshqa legionerlar qo‘shiladimi? Yoki yuqoridagilar bilan cheklanmoqchimi? Bu xususida bosh murabbiyning javobi quyidagicha bo‘ldi:

- O‘zimizning chempionatda to‘p surgan futbolchilar bilan gaplashganmiz. Agar ularni o‘z tarkibimizga qo‘shib ololmasak, unda yana legionerlar jalb qilishimiz kerak bo‘ladi. Bu borada ham muzokaralar olib borilyapti. Biz asosan hujumchi va himoyachi pozitsiyasiga olmoqchimiz. Rossiya, Ukraina, Serbiya kabi mamlakatlardan futbolchilarni ko‘ryapmiz. Cho‘ntagimizga qarab ish tutamiz. Hammasi o‘zimizning futbolchilar masalasini qanchalik hal qila olishimizga bog‘liq. Lekin o‘zim ham ko‘proq mahalliy futbolchilarimiz bo‘lishining tarafdoriman. Ammo hozir aytganimdek, o‘zimiz istagan o‘yinchilarni tarkibga qo‘sha olmasak, unda legionerlarni ko‘rib chiqamiz.

fayziev2_2

Buxorolik bir qator futbolchilar jamoa bilan birga emaslar. Misol uchun, Bobur Omonov va yana boshqalarni aytish mumkin. Ma’lum bo‘lishicha, ular jarohatlangan. Lekin bosh murabbiy buxorolik o‘yinchilarni o‘z holiga tashlab qo‘ymoqchi emas.

- Bobur Omonov, Behruz Shodmonov va Bekzod Saidov o‘tgan yili jiddiy jarohat olishgan. Hozir jarohatlarini davolatishyapti. Kimdir olti oy, yana kimdir sakkiz oyga safdan chiqqan. Rahbarlar bilan gaplashib, ularga ham e’tibor qaratish kerakligini iltimos qildim. Rahbarlar yo‘q deyishmadi. Agar yana o‘ynab ketishsa, o‘zimizga qaytaramiz. Ular “Buxoro” uchun o‘ynab, jarohat orttirgan. O‘zim ham futbolchi bo‘lganman va bunday holatni yaxshi tushunganim uchun ularni ko‘chaga tashlab qo‘yish yaxshi emasdi, - dedi “Buxoro” ustozi.

Shu bilan birga jamoaning keyingi rejasi qanday bo‘ladi? “Hokim kubogi” musobaqasidan so‘ng, “Buxoro” tayyorgarlikni qaerda davom ettirishi borasida ham murabbiy shunday dedi:  

- Farg‘onadan keyin Toshkentda yig‘inimizni davom ettiramiz va u erda ham bir qator nazorat bellashuvlarini o‘tkazamiz. Ammo Farg‘onadagi “Hokim kubogi”da ham yomon o‘yinlar bo‘layotgani yo‘q.

fayzievd3

Pro-ligadagi raqobat bu yil kuchli ko‘rinishda bo‘lishi shubhasiz. Chunki u erdagi jamoalar o‘z tarkiblarini ancha kuchaytirishyapti. Ayniqsa, “Neftchi”ning olib borayotgan selektsiyasi ham e’tiborga molik bo‘lmoqda. Bu to‘g‘risida “Buxoro” ustoziga murojaat qilgan holda ushbu jamoaga qanchalik e’tibor qarayotgani bilan qiziqdik.

- O‘tgan safar ham aytgandim, biz uchun pro-ligada qatnashayotgan hamma jamoa asosiy raqib hisoblanadi. “Neftchi”ga kelsak, ha, tarkibiga yangi o‘yinchilar qo‘shilyapti. Ammo hali mavsum uzoq, hamma narsaga vaqt oliy hakam. Ko‘ramiz, o‘zaro o‘yinlarda “Neftchi”ning kuchiga baho beramiz. Har bir murabbiy o‘z jamoasini kuchli deb hisoblaydi. Xuddi shu qatori men uchun ham o‘zimning jamoam eng kuchlisi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!