Dilshod Nuraliev: "Lokomotiv"da tajriba katta, "Bunyodkor"da esa ishtiyoq baland
Ertaga Superliganing 18-tur bahslariga start beriladi. Chorshanba kuni esa «Surxon» - «Qizilqum» to‘qnashuvi orqali turga yakun yasaladi. Ikkinchi davra barcha jamoalar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois borgan sari o‘yinlarning shiddati va murosasizlik ruhi ortib boryapti. 18-turda ham siz bilan bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turganiga shubha yo‘q. Masalan, Toshkentda «Lokomotiv» hamda «Bunyodkor» o‘rtasidagi bahs turning markaziy uchrashuvi maqomiga juda mos tushadi. Shuningdek, boshqa juftliklarga bo‘lgan qiziqish ham katta. Shu bois mazkur tur oldidan 2012 yilgi o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev jamoalarning imkoniyatlarini tahlil qilib chiqdi.
26 avgust (dushanba)
«Lokomotiv» - «Bunyodkor»
- Ikkala jamoaga ham og‘ir bo‘ladi. Chunki «Bunyodkor»ga ham, «Lokomotiv»ga ham g‘alaba kerak. «Lokomotiv» jamoasida tajribali o‘yinchilar yig‘ilgan. Lekin shu bilan birga «Bunyodkor» klubida ishtiyoq baland ekanligini aytishim mumkin. Shu sababli ular o‘yinning tempini ushlab olishdi. O‘ylashimcha, «Lokomotiv»ga og‘ir bo‘ladi. Shu kuni chiroyli, hujumlarga boy o‘yin ko‘ramiz deb umid qilaman. Ammo kim yutishini ayta olmayman. Nazarimda, kuchlar teng kelsa kerak.
Imkoniyatlar: 50x50
«Metallurg» - «Navbahor»
- «Metallurg» bu turda o‘z maydonida o‘ynaydi. Shuning uchun «Navbahor»ga yana qiyin bo‘ladi deb o‘ylayman. Qolaversa, bekobodliklar o‘z maydonida kuchliroq va chiroyli o‘yin ko‘rsatishyapti. Mening fikrimcha, «Metallurg» o‘z maydonida g‘alaba qozona oladi. Buning ustiga «Navbahor»ning oxirgi paytlardagi omadsizligi ham ularga ta’sir qilishi mumkin.
Imkoniyatlar: 60x40
27 avgust (seshanba)
«Dinamo» - «Buxoro»
- Davron Fayziev «Dinamo»da tajribali o‘yinchilar bo‘lma-da, yaxshi jamoani shakllantira oldi. «Buxoro»da esa mahoratli futbolchilar bilan birga legionerlar ham talaygina. Lekin, o‘ylashimcha, «Dinamo» o‘z maydonida g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubormaydi. «Buxoro»ga ancha og‘ir bo‘ladi. Samarqandliklar ikkinchi davradagi ilk g‘alabasiga erishadi deb o‘ylayapman.
Imkoniyatlar: 60x40
«Paxtakor» - «Andijon»
- Hamma biladi, «Paxtakor»ning tarkibi juda ham kuchli. Shunga yarasha ular chiroyli va hujumkor futbol ko‘rsatishyapti. «Paxtakor»da ko‘p narsaga qodir bo‘lgan, rang-barang o‘yin ko‘rsatadigan futbolchilar bor. Maydon egalarining g‘alabasiga ko‘pchilik shubha qilmayotgan bo‘lsa kerak. «Paxtakor»ning muvaffaqiyat qozonishini 80 foizga baholayman.
Imkoniyatlar: 80x20.
«Nasaf» - «Qo‘qon-1912»
- Qo‘qonliklar uchta o‘yindan beri ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib kelishyapti. Ammo shuni ham unutmaslik kerakki, «Nasaf» jamoasida yaxshi o‘yin tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ayniqsa, tarkibi iqtidorli yoshlardan tashkil topgan va «Nasaf»ning futbolchilari g‘alabaga juda chanqoq. O‘ylashimcha, qarshiliklar oson bo‘lmagan g‘alabani qo‘lga kiritishadi.
Imkoniyatlar: 60x40
«So‘g‘diyona» - AGMK
- AGMKda tajribali murabbiy va shu bilan birga tajribali o‘yinchilar ham bor. Ammo «So‘g‘diyona» mavsumni yaxshi o‘tkazyapti va ikkinchi davrani ham ko‘tarinki ruhda davom ettiryapti. Shunga qaramay, jizzaxliklar O‘zbekiston Kubogi chorak finalida o‘z uyida muxlislari qarshisida «Bunyodkor»ga yutqazib qo‘yishdi. Bu safar ishqibozlarini quvontirish uchun bor kuchini ishga solishsa kerak. Menimcha, ushbu qarama-qarshilikda durangga ko‘proq moyillik bor.
Imkoniyatlar: 50x50
28 avgust (chorshanba)
«Surxon» - «Qizilqum»
- «Qizilqum» ikkinchi davrada tarkibiga legionerlarni oldi. Lekin hali bu jamoaning o‘yinida biror nimani ko‘rganim yo‘q. «Surxon» esa o‘z uyida o‘ynaydi va kichik tashabbus ularning tomonida bo‘lishi aniq. Shu sababli termizliklar muxlislari ko‘z o‘ngida o‘tadigan bellashuvda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubormasa kerak.
Imkoniyatlar: 60x40

Fikrlar
Чунки учрашув Куконда утказилса керак, майли Куконни хам галабага тулик хакки бор.
Насаф мухлисларига хурмат саклаган холда Куконга ОМАД тилайман.
Кукон Насафни шу турда ютса ютибдида.
Металлург-Навбахор учрашувини бахолашда хам адашдингиз менимча камида 50х50.