
"Dinamo" va Abramov hazillashmayapti, chog‘i yoxud Kubok yarim finalida siz kutgan juftliklarmi?
O‘zbekiston Superligasidan keyin O‘zbekiston Kubogi musobaqasi ham muxlislarning e’tiborida. Asta-sekin Kubok bahslari o‘z manziliga yaqinlashib qoldi.
Sovrin uchun 4 ta da’vogar qoldi. Ulardan uchtasi Superliga va bittasi pro liga vakili sanaladi. Bular – “Navbahor”, “Nasaf”, OKMK va “Dinamo” klublari. Babayan jamoasi chorak finalda “Surxon”ni taslim qildi. “Nasaf” qiyinchilik bilan safarda “Turon”ni mag‘lub etib qaytdi. OKMK “Xorazm”ni enggan bo‘lsa, “Dinamo” Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik”ni dog‘da qoldirib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Kuni kecha yarim finalga qur’a tashlandi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, “Nasaf” “Dinamo”ga, OKMK esa “Navbahor”ga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi. O‘ziga yarasha qiziqarli juftliklar, shunday emasmi? Ayniqsa, pro liga etakchilaridan biri “Dinamo”ning yarim finalgacha etib kelishi ajoyib natija. Bosh murabbiy Vadim Abramov yana sovrinlarni sog‘inib qolganini ko‘rsatib qo‘yayotgandek, go‘yo. Bunga “Paxtakor”ni va undan so‘ng “Olimpik”ni taslim qilgani misol bo‘ladi. Endi Kubok yo‘lida “Nasaf”ni musobaqadan chiqarib yuborishi kerak bo‘ladi. Ammo joriy yilgi Superkubokning egasi osonlikcha engiladiganlardan emas.
Aytmoqchimizki, “Nasaf” – “Dinamo” qarama-qarshiligi juda tomoshabop o‘tsa kerak. “Dinamo”ning Kubokdagi ertaknamo natijalari yana davom etadimi yoki yarim finalda “Nasaf” samarqandliklarni to‘xtatib qoladimi? Buni kuzatish qiziq. Lekin nima bo‘lganda ham pro liga vakilining O‘zbekiston Kubogi yarim finaligacha etib kelganining o‘zi katta gap. Chunki hech kim ulardan bunday natijani kutmagan bo‘lsa kerak.
Yana bir juftlikda OKMK – “Navbahor” o‘rtasidagi qattiq jangga guvoh bo‘lamiz. Buni finaldan oldingi final desak to‘g‘riroq bo‘lardi. Yaqinda Namanganda mazkur klublar o‘rtasidagi uchrashuvda g‘olib aniqlanmagandi. Endi ularni yana yo‘llari kesishadigan bo‘ldi. Qosimov va Babayan to‘qnashuvida biz yana keskin murosasizlikni ko‘rishimiz shubhasiz. Ikkalasini maqsadi Kubokni yutish. Demak, favoritlardan biri yarim finalda qoqilishi muqarrar.
Eslatib o‘tamiz, yarim final uchrashuvlari 19 oktyarbda, final esa 12 noyabr kuniga tayin qilingan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar