
Diyor Imomxo‘jaev: Bu uchrashuv shamol jangi sifatida yodda qoladigan bo‘ldi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev "Metallurg" klubidagi o‘zgarishlar haqida gapirdi.
"Superliga 3-turidan o‘rin olgan Metallurg — Surxon uchrashuvini Bekobodda kuzatdik. Kelajakda bu uchrashuv shamol jangi sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.
Shu kuni Metallurgiya kombinati ijrochi direktori Dilshod aka Ahmedov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Nasib bo‘lsa, iyun oyi so‘ngiga qadar stadion projektorlari 2000 lyuksgacha olib chiqiladi. Sentyabrga qadar klubga tegishli qator futbol maydonlarining holatini sezilarli yaxshilash imkonini beradigan zamonaviy texnologiyalar sotib olinadi. Mavsum yakunida esa asosiy stadion drenaj tizimi yangilanadi hamda maydon maysasi almashtiriladi. Bu bizga 2023 yilgi mavsumda yana bir ajoyib futbol maydonga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Bekoboddagi stadionda yugurish yo‘laklari yo‘qligi inobatga olinsa, etarli darajadagi yorug‘lik hamda sifatli maydon chimi bilan haqiqiy inglizcha muhit hosil qilish imkoniyati mavjud.
Metallurg bazasi Superliga klublari bilan solishtirganda eng zamonaviylaridan biri. Bazaning mashg‘ulot maydoni iyun oyiga qadar tayyor bo‘ladi. Shuningdek, klub akademiyasida umumiy hisobda 2 tadan katta sun’iy va tabiiy maydonlar yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Tahminan 2026 yilga kelib, Metallurg Nasaf singari loyihaga to‘liq aylanib ulguradi. Bugun bu yo‘lda juda katta qadam tashlab bo‘lingan. Mazkur loyiha Toshkent, Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax va boshqa viloyatlarning iqtidorli yoshlarini qamrab oladi.
Ma’lumot uchun, Metallurg 2022 yilgi mavsum uchun faqatgina 1 nafar legioner futbolchini ro‘yxatdan o‘tkazdi. U ham qo‘shni Tojikistondan. Qolgan holatlarda klub mahalliy futbolchilarga e’tibor qaratmoqda va ularning kamol topishi uchun ispaniyalik mutaxassislar xizmatidan foydalanmoqda", - deb yozdi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar