
Doston Turdiev:Shohjaxon Ergashev hamda Bobousmon Boturovlar jiddiy raqib bo‘lgandi
- Avvalo, professional boksda navbatdagi g‘alabaga erishganingiz bilan tabriklayman. O‘z o‘rnida suxbatimizni ushbu boks oqshomi borasidagi taassurotlaringiz bilan boshlasak?
- Katta raxmat. Bu boks kechasi borasida faqat yaxshi gaplarni gapirish mumkin. O‘zingiz guvoxi bo‘lgan bo‘lsangiz, xech qanday jahon standartlaridan qolishmadi. Bu borada fidoyilik qilgan insonlar Nabijon Ismonov, Zufar Sulaymonov, Xusrav Nasrullaev qolaversa, O‘zbekiston professional boks Federatsiyasi, “SAFPRO”promousheni hamda “REAL HAUS” mutasaddilariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.
- Mazkur jangda raqibingiz debyutant yosh bokschi Islom Nasrullaev bo‘ldi. Aytingchi, Islomning harakatlari uning jang olib borish uslublari borasida nima deya olasiz. Uni professional boksdagi kelajagi qanday bo‘lishi mumkin?
- Islomda professional bokschiga kerak bo‘lgan barcha narsa bor. Kuchli zarba, bo‘y borasida ham mukammal, qo‘llari ham uzun, umuman olganda yaxshi xislatlarga ega. Albatta, professional boks olamiga endi kirib kelmoqda. O‘ylaymanki, o‘z ustida ishlasa yaxshi natijalarni qayd eta oladi.
- Mana ettinchi g‘alabangizni qayd etdingiz. Ushbu zafarlar zamirida havaskor boksda olgan tajribalaringiz qo‘l kelayapti deb o‘ylaysizmi?
- Albatta. Texnik va taktik tomonlardan juda ko‘p asqotadi.
- Keling xavaskor boksdagi natijalaringizga e’tibor qaratamiz. Eng katta armoningiz shubxasiz Olimpiadada ishtirok eta olmaganligingiz bo‘lsa kerak?
- Shubhasiz. Havaskor boksda juda ko‘p g‘alabalarni, sovrinlarni qo‘lga kiritdim. Lekin Olimpiadada ishtirok etishni har qanday sportchi ham orzu qiladi. Albatta, bu o‘ziga xos armonim desam yanglishmagan bo‘laman.
- 2016 yilgi Olimpiada yo‘lidagi so‘ngi O‘zbekiston chempionatida 69 kg vazn toifasida juda kuchli raqobat kechgandi. Shaxram G‘iyosov, Bobousmon Boturov, Isroil Madrimov, Maxmud G‘oyipov va siz ayni shular ichida finalga qadar etib borgandingiz. Aynan Shaxram bilan kechgan jangda sizga nima etishmagan edi?
- Barchasi yaratganni inoyati. To‘g‘ri aytasiz, 2015 yilgi chempionatda bizning vaznimizda juda kuchli bokschilar yig‘ilgandi. Bir-biridan har qanday jabxada qolishmasdi. Lekin barchamizdan Shahram kuchliroq chiqdi va g‘alabani qo‘lga kiritdi. Albatta finalga qadar etib bordim. Lekin o‘sha kun Shahramniki edi. O‘sha jangda biroz tezligim pand bergan.
- Faoliyatingiz mobaynida Shoxjaxon Ergashev bilan ikki bora duch kelgansiz va g‘alba qozona olgandingiz. Yaqindagini Shoxjaxon bilan birga mashg‘ulotlarda ishtirok etdingiz. Aytingchi avvalgi Shoxjaxon bilan xozirgisining farqi nimada? U qanchalik darajada kuchaya olgan?
- To‘g‘ri, u bilan duch kelganman. Do‘stim bo‘ladi. Qolaversa, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ko‘p birga bo‘lganmiz. Uning zarbasi juda kuchli ya’ni professional boksga juda mos. Havaskorda katta natijalar ko‘rsatish uchun biroz tezlik etishmagan bo‘lishi mumkin. Albatta, bu shaxsiy fikrim. Lekin u hozir profida ajoyib harakat qilmoqda. Katta o‘sishga erishgan. Bir so‘z bilan aytganda mutlaqo boshqa Shohjaxonga aylangan. O‘z o‘rnida unga nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritishga tilakdoshman.
- Bobousmon Boturov borasida qanday fikrdasiz? Aynan o‘sha 2015 yili uni yutib finalga chiqqan edingiz. Hozirda, u yurtimizda 69 kg vazn toifasida birinchi raqamli hisoblanadi?
- Bobousmon juda kuchli harakterga ega. Doimiy raqibni bosim ustida ushlab turadi. Doimo, birinchi raqamli bokschi bo‘lishga harakat qiladi. Raqiblari uning taqib qilishi natijasida xoldan toyadi. 2015 yil u bilan final ostonasidagi jang juda shiddatli bo‘lgandi.
- 16 iyun kuni bo‘lib o‘tgan professional boks oqshomida Janubiy Koreyaning “Cocky Buffalo”promouterlik kompaniyasi vakillari tashrif buyurgan edi. Jangdan so‘ng, siz bilan muloqotda bo‘lishdi. Aytingchi, balki o‘ziga xos yangilik bordir?
- Mazkur promoushen vakillari albatta g‘alaba bilan tabriklashdi. Qolaversa, xozir murabbiyim Nabijon Ismonov bilan shartnoma borasida muxokama bo‘lmoqda.O‘ylaymanki, tez kunlarda yangilik bo‘lib qoladi.
- Murabbiyingiz borasida aytib o‘tdingiz. Hozirgi kundagi natijalaringiz qolaversa havaskordagi muvaffaqiyatlar bevosita Nabijon Ismonovga bog‘liq desak mubolag‘a bo‘lmas?
- Avvalo, murabbiyimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.Nimaga erishga bo‘lsam barchasi shu insonga bog‘liq. Ancha yildan beri birga ishlab kelamiz. O‘z o‘rnida murabbiy, kerak bo‘lsa siz bilan do‘st sifatida ham gaplasha oladi. Kuchli psixolog. Qolaversa, katta tajribaga ega. Horijda ham yaxshi bilishadi. Chechenistondan professional bokschilarni tayyorlash uchun takliflar bo‘lganligi ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Men uchun har doim jon kuyiktirib kelgan. Nasib qilsa, ishonchlarini oqlashga harakat qilaman!
- Profida ettita jangingizni nechtasini yurtimizda o‘tkazgansiz?
- Uchta jangim horijda bo‘lgan. To‘rttasini vatanimizda o‘tkazganman. Raqiblarimni 4 nafari boshqa yurt vakillari bo‘lgan.
- Ma’lum bir vaqt boks olamida ko‘zga tashlanmadingiz. Bunga nima sabab bo‘lgandi. Balki, oila qurganligingiz bo‘lsa kerak?
- Albatta, orada bir oz tanaffus bo‘ldi. Jarohatlar girdobida qolib ketdim. Oila qurganligim ham rost. Aynan shu omillar sabab bo‘ldi deb o‘ylayman.
- Jang olib borish uslubingizga e’tibor qaratsak avvallari oyoq bilan faol ishlardingiz. Hozir biroz bu boradagi harakatlaringiz susaygandek. Bu taktik o‘zgarishmi yoki xali to‘la formaga kirib ulgurmadingizmi?
- To‘g‘ri, avval oyoqda ko‘p harakat qilardim. Lekin 10-12 raundlik janglarda bu qo‘l kelmasligi ham mumkin. Bu uchun katta energiya ketadi va oqibatda tez charchab qolishingiz mumkin. Shuning uchun, taktikani biroz o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Tailandda o‘tkazgan 10 raundlik jangimda shunday yo‘l tutishga to‘g‘ri kelgandi.
- Balki, havaskor boksda ham o‘zingizni sinab ko‘rarsiz. Chunki, xozirgi kunda 69 kg vazn toifasida biroz raqobat kamroqdek nazarimda. Misol uchun, Bobousmon Boturov, Iqboljon Xoldarovlardan boshqa bokschilarni eslay olmadim to‘g‘risi?
- Xech qachon dema degan naql borku. Balki qaytib qolarman. Aslida, professional yo‘nalishdan chalg‘ish niyatim yo‘q. Ushbu vazn toifasida mamlakatimizda kuchli bokschilar etarlicha topiladi.
- Profida faoliyat yuritayotgan tengdoshlaringiz, orasida hozirgi kunda kimning imkoniyatlarini yuqori baxolaysiz?
- Umuman olganda barchasida imkoniyat mavjud. Lekin Qudratullo Abduqaxxorovning jang olib borish uslublariga xavas qilsa arziydi. O‘z navbatida qoyil ham qolmoqdaman. Uning nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritishiga ishonaman. Albatta, bunga oz fursatlar qoldi.
- Odatda, chapaqay bokschi hisoblanasiz. Chapaqaylikning o‘ziga xos ijobiy va salbiy jihatlarini aytib o‘ta olasizmi?
- Chapaqay bokschilar odatda noqulay raqib sanaladi. Ijobiy tarafi jigarga zarba berish bir muncha osonroq bo‘ladi. Salbiy tarafi borasida birorta fakt ayta olmayman.
Ahmadbek EShMATOV tayyorladi.
Fikrlar