
Doston Yoqubov 2017 yilning eng yaxshi og‘ir atletikachisi
O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi yil yakunlariga bag‘ishlangan tantanali kecha tashkil etdi. Poytaxtimizdagi “Miran” mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan kechada O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisi Botir Zakirovlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida og‘ir atletika federatsiyasi bir necha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar nomini e’lon qildi va ularni diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi. Dastlab R.Qurbonov joriy yilning 30 noyabr-6 dekabr kunlari AQShning Anaxaym shahrida bo‘lib o‘tgan kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlariga davlatimiz tomonidan ajratilgan pul mukofotlarini topshirdi.
Xabaringiz bor, okean ortida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk marotaba musobaqani kuchli uchlikda yakunladi. Doston Yoqubov 69 kg. vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 94 kg. vazn toifasida Farxodbek Sobirov kumush medalini qo‘lga kiritdi. Ivan Efremov esa 105 kg. vaznda bittadan kumush va bronza medallariga ega chiqdi. Shuningdek, Adhamjon Ergashev ( 62 kg.) delegatsiyamiz hisobiga bronza medalini qo‘shib qo‘ydi.
Taqdirlash marosimida oltin medal sohibi Doston Yoqubovga 12 000, Farxodbek Sobirov va Ivan Efremovlarga 6 000 va Adhamjon Ergashevga 3 000 AQSh dollari miqdorida mukofot pullariga sertifikat topshirildi.
Doston Yoqubov shuningdek, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb e’lon qilindi va diplom hamda esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi. Uning ustozi Farxod Mirzadjanov esa “Yilning eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida g‘olib chiqdi va federatsiya rahbariyati tomonidan mukofotlandi.
Federatsiyaning rag‘batlantiruvchi mukofotlari ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun sport faxriysi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi Erkin Karimov va O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi katta murabbiyi Boris Savchenkoga topshirildi.
Federatsiyaning Xorazm viloyati bo‘limi terma jamoalarimizga munosib nomzodlar etishtirib berishdagi alohida faolligi va mintaqada sportning ushbu turi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hisobga olinib “Yilning eng yaxshi hududiy federatsiyasi” nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Fikrlar