
Dovurxon Karomatov: “Mard o‘g‘lon” mukofoti Paralimpiya o‘yinlaridan oldin menga katta motivatsiya bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmoniga binoan 30 iyun – «Yoshlar kuni» munosabati bilan turli sohalarda faol bo‘lgan yosh avlod vakillari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, ular orasida para dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Dovurxon Karomatov ham bor.
Mahoratli sportchimiz bu boradagi taassurotlari haqida qisqacha gapirib berdi.
-Men olis Qashqadaryoning Koson tumanida oddiy oilada dunyoga keldim. Menga kurashga bo‘lgan qiziqish qonimdan o‘tgan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki ota-bobom ham o‘z vaqtida milliy kurashimiz bilan muntazam shug‘ullangan va katta davralarda bel olishgan.
Para dzyudo sport turi bilan 5-6 sinfda o‘qib yurgan kezlarimdan boshlab shug‘ullanib kelaman. Garchi ko‘zimda nuqsonim bo‘lsada, davlatimiz tomonidan men kabi jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratib berilgan ulkan imkoniyatlar tufayli o‘z iqtidorimni namoyon qila oldim. O‘tgan davr mobaynida para dzyudo bo‘yicha ko‘plab xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Eng muhimi, joriy yil Tokio shahrida bo‘ladigan navbatdagi yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritdim.
Hayotimdagi eng unutilmas kun esa 30 iyun kuni sodir bo‘ldi. “Yoshlar kuni” munosabati bilan mening kamtargina mehnatlarim yuqori baholandi va men “Mard o‘g‘lon” mukofoti bilan taqdirlandim. Eng ahamiyatlisi, ushbu mukofotni menga muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlari o‘z qo‘llari bilan topshirdi.
Bu mukofot Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlari oldidan menga katta motivatsiya berdi. Prezidentimiz tomonidan menga nisbatan bildirilgan ushbu yuksak ishonchni Paralimpiya o‘yinlaridagi o‘zimning oltin medalim bilan oqlashga va’da beraman. Nasib qilsa, Yaponiyadan Vatanimiz Mustaqilligining 30 yilligiga munosib sovg‘a bilan qaytaman.
Fikrlar