Dubayni zabt etayotgan o‘zbekistonlik murabbiylar haqida eshitganmisiz?

CHERY AUTO

Ko‘p yillardan buyon o‘zbek sportchilari, ya’ni yakkakurash ustalari BAAda o‘z janglarini o‘tkazib kelmoqda. Bu borada sportchilarimizga arab zaminida murabbiylik qilayotgan Hasan va Husan Majlimovlar yaqindan yordam berayotganligini eshitamiz. Abu-Dabi yoki Dubay shahriga borib jang qilgan o‘zbekistonlik sportchilarning barchasi ushbu insonlar haqida iliq fikrlar bildiradi.

Tecno

Biz aka-ukalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish uchun Hasan Majlimov bilan bog‘landik va uni suhbatga tortdik. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz!

-  Assalomu alaykum.

-  Va alaykum assalom. Assalom-u alaykum.

Sizlar haqingizda juda ko‘p eshitganmiz va anchadan buyon intervyu qilishni maqsad qilgan edik.

-  To‘g‘risi, e’tibor uchun juda xursand bo‘ldik.

-  Demak, savollar berishni boshlasam bo‘ladi?

-  Albatta. Imkon qadar javob berishga harakat qilaman.

Avvalo, o‘zingiz haqingizda biroz ma’lumot bersangiz?

-  Biz  1987 yil 3 dekabrda Toshkent shahri Mirobod tumanida tavallud topganmiz. Men va Husan Majlimov  “Dinamo” sport majmuasida shug‘ullanganmiz. Murabbiyimiz Asad O‘rinov bo‘lgan.

aka-uka

Qaysi sport turi bilan shug‘ullangansizlar?

-  Bir nechta jangovar sport turlarini aytishim mumkin. Jumladan, qo‘l jangi, boks, kikboksing.

Natijalar qanday bo‘lgan?

-  Qo‘l jangidan,adashmasam, 10-15 marta O‘zbekiston chempioni, kikboksingdan O‘zbekiston chempioni, Osiyo va jahon chempioni bo‘lganmiz.

-  Barchani arab diyorida murabbiy sifatida qanday o‘z o‘rningizni topganingiz va klub faoliyati qiziqtiradi. Shu haqida ham aytib o‘tsangiz.

-  Ikkimizni bu erga janglarga taklif qilishgandi. 2012 yil Dubayga kelganmiz. K-1, kikboksing, boks va MMA bo‘yicha turnirlarda ishtirok etib yurardik. Shu tariqa, bu erda murabbiy bo‘lib qolib ketdik.

Yaqin yillardan buyon Birlashgan Arab Amirliklari promoushenlarida o‘zbekistonlik K-1, professional muaytay va MMA jangchilarini ishtiroki ko‘payib bormoqda. Bunga bevosita sizlar sababchi bo‘lmoqdasizlarmi?

-  Hozir  bu erda jangovar sport turlariga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ko‘plab turnirlar tashkil qilinmoqda. Amirlikda nafaqat O‘zbekistondan kelib, balki asli o‘zbekistonlik sharoit taqozosi bilan mehmonxonada, turli tashkilotlarda ishlaydigan, biznes bilan shug‘ullanadiganlar, umuman olganda, uzoq yillardan buyon shu erda istiqomat qilib, faoliyat yuritayotganlar ham  mashg‘ulotlar olib borishadi. Ular  musobaqalarda yaxshi natija qayd etib, yurtimiz bayrog‘ini sarbaland qilib kelishmoqda. O‘zbekistonda yashayotgan mahoratli sportchilar va murabbiylarning ko‘pchiligi bilan ham yaxshi tanishmiz, shuning uchun ularni ham  turnirlarga taklif etamiz. Umuman olganda, qo‘limizdan kelgancha yordam berishga harakat qilamiz. Shuningdek, promouterlik ishlarini ham olib boramiz. Bilamizki, ko‘p promouterlar sportchilarga jang topib berib, gonorarning 20-30 foiziga ega chiqishadi. Ammo biz bu masalada doimo sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilamiz.

xasan

-   Bu erga tashrif buyuradigan sportchilarimizning takidlashicha, ularni kutib olish, mashg‘ulotlaridan tashkil etishdan tortib boshqa tashkiliy masalalarda ham barcha sharoitlarni yaratib  berar ekansizlar. Bu sizlarga moliyaviy qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

-  Qiyinchilik? Aksincha xursand bo‘lamiz. Bu erga kelayotgan ko‘plab sportchilarimiz ingliz tilini yaxshi bilmaydi. Shuning uchun bu boradagi masalalarni imkon qadar hal qilamiz.   Husan bilan birgalikda ularni kutib olib joylashtiramiz.  Biz uchun sportchilarimizning ko‘zidagi xursandchilikni ko‘rishning o‘zi kifoya. Imkon boricha ularga yordam berishga tayyormiz!

-  Dubayda “TKMMAFIT” deya nomlangan klubinglar bor ekan. Bu shaxsan o‘zinglarga tegishlimi yoki ijara asosida faoliyat yuritasizlarmi?

-  Bu zalda hamkorlikda ishlaymiz va hamisha bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Husan ikkimiz murabbiy sifatida faoliyat yuritamiz. Qolaversa, “Majlimov team” deya nomlangan promouterlik kompaniyamiz ham bor.

Bilamizki, Bobur, Jamshid Tagiev, Mavlud Tifiev, Shahriyor Jo‘raev  kabi juda ko‘p sportchilarimiz  Dubayda jang qilib kelmoqda. Yana qaysi o‘zbekistonlik ko‘zga ko‘ringan yakkakurash ustalarini bu erdagi jang kechalariga taklif qilish yoki jang tashkil qilib berish niyatidasizlar?

-   O‘zbekistonda mahoratli sportchilar juda ko‘p. Bilasizmi, agar ularni sanasak, 200 ga yaqin bunday jangchilarimiz bor. Nasib qilsa, barchasini asta-sekin katta turnirlarga olib chiqish niyatidamiz. Barcha imkoniyatlarimizdan foydalangan holda  maqsadlarimizni amalga  oshirishga harakat qilamiz.  O‘zbekistonni qaysi hududidan bo‘lmasin , biz ularga yordam berishga tayyormiz. Hamma viloyatlardan qo‘l ostimizda shug‘ullanayotganlar bor. Biz bitta O‘zbekistonmiz va har qanday turnirlarga ko‘proq vatandoshlarimizni olib chiqishga harakat qilamiz. O‘ylaymizki, biz tufayli katta-katta arenalarda jang qilayotganlar yurtimiz sharafini munosib himoya qiladi!

“UAE Warriors” promousheni bilan  aloqangiz juda yaxshi  ekan.  Uning qaysidir turnirini Toshkentda o‘tkazishning  imkoni bormi?

-  Bu MMA promousheni bo‘lib, nufuzi ham yuqori... Dana Uayt, Habib Nurmagomedov ham tashrif buyurdi. “UAE Warriors”da jang o‘tkazib, keyinchalik UFC bilan ko‘plab jangchilar shartnoma imzolamoqda. Hozircha faqat Abu-Dabi hamda Dubayda turnirlar tashkil qilmoqda. Ehtimol, vaqti kelib, O‘zbekistonda ham o‘z jang kechasini o‘tkazib qolar...

xusanboy

-  Siz bilan birga mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan o‘zbekistonlik sportchilar yaxshi natijalar qayd etmoqda. Aytingchi, ushbu hamyurtlarimizga mahalliy promouterlar va menejerlar qanchalik qiziqish bildirmoqda?

-    Aytish kerakki, barcha musobaqalarimizda  ko‘plab o‘zbekistonlik jangchilar ishtirok etdi. Ularning harakatlari barchaga yoqdi. Birinchi navbatda, ulardagi tartib va intizom ma’qul tushdi.  Bu  sportchilarimizning eng yaxshi hislatlaridan biridir. Hamisha o‘z vaqtida mashg‘ulotlarga kelishadi, vazn borasida ham muammolarni kuzatmaymiz. Albatta, bunday jangchilar har qanday promouterga yoqadi. Ba’zi sportchilar borki, ular  bu masalaga mas’uliyat bilan yondoshmaydi. Vaqtida mashg‘ulotlarda ishtirok etmaydi, vazn qila olmaydi. Quvonarlisi, yigitlarimiz  bu mavzuga professional tarzda yondoshadi. Xullas, ularga bo‘lgan qiziqish juda yuqori.

Ajoyib suhbat  va ma’lumotlar uchun tashakkur!

- Sizga ham katta rahmat.   Yurtimiz dovrug‘ini yanada yuksaklarga ko‘taruvchi shogirdlar tayyorlashga harakat qilamiz!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!