
EChL. “Bavariya”, “Atletiko” va “Inter” ishtirokidagi o‘yinlar prevyusi
Chempionlar Ligasi ilk turi ortda qoldi. Undagi uchrashuvlar bizga bir qancha kutilmagan natijalarni taqdim etdi. Ba’zi jamoalar darajasidan ancha past o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa, boshqalari o‘z bo‘yidan baland sakradi. Yana shunday klublar borki, ularning natijalari kutilgan, o‘yin natijasi oldindan qilingan taxminlarga deyarli mos keldi. Endi esa, 2-tur va bizni boshqa qiziqarli uchrashuvlar qarshi olmoqda. Demak, e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan ba’zi bellashuvlarga to‘xtalamiz. Eng avval, “Lokomotiv” – “Bavariya”.
“Lokomotiv”
Moskvaliklar birinchi turda ancha yaxshi harakat qildi. Pley-off yo‘llanmalaridan umid qilmayotgan ikki klub to‘qnashuvida Avstriyaning “Red Bull” jamoasi mehmoni bo‘lgan “temiryo‘lchilar” 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi . Demak, Evropa Ligasi chiptalari tikilgan 3-o‘rin uchun bahs qizg‘in kechishi shubhasiz. Faqat oldinda turgan uchrashuvda “Bavariya”ga munosib qarshilik ko‘rsatilishi lozim. Mehmonlar bu o‘yinga yaxshi kayfiyatda etib kela olmadi. RPL 12-turida “Rotor”dan uchralgan mag‘lubiyat Marko Nikolich shogirdlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, biroq Chempionlar Ligasi umuman boshqa turnir ekanligini esdan chiqarmaslik zarur. Ustiga ustak, “Bavariya” bilan o‘zaro o‘yinlarda moskvaliklar bugun hisobda oldinga o‘tib olishi mumkin. Har ikki jamoada 1 tadan g‘alaba bor.
Taxminiy tarkib: Gilerme, Jivoglyadov, Chorluka, Murilo, Rybus, Jemaletdinov, Kulikov, Krixovyak, Miranchuk, Lisakovich, Eder.
Marko Nikolich: “Taktikamiz haqida gapirmoqchi emasman. “Bavariya” hujumda o‘ta tezkor va standart vaziyatlarda xavfli. Ular maydon bo‘ylab uzun paslar beradi. Eng muhimi, biz Evropaning eng kuchli hujumchilaridan biri Levandovskini yaxshi qo‘riqlay olishimiz zarur. Biz g‘alaba haqida o‘ylaymiz. Ba’zida durang ham ajoyib natija bo‘lishi mumkin, ammo bizga 3 ochko kerak”.
“Bavariya”
“Bavariya”da doimgidek hammasi joyida! Klub o‘tgan yilgi kabi hujumkor o‘yin ko‘rsatishda davom etmoqda. Dastlabki turda “Atletiko”ga naq 4 ta gol urgan Flik shogirdlari yana nimalarga qodirligi barchaga qiziq. Ularni kim to‘xtata olishi esa, echimini kutayotgan eng katta savol. Tarkib optimal, jamoaviy kayfiyat a’lo darajada, natijalar havas qilgulik. Bu amaldagi Chempionlar Ligasi g‘oliblarining hozirgi holati. Hatto o‘tgan yilgi super porlashi bilan barchaning e’tiborini o‘ziga qaratgan Alfonso Devis jarohat olgan bo‘lsa-da, uning o‘rni bugungi “Bavariya” zaxirasidagi futbolchilar bilan bilinmasligi tayin. Biroq nemislarga moskvada hech qachon oson bo‘lmagan. Bugungi o‘yin esa, bir jamoaning katta ustunligi ostida kechmasligiga umid qilamiz.
Taxminiy tarkib: Noyer, Pavar, Zyule, Alaba, Ernandes, Kimmix, Tolisso, Koman, Myuller, Sane, Levandovski.
Xans-Diter Flik: “So‘nggi 3 o‘yin natijasidan juda xursand bo‘ldim. Albatta, Chempionlar Ligasi boshqacha turnir. O‘tgan yilgi natijamizni takrorlashga harakat qilamiz. Raqibimiz Rossiyaning eng kuchli jamoalaridan biri. Ular chempionatda kam gol o‘tkazib yuborgan va Smolov, Eder kabi yaxshi hujumchilari bor. Ularni yoddan chiqarishimiz mumkin emas”.
"Atletiko" - "Red Bull" Zaltsburg
Dastlabki o‘yinda “Bavariya”dan qaqshatgich mag‘lubiyat qabul qilib olgan “Atletiko” o‘ziga kelganligini isbotlash uchun ham bugungi uchrashuvda g‘alaba qozonishga majbur. Javobsiz 4 ta gol Simeone shogirdlari uchun juda og‘ir zarba bo‘lgani shubhasiz. Ammo o‘sha dahshatli tush ortda qoldi va madridliklarni nisbatan oson o‘yin kutmoqda. Mavsum avvalida “matraschilar” safini to‘ldirgan Luis Suares bu turnirda yana o‘zining kuchli o‘yinlarini ko‘rsatishi lozim. Bu borada unga yordam beruvchi sheriklari ham yaxshi darajada. Ammo, bugun Diego Kosta, Shime Vrsalko, Saul Niges, Karraskolarsiz o‘ynaydigan madridliklar biroz qiynalishi kutilmoqda. “Atletiko” guruhdagi vaziyatni yahshilash uchun oldinga borishga majbur. Yo‘qotishlari hisobga olsak, Felish, Lorente kabi iste’dodlar katta sahnaga chiqishiga to‘g‘ri keladi.
Taxminiy tarkib: Oblak, Tripper, Savich, Felipe, Lodi, Korrea, Lorente, Errera, Koke, Feliks, Suares.
Diego Simeone: “Red Bull” aniq reja asosida harakat qiladi. Ularda hamjihatlik bor. Shuning uchun, hujumlari ham tezkor va maydon bo‘ylab tez harakat qilishadi. Biz o‘zimizning o‘yin uslubimiz orqali ularning rejalari buzishga harakat qilamiz”.
“Red Bull” Zaltsburg
“Red Bull”ning kayfiyati “Atletiko”dan farqli o‘laroq, ancha yaxshi. Ular Avstriya chempionatida birorta o‘yinda ochko yo‘qotmadi, Chempionlar Ligasini qiyin bahsdagi durang bilan boshladi. Hujumkor futbol tarafdori bo‘lgan Jessi Marsh bugun pragmatik Diego Simeonega nimalar taklif qila olishi barchaga birdek qiziq. Boz ustiga, g‘alaba qozongan tomon o‘zaro o‘yinlarda hisobni ochishi mumkin. Ya’ni, Madridda ushbu klublar o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv guvohiga aylanamiz.
Taxminiy tarkib: Stankovich, Ulmer, Veber, Ramalo, Kristensen, Soboslay, Yunuzovich, Kamara, Mvepu, Berisha, Daka.
Jessi Marsh: “Maqsadimiz raqibdan ochko olish. Bizni juda kuchli raqib kutib turganligini bilamiz. Maydonda o‘zimizga bo‘lgan ishonch va kuchimizni ko‘rsatishimiz zarur. Dastlabki o‘yinda yirik hisobda mag‘lub bo‘lgan “Atletiko” doimgidan-da xavfliroq. Ammo raqibdan qo‘rqib o‘ynamaymiz. Shundagina bizda ular bilan teng o‘yin ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi”.
"Shaxtyor" - "Inter"
“Shaxtyor” birinchi turda nimalar qilganligini hamma ko‘rdi. Ular bu turnirda shunchaki ishtirok etmoqchi emas. Asosiy tarkib futbolchilarisiz ham “Real”ni mag‘lub etgan donetskliklarning kayfiyati a’lo darajada. To‘g‘ri, Madridda kechgan o‘yinda Zidan shogirdlari o‘ziga o‘xshamadi. Biroq baribir bu “Real” va amalda “konchilar” “qirollik klubi”ni mag‘lub etdi. Bu safargi raqib esa, mutlaqo boshqa. Antonio Konte 3 ta markaziy himoyachi bilan harakat qiladi va bu raqib jamoa hujumchilariga katta qiyinchilik tug‘diradi. Har ikki klub safida ham koronavirus yuqtirib olgan futbolchilar bor. Biroq bugungi o‘yinda mezbonlarning bir necha asosiy futbolchilar ishtirok etishi mumkinligi aytilmoqda. Tayson, Junior Moraes kabi o‘yinchilar yordami bilan “Shaxtyor” o‘tgan yilgi yirik hisobdagi mag‘lubiyat uchun revansh olishi mumkin.
Taxminiy tarkib: Pyatov, Dodo, Xocholava, Matvienko, Kornienko, Markos Antonio, Marlos, Maykon, Tete, Dentino, Solomon
Luish Kashtru: “Futbolda barchasi juda tez o‘zgarishi mumkin. Avgustda ularga yutqazgan edik. Ammo ertaga butkul boshqacha o‘yin bo‘ladi. Men ko‘p narsalarni o‘rganishga va ularni amaliyotda qo‘llashga harakat qilaman. Aminmanki, yosh futbolchilarimiz o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatib, uchrashuv taqdiriga ijobiy ta’sir o‘tkaza oladi. Biz birlasha olganimizda katta kuchga aylanamiz”.
“Inter”
“Neradzurri”lar hamon o‘z o‘yinini topa olmayapti. A Seriyada 4-o‘rinni egallab turgan Konte shogirdlari bu o‘yin oldidan “Jenoa”ni mag‘lub etdi. Biroq Milan derbisida alamli mag‘lubiyatga uchradi. Chempionlar Ligasida “Borussiya”dan arang 1 ochko olishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoada Romelu Lukakuning tutgan roli ancha ortib bormoqda. Mabodo, belgiyalik forvard jarohat oladigan bo‘lsa, milanliklar og‘ir ahvolga tushib qolishi hech gap emas. “Shaxtyor”ga qarshi bellashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, ruhiy ustunlik “Inter”da. Sababi, ular so‘nggi uchrashuvda raqiblarini tor-mor keltirgan. O‘tgan mavsus Evropa Ligasi yarim finalida ushbu jamoalarning yo‘llari kesishgan va yakunda Konte shogirdlari 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqqandi. Ushbu natija “neradzurri”larga ishonch bersa, “Shaxtyor”ga revansh kayfiyatini taqdim etadi. Bizga esa, qiziqarli uchrashuvni kafolatlaydi.
Taxminiy tarkib: Xandanovich, Dambrozio, De Vrey, Bastoni, Xakimi, Barella, Brozovich, Vidal, Darmian, Lukaku, Martines.
Antonio Konte: “Evropa Ligasi yarim finali bilan ertangi bahsni taqqoslab bo‘lmaydi. Avgustda bizning himoya va hujumimizda muammo yo‘q edi. Hozir esa, biroz ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majburmiz. Raqibimiz tarkibida braziliyalik futbolchilar ko‘p va tabiiyki, ularning o‘yini tezkor va texnikaga asoslangan. “Shaxtyor” Madridda tasodifan g‘alaba qozondi, deya olmayman. Shu sababli, yaxshi o‘yin ko‘rsatishga majburmiz”.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar