
Husanov xayrlashib qol, Xolandni olib ketadigan klub topildi
“Manchester Siti”ning eng zo‘r to‘purari Erling Xoland o‘tgan yili klub bilan amaldagi shartnomasini o‘n yilga uzaytirgan edi. Angliya Premer-ligasida eng katta maosh olayotgan forvard kelishuvga ko‘ra, 2034 yilning 30 iyuniga Manchesterda qolishi kerak.
Ammo ekspertlarning ta’kidlashicha, norvegiyalik yulduzning shartnomasini boshqa klublarga o‘tish imkonini beruvchi bandlar bor.
Shu bois, 25 yoshli forvard Ispaniya chempionati grandlari – “Real” va “Barselona” nishonida turibdi. “Real” rahbariyati Kilian Mbappeni qo‘lga kiritib, to‘purar hujumchi masalasini hal qilgan. “Barselona” uchun ko‘p gol ura oladigan o‘yinchi topish dolzarb masala.
Chunki so‘nggi uch mavsumda bu vazifani bajarib kelayotgan 37 yoshli Robert Levandovskining yoshi o‘tib qolmoqda.
El Nacional nashrining ma’lum qilishicha, “Barselona” prezidenti Joan Laporta jamoasiga mega yulduz olib kelmoqchi. Klub xo‘jayini Erling Xoland kataloniyaliklar uchun to‘p tepishini istayapti.
Garchi Xolandning transferi o‘ta qimmat tursa-da, bu Laportani cho‘chitayotgani yo‘q. U agar “Manchester Siti” joriy mavsum ham o‘tgan galgidek beqaror natijalar qayd etsa, Erling Xolandni olish imkoniyati oshishiga ishonmoqda.
Klub sport direktori Deku asosiy to‘purar pozitsiyasiga “Atletiko”dan Xulian Alvaresni olib kelmoqchi. Argentinalik yulduz ilgari Xoland bilan raqobat qila olmagani uchun “Manchester Siti”ni tark etib, Madridga kelgandi. Joan Laporta Deku taqdim qilgan variantni ma’qullamadi va xarajat qiladigan bo‘lsa, aynan Xolandni olib kelish kerakligini uqtirmoqda.
“Manchester Yunayted” Husanovga qarshi o‘ynagan futbolchini sotib yuboradi
Mavsumni bo‘sh o‘tkazayotgan “Manchester Yunayted” tarkibda o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmoqda. Xususan, klub qimmatbaho o‘yinchilardan biri Manuel Ugarteni sotib yubormoqchi.
24 yoshli urugvaylik tayanch yarim himoyachiga Italiyaning A Seriyasining bir necha klublaridan jiddiy qiziqishlar bo‘lyapti. Bu haqda taniqli insayder Fabritsio Romano xabar berdi.
Manchesterliklar uni qo‘yib yuborishga qarshi emas. Biroq bu transfer uchun kamida 60 million evro talab qilishmoqda. “Yunayted” bu futbolchini 2024 yilning yozida PSJdan 50 million evroga transfer qilgan edi.
Manuel Ugarte APLning to‘rtinchi turida “Manchester Siti”ga qarshi 80 daqiqa o‘ynab, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarishni uddalay olmadi.
Aslida Urugvayning “Feniks” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Ugarte Evropaga 2021 yili olib kelingan. Shundan keyin u Portugaliya chempionatida “Famalikan” va “Sporting”, Frantsiyada “Pari Sen-Jermen” klublari sharafini himoya qilgan. Manchesterliklar bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning yarmigacha davom etadi.
Foden eng zo‘r o‘yinchi bo‘lmoqchi
“Manchester Siti” yarim himoyachisi Fil Foden “Manchester Yunayted”ga qarshi yuqori saviyada o‘yin ko‘rsatganidan keyin unning APLda yil o‘yinchisi bo‘lishiga sabab bo‘lgan darajaga chiqmoqchi ekanini ta’kidladi.
Ma’lumki, “shaharliklar” hujumkor futbolchisi 2023-2024 yilgi mavsumda Premer liganing eng zo‘r o‘yinchisi, deb e’tirof etilgandi. O‘tgan mavsum esa, Fodenning o‘yinida keskin pasayish kuzatildi.
- Mening sport formam haqida gap-so‘zlar bo‘ldi. Buni ko‘rmaslikning iloji yo‘q. Hozirgi paytda o‘zimga nisbatan faqat salbiy munosabatni ko‘ryapman. Biz yashayotgan olam shunaqa.
Sen mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lganingda, zimmangga yuklanadigan standartlar ham oshib ketadi. Men buni to‘g‘ri tushunaman.
Salbiy izohlarni o‘qiganimda ularga javoban yana o‘zimning eng yuqori darajamga chiqishim muhimligini his qilaman, - dedi Fil Foden.
Fikrlar