
EChL. "Real" - "Milan", "Liverpul" - "Bayer": Bugungi o‘yinlar muxlislarni zeriktirmaydi
Bugundan boshlab UEFA Chempionlar ligasining 4-tur uchrashuvlari start oladi. Muhim uchrashuvlar ro‘yxati va ularning bu mavsumda qayd etgan raqamlari bilan tanishing.
Bugun PSV va "Jirona" klublari o‘rtasidagi to‘qnashuv 4-turni ochib beradi. Niderlandiya jamoasi bu mavsum hali g‘alaba qozona olmadi - 2 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat. "Jirona" esa dastlabki turlarda PSJ va "Feyenoord"ga qarshi mag‘lubiyatlardan so‘ng so‘nggi turda "Bratislava" ustidan irodali g‘alaba erishdi. PSV hozirda 2 ochko to‘plab, umumiy turnir jadvalining 28-o‘rinida ketmoqda. "Jirona" esa yagona g‘alaba orqali 3 ochko jamg‘ardi va 24-o‘rinni egalladi.
2-turda Madridning "Real" klubi ustidan irodali g‘alabaga erishgan "Lill" bu safar Turinning "Yuventus" klubi bilan kuch sinashadi. Motta boshchiligidagi turinliklar PSV va "Leyptsig"ga qarshi bahslarda g‘alabalardan so‘ng so‘nggi turda Germaniyaning "Shtuttgart" klubiga kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi (1:0). "Lill" esa 1-turda "Sporting"ga qarshi alamli mag‘lubiyatdan so‘ng keyingi 2 uchrashuvda Madridning "Real" va "Atletiko"sini mag‘lub etdi. Shuning uchun ikki klubda ham 6 ochkodan mavjud bo‘lib, hozirda 14 va 15 o‘rinlarni band qilishmoqda.
"Manchester Yunayted"ning yangi bosh murabbiyi bo‘lgan Amorim boshchiligidagi "Sporting" bu turda Pep Gvardiolaning "Manchester Citi"siga qarshi maydonga tushadi. Ikki jamoa ham 3 ta turdan so‘ng 2 ta g‘alaba va 1 ta durangga erishib, 7 ochkodan jamg‘arishdi. "Citi" dastlabki turda "Inter" bilan durang qayd etgandan so‘ng navbatdagi uchrashuvda "Bratislava" va "Sparta Praga" ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. Portugaliya klubi esa 2-turda PSV bilan to‘qnashuvda jangovar durangga imzo chekkan (1:1). Turnir jadvalida ingliz klubi to‘plar nisbati bo‘yicha yuqoriroq o‘rinda turibdi.
Bu turda bir nechta qiziqarli uchrashuvlar bor. Bulardan biri "Liverpul" va "Bayer" to‘qnashuvi. O‘tgan mavsumni super tarzda o‘tkazgan Xabi shogirdlari bu turda Slot boschiligidagi "Liverpul"ga qarshi bahs olib boradi. APL jamoasi "Milan", "Bolonya" va "Leyptsig" klublari ustidan g‘alaba qozonib, 100 foizlik natija qayd etmoqda. "Bayer" esa "Feyenoord", "Milan" bilan bahslarda muvaffaqiyatga erishib, so‘nggi turda "Brest" bilan durang qayd etdi. Mersisaydliklar 9 ochko to‘plab, faqatgina to‘plar nisbati bo‘yicha "Aston Villa"dan ortda qolmoqda. "Bayer" esa 7 ochko to‘plab turnir jadvalining 6-pog‘onasida ketmoqda.
Turning markaziy uchrashuvi esa Ispaniyadagi "Santyago Bernabeu" stadionida bo‘lib o‘tadi. Bunda "Real Madrid" o‘z uyida "Milan"ni qabul qiladi. Madridliklar 1-turda "Shtuttgart" ustidan g‘alabaga erishib, keyingi turda "Lill"ga alamli mag‘lubiyatga uchradi. So‘nggi turda esa Dortmundning "Borussiya"si bilan to‘qnashuvda super kambek amalga oshirib yirik hisobda raqibini engdi. "Milan" esa "Liverpul" va "Bayer"ga qarshi bahslarda mag‘lub bo‘lib, so‘nggi turda "Bryugge" ustidan g‘alaba qozondi. "Qaymoqranglilar" hisobida 6 ochko mavjud bo‘lib, turnir jadvalining 12 o‘rinida ketayotgan bo‘lsa, milanliklar yagona g‘alaba tufayli 3 ochko jamg‘ardi va 25-o‘rinni band qildi.
Eslatib o‘tamiz, turnir jadvalining 1-o‘rnidan 8-pog‘onasigacha bo‘lgan klublar to‘g‘ridan to‘g‘ri pley-off bosqichiga yo‘l olishadi. 9-o‘rindan 24-o‘rinlardagi jamoalar esa saralash orqali 8 tasi keyingi bosqichga chiqadi.
Fikrlar