"El-klasiko"lar haqida siz bilgan va bilmagan ma’lumotlar

  • 23 oktabr, 2020, 17:35
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

24 oktyabr kuni biz uzoq kutgan bellashuv - "el-klasiko" bo‘lib o‘tadi. Ushbu o‘yin oldidan ba’zi qiziqarli faktlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

-"Real" ustozi Zinedin Zidan hali biror marta "Kamp Nou"da yutqazmagan. 2016 yil yanvar oyidan beri "Qirollik klubi"ni boshqarib kelayotgan frantsiyalik mutaxassis bu vaqt mobaynida Kataloniyada jami 5 ta o‘yin o‘tkazgan va shularning 3 tasida durang o‘ynagan. Qiziqarlisi, "ko‘k-anorranglilar" maydonida o‘tgan ilk "klasiko"da Zidan 2:1 hisobida zafar quchib, raqibining 39 ta o‘yinlik mag‘lubiyatsiz seriyasi yakunlanishiga sababchi bo‘lgan. Yana bir g‘alaba Ispaniya superkubogi doirasidagi 3:1 hisobida tugagan o‘yinda qo‘lga kiritilgandi.

-"Blaugranas" etakchisi Leo Messi "Real"ga qarshi kechgan so‘nggi 6 o‘yinda gol ura olmadi. Oxirgi bor argentinalik yulduz 2018 yil 6 may kuni "Kamp Nou"da bo‘lib o‘tgan uchrashuvda to‘p kiritgan edi. E’tiborlisi, "Real"ning sobiq futbolchisi, Messining personal raqobatchisi Krishtianu Ronaldu ham aynan o‘sha kuni "el-klasiko"lardagi so‘nggi golini urgan edi.

-Har ikki jamoa sardorlari o‘rtasida "klasiko"larda maydonga tushish borasida jiddiy raqobat ketmoqda. Ramos 44 ta, Messi esa 43 o‘yin bilan eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxatini boshqarib bormoqda. Ularning ikkalasi ham oldindagi uchrashuv uchun qaydnomaga kiritilganligini hisobga olsak, raqamlar soni ortishi aniq.

-Ushbu bellashuvlar to‘purari "ko‘k-anorranglilar" etakchisi Lionel Messi hisoblanadi. Uning hisobida "Real" darvozasiga kiritilgan turli musobaqalardagi 26 ta gol bor. "Qaymoqranglilar" safida esa, faoliyatini shu klub tarkibida davom ettirayotganlar orasidan Karim Benzema 9 ta aniq zarba bilan eng ko‘p gol urgan futbolchi hisoblanadi.

-"Barselona" va "Real" umumiy hisobda 244 ta rasmiy o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, ularda har ikki jamoa 96 tadan g‘alabaga erishgan, 52 ta uchrashuvda murosa ko‘chasi tanlangan. To‘plar nisbati kichik ustunlik bilan "Qirollik klubi" tomonida: 405:399. Demak, qaysidir jamoada hisobdagi farqni o‘z tarafiga og‘dirish uchun yaxshi imkoniyat bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!