
"Eldor eng mashhur futbolchimiz bo‘lsa ham eng xokisor yigitimiz"
Kecha Italiya A seriyasida “Roma” safarda “Sampdoriya” mehmoni bo‘lib, Genrix Mxitaryanning yagona goli evaziga o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Biz uchun yana bir muhim jihati – bu Eldor Shomurodovning maydonga tushishi edi. Anchadan beri zaxirada qoldirilayotgan hujumchimizga Mourino bu safar oxirgi 10 daqiqa uchun imkoniyat bergan holda maydonga tushirdi. Bu kam, albatta. Ammo shunday holatlarga allaqachon ko‘nikib bo‘ldik.
Ha, Shomurodov “Roma”da asosiy tarkibdan joy ololmadi. Bunga birinchi sabab sifatida bosh murabbiy ko‘rsatilyapti. O‘ynashni va jamoasiga yordam berishni juda istayotgan hujumchimiz uchun Jozening bunday munosabati yoqmayotganiga ishonamiz. Yaqinda Toshkentga kelganida ham futbolchimiz zaxirada o‘tirish yoqmayotganini, murabbiy bilan munosabati oldingidek emasligini tan oldi. Uning bu gapidan ayrim xulosalarga kelish mumkin. Buning ustiga Italiya nashrlari Eldorning o‘sha so‘zlarini boshqacha talqin qilgani va buning ortidan Shomurodov o‘zining instagramdagi sahifasida so‘zlari noto‘g‘ri talqin qilinganini yozib chiqqanini ham bilasiz.
Bilasizmi, o‘zbekistonlik futbolchining “Roma”dagi vaziyatini diqqat bilan kuzatib borayotgan klublar bor. Ayniqsa, nemis klublari – “Xoffenxaym”, “RB Leyptsig” va “Frayburg” klublari tomonidan hujumchiga qiziqish bo‘layotganini saytimiz orqali ham o‘qigan bo‘lishingiz mumkin. Lekin ishoning, bu hali hammas emas. Eldorga yana Top-beshlik chempionatining boshqa vakillaridan ham takliflar bo‘ladi.
Hamyurtimiz “Roma”dagi hozirgi holatidan tabiiyki qoniqmayapti. Shu bois ko‘pchilik tomonidan uning Rimdagi faoliyati bo‘yicha fikrlar va mulohazalar bildirilyapti. Tabiiyki, o‘z o‘rnida biz ham legionerimizning u erdagi faoliyatidan qayg‘uryapmiz. U ketgani yaxshimi? Agar ketsa, qaerga ketishi kerak? Bizningcha, bu masala bo‘yicha allaqachon futbolchining vakillari har ehtimolga qarshi turli variantlarni ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa ham ajab emas.
Yaqinda taniqli sharhlovchimiz Xayrulla Hamidov Sports.uz saytiga terma jamoamizga doir fikrlarini bildirgandi va o‘shanda Shomurodov xususida ham alohida to‘xtalib o‘tgandi.
“Eldorni “Roma”ga noloyiq demayman. Bu erda gap Mourinoda. Har doimgidek agressiv hujumchilarga ro‘yxo‘shlik bildiryapti. Oldin ham shunaqa edi. Baribir Eldorni tabiati yumshoq. Eng mashhur yulduzimiz bo‘lsa ham eng xokisor yigitimiz. Boshqa futbolchi uning o‘rnida osmonlarga chiqib ketardi. Balki hujum chizig‘ida o‘ynaydigan shunaqa tabiatli hujumchilarni Joze unchalik xushlamas. Gyanni maydonga tushiryapti. Uni ko‘p xatolari bor, ammo afrikalik hujumchini tashnaligi, motivatsiyasi bor. Bitta krossovka berib qo‘ysa ham zo‘r o‘ynab qo‘yishi mumkin. Mourino Shomurodovning ko‘zida balki o‘t ko‘rmayotgandir. Yoki uning o‘zi “Roma”ga kelganim etarli deb o‘ylayotgandir.
Oldin Shomurodovni Mourga juda mos tushadi deb o‘ylardim. Ammo oxirgi paytlarda tushirmayotganidan va hatto maydonga tushirishi kerak bo‘lgan paytlarda ham zaxirada qoldirganidan kelib chiqadigan bo‘lsak, agressiv hujumchilarga e’tibor qaratmaydigan “Sevilya”ga o‘xshagan jamoalarga, sxemasiga ega bo‘lgan klubga o‘tishi ma’qulmikin, deb o‘ylab qoldim. Gap “Roma” darajasiga etmaganida emas. Boshida o‘ynadi, gollar ham urdi. Boshqa futbolchilardan qolishmaydi. Bu erda gap Mourinoda deb o‘ylayman. Jangga bitta quroli bilan chiqadi. U ishlasa ishladi, ishlamasa ishlamadi. Shuning uchun jamoasi pastki o‘rinlarda yuribdi”, - deya fikr bildirdi, taniqli sharhlovchi.
Fikrlar