Emеri nеga hеch kim «Rеal» va «Barsеlona»ga raqobat qila olmasligini tushuntirdi
«Aston Villa» bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Unai Emeri Ispaniya chempionatidagi moliyaviy tengsizlik va uning oqibatlari haqida fikr bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, La Ligada «Real» va «Barselona» bilan qolgan jamoalar oʻrtasidagi farq yil sayin oshib bormoqda va bu holat amaldagi moliyaviy nazorat qoidalari orqali qonuniylashtirilgan.
— Tengsizlik ortib bormoqda, chunki moliyaviy feyr-pley tizimining oʻzi bunga yoʻl qoʻyadi. «Real» va «Barselona» milliardlab daromad olish imkoniyatiga ega. «Atletiko»da 500–600 million atrofida, qolgan jamoalarda esa 150, 100 million yoki undan ham kam… Farq juda katta, — deya Emerining soʻzlarini keltiradi Diario de Sevilla.
Hozirgi mavsumda yetti turdan soʻng «Barselona» 21 ochko jamgʻarib, La Ligada peshqadamlik qilmoqda. «Real» esa 15 ochko bilan turnir jadvalida toʻrtinchi oʻrinni egallab turibdi.
Qayd etish joizki, soʻnggi 20 yil ichida Ispaniya chempionatida faqat ikki martagina gʻoliblik «Real» va «Barselona»dan boshqa jamoaga nasib etgan — har ikki holatda ham chempionlikni «Atletiko» qoʻlga kiritgan.

Fikrlar