Engilmas Uaylder mart oyida chempionlik kamarini himoya qiladi
Butun jahon boks uyushmasi (WBC) chempionlik kamari sohibi amerikalik Deontey Uaylder o‘zining navbatdagi jangini kubilik Luis Ortisga qarshi 3 mart kuni o‘tkazadi. Jang Nyu-Yorkda tashkil qilinadi, deya xabar beradi Worldboxingnews portali.
“Barclays Center” arenasida o‘tadigan ushbu jang 32 yoshli Uaylder uchun sakkizinchi himoya jangi bo‘ladi. Chiptalar 16 yanvardan sotuvga chiqariladi.
O‘tgan yil 29 sentyabr kuni Ortis Uaylder bilan jang oldidan doping-nazoratidan o‘ta olmagan. Keyinroq uning jangi bekor qilindi. Uaylder esa 4 noyabr kuni WBC sobiq chempioni kanadalik Bermeyn Stivern kuch sinashib, birinchi raunddayoq nokautga erishdi.
Uaylder 2008 yilgi Olimpiada chempioni hisoblanadi. U professional ringda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda – 39 g‘alaba (38 nokaut). Ortis hisobida 28 g‘alaba (24 nokaut) mavjud.

Fikrlar