
Erkin kurashchilarimiz Turkiyada 1 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi
Turkiyaning Istanbul shahri mezbonligida o‘tayotgan yilning dastlabki reyting turnirida erkin kurashchilarimiz sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.
Jumladan, Tokio Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov vaznini 12 kilogrammga ko‘tarib, 86 kg vazn toifasidagi ilk xalqaro musobaqasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. Abdurahmonov bronza medali uchun kechgan bellashuvda frantsiyalik Ahmed Aybuevni qiyinchilik bilan mag‘lub etdi.
Tokio Olimpiadasi ishtirokchisi G‘ulomjon Abdullaev ham o‘zi uchun yangi vaznda ilk xalqaro musobaqasidayoq kumush medal sohibiga aylandi. U murosasiz o‘tgan final bahsida Tokio olimpiya o‘yinlarining kumush medali sovrindori, hindistonlik Ravi Kumarga bir ochko farqi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ydi - 10:11.
O‘zi uchun yangi 65 kg vaznda imkoniyatini sinab ko‘rgan iste’dodli erkin kurashchimiz, o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Umidjon Jalolov mo‘g‘ulistonlik Tulga Tumur Ochirni 5:4 hisobida engib, Istanbul reyting turnirining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shu tariqa, erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Turkiyadagi yilning dastlabki reyting turnirini 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yakunladi. Musobaqaning dastlabki kuni yunon-rum kurashchilarimiz 3 ta oltin, 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritishgan edi.
O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati
Fikrlar